20:33 / 04.08.2020
3 149

Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi vaksinani xarid qilish masalasini o‘rganishga bir hafta muddat berdi

Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi vaksinani xarid qilish masalasini o‘rganishga bir hafta muddat berdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Ayni daqiqalarda Prezident Shavkat Mirziyoyev navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda. Tadbirda bugun O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus pandemiyasini jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar chuqur tahlil qilinmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jumladan, oxirgi paytda dunyoda COVID-19 infeksiyasining tarqalishi keskin tezlashib, jami kasallar soni 19 millionga yaqinlashgani, qurbonlar ham ko‘paygani afsus bilan ta’kidlandi. Vaziyat g‘oyat jiddiyligini 31 iyulda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti pandemiya bilan bog‘liq xalqaro favqulodda holatni yana 3 oyga uzaytirgani ham ko‘rsatib turibdi.

O‘zbekiston oxirgi bir haftada 5 mingdan ortiq yangi kasal aniqlanib, jami virus yuqtirganlar soni 27 mingtaga yaqinlashdi. Eng yomoni, koronavirusga qo‘shimcha tarzda, asorati og‘irroq bo‘lgan pnevmoniya holatlari ham ko‘paymoqda.

«Ushbu holatni inobatga olib, yurtimizda qo‘shimcha choralar ko‘rildi. Jumladan, oxirgi 20 kunda koronavirusni davolash o‘rinlari 3,5 barobarga ko‘paytirildi va qariyb 65 mingtaga yetkazildi. Joylarga qo‘shimcha ravishda qariyb 800 ta tez tibbiy yordam mashinalari yetkazib berildi. Qo‘shimcha 4 mingta nafas berish uskunalari (O‘SV, portativ sun’iy nafas berish apparati, kislorod konsentratori) olib kelinib, ularning soni 6,5 mingtaga yetdi», — deyiladi xabarda.

«Aholi o‘rtasida virus tarqalishining oldini olish va bemorlarni davolash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlarni yanada kuchaytirgan holda davom ettirishimiz zarur», – dedi Prezident.

Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi, hokimlar va sektorlar rahbarlari koronavirus va pnevmoniyani davolash bo‘yicha har tomonlama tayyor bo‘lishi, har bir bemorga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilishi, ularning holatidan kelib chiqib shifoxonaga yotqizilishi va davolanishi uchun shaxsan javobgar bo‘lishi qayd etildi.

Joylardagi birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi ishini yanada jonlantirish kerakligi ta’kidlandi.
Misol uchun, Toshkentda «oilaviy poliklinika – mobil brigadalar – maxsus poliklinikalar – «103» tez yordam xizmati» tizimining uzviy ishlashini ta’minlash hisobiga bir haftada sog‘ayganlar ulushini 45 foizdan 58 foizga oshirishga erishildi.

Shu munosabat bilan bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevga hokimliklar va sektor rahbarlari bilan birga bir hafta muddatda «Toshkent shahri tajribasi» negizida hududlarda simptomsiz bemorlarni o‘z uyida mobil tibbiy guruhlar yordamida ularning ko‘mak va tavsiyalari asosida davolash tizimining joriy etilishini yakunlash vazifasi yuklatildi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, hududlarda COVID-19ga chalinganlarni qabul qilish va saralash bo‘yicha markazlarni tashkil etgan holda kichik shifoxonalarni o‘z profiliga muvofiq boshqa turdagi va surunkali kasallarni davolashga qaytarish lozimligini aytdi.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari hududlarga Toshkentdan biriktirilgan ixtisoslashtirilgan markazlar va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishini yanada samarali tashkil etishlariga har tomonlama ko‘maklashishlari kerak», – dedi davlat rahbari.

«Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, har bir og‘ir bemorni davolash taktikasi bo‘yicha yurtimiz va xorijdagi malakali mutaxassislar bilan videoaloqa orqali maslahat berish tizimini muntazam ravishda unumli ishlatish maqsadga muvofiq.

Ma’lumki, bugun qator mamlakatlar sog‘liqni saqlash va farmatsevtika tizimlarida koronavirus davosini topish yo‘lida tinimsiz izlanishlar olib borilmoqda. Misol uchun, Xitoy, Hindiston, Buyuk Britaniya, Rossiya farmatsevtika kompaniyalari yaqin vaqt ichida vaksina ishlab chiqarishni boshlashi haqida xabar qilinyapti
», — deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevga bir hafta muddatda yetakchi olimlar va tajribali shifokorlar bilan maslahatlashgan holda vaksinani xarid qilish va O‘zbekiston aholisi vaksinatsiyasini amalga oshirish yo‘llarini puxta o‘rganib chiqish topshirig‘i berildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi vaksinani xarid qilish masalasini o‘rganishga bir hafta muddat berdi