22:30 / 17.09.2020
2 253

O‘zbekiston 1 oktabrdan chegaralarini ochadi

O‘zbekiston 1 oktabrdan chegaralarini ochadi
2020 yil 1 oktabrdan O‘zbekistonga aviatsiya, temir yo‘l va avtoyo‘l o‘tkazish punktlari orqali kirib-chiqishga taqiq bekor qilinadi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi axborotida ma’lum qilindi.

Qarorda karantin tadbirlarini bosqichma-bosqich yumshatish, xususan, xalqaro qatnovlarni tiklash orqali aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoit yaratish muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etilgan.

«Respublika aeroportlarida, temir yo‘l stansiyalarida va chegara punktlarida shaxslar va transport vositalarini harakatlanishi bo‘yicha bundan oldin kiritilgan cheklovlar yumshatilib, 2020 yil 1 oktabrdan mavjud karantin va sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda O‘zbekiston Respublikasiga aviatsiya, temir yo‘l va avtoyo‘l o‘tkazish punktlari orqali kirib-chiqishga ruxsat berildi», deyiladi taqdim etilgan ma’lumotda.

Maxsus komissiyaning 2020 yil 31 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan Koronavirus pandemiyasi davrida muntazam xalqaro aviaqatnovlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida vaqtinchalik yo‘riqnoma talablari barcha turdagi xalqaro aviaqatnovlarga va xalqaro temir yo‘l qatnovlarini amalga oshirish holatlariga ham tegishliligi bo‘yicha tatbiq etilishi belgilangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)