23:29 / 15.10.2020
5 487

Buxoroda 7 yoshli qizaloqni qiynoqqa solib, uning qo‘li va yuzlarini kuydirgan er-xotinga sud hukmi o‘qildi

Buxoroda 7 yoshli qizaloqni qiynoqqa solib, uning qo‘li va yuzlarini kuydirgan er-xotinga sud hukmi o‘qildi
Buxoro shahrida yashovchi enagalar 7 yoshli qizaloq va uning 1 yoshli singlisiga qaragani uchun ularning onasidan o‘z vaqtida xizmat haqi ololmaydi. Shu sabab er-xotin enagalar 7 yoshli qizga doimiy ravishda zo‘ravonlik qilib, uni qiynoqqa solib kelgan. Bu haqda «Daryo»ga jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi raisi Akbar Jabborov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Buxoro shahrida yashovchi Marat (barcha ismlar o‘zgartirilgan) turmush o‘rtog‘i Barno bilan birga 7 yoshli Shahnoza va uning 1 yoshli singlisi Komilaga enagalik qila boshlaydi. Biroq bolalarning onasidan kelishilgan miqdordagi xizmat haqini o‘z vaqtida ololmagani uchun 7 yoshli Shahnozani qasddan qiynoqqa solib kelgan.

Voqeaga aniqlik kiritilishicha, 2019 yilning sentabr oyida Nazira Rossiyaga ishlash maqsadida ketish uchun voyaga yetmagan 7 va 1 yoshli qizlarini dugonasi Barnoning qaramog‘iga qoldirib, evaziga unga har oyda 200 dollar to‘lashini ma’lum qilgan. Turmush o‘rtog‘i Marat bilan ijarada yashab kelayotgan Barno ushbu kelishuvga rozi bo‘lib, dugonasining bolalariga enagalik qila boshlagan.

Tayinli ishi bo‘lmagan Marat va Barno oradan bir necha oy vaqt o‘tgach, voyaga yetmagan bolalarning onasi kelishilgan pulni yetkazavermagach, bolalarni ura boshlagan. Keyinchalik bu urish, tepkilash va kamsitishlar odatiy holga aylangan.

«Er-xotin enagalar shu qadar insoniylik qiyofasini yo‘qotganki, bolalarni Buxoro shahridagi hovlilarning biriga olib borib, 7 yoshli qizaloqqa tazyiq o‘tkazgan. Uni jismoniy qiynoqqa solib, qizning yuzi, qo‘llari va badanining boshqa qismlariga qattiq jismlar bilan ayamasdan urgan. Oshxonadagi gazga qoshiq va kapgirni qizdirib, qizaloqning yuzi, qo‘llari va badaniga yopishtirgan. Og‘riqdan baqirgan qizni yomon so‘zlar bilan haqoratlab, uning og‘zini latta bilan bog‘lagan va qiynoqqa solishda davom etgan», — deydi Akbar Jabborov.

Sudda ta’kidlanishicha, enaga Barno jinoiy harakatlarini davom ettirib, sovuq havoda qizaloqni hovli o‘rtasidagi daraxtga bog‘lab qo‘yadigan odat chiqargan. Bu ham yetmagandek, uning ustidan sovuq suv to‘kib, tomosha qilgan. Qizaloq azoblarga chidolmay, baqirib yig‘lagan paytda olovda qizdirilgan choynak bilan uning bilaklarini, jag‘ sohasi, iyagi va qulog‘i atroflarini kuydirgan.

Marat turmush o‘rtog‘ini to‘xtatish o‘rniga, unga qo‘shilib qizaloqning yuz qismiga mushti bilan urgan. Oshxona pichog‘i bilan uning qorin sohasini kesib, tan jarohati yetkazgan. Birinchi yordam ko‘rsatmagani yetmagandek, uni davolatish chorasini ham ko‘rmagan. Jarohat o‘z holicha chandiq yara bo‘lib bitgan.

Qiynoq va jismoniy azoblarga solingan, to‘yib ovqatlanmagan qizaloqning tinkasi qurigan. Er-xotin shunga qaramasdan, qizaloqni onasi yashaydigan uyga olib kelib, ko‘p qavatli uyning zinapoyasidan itarib yuborgan. Ovozni eshitgan qo‘shni eshikdan chiqib qarasa, qo‘shnisining qizi yerda yotgan bo‘lgan. Qo‘shni uy sharoitida qizaloqqa birinchi yordamni ko‘rsatib, so‘ngra uni shifoxonaga olib borgan.

Shuningdek, qizaloqlarning onasiga qo‘ng‘iroq qilib, holatni tushuntirgan. Agar zudlik bilan yetib kelmasa, qizlarini bolalar uyiga topshirib yuborishini aytgan. Qizaloqlarning onasi Nazira esa qo‘shnisiga ishonmay, farzandlari ishonchli qo‘lda ekanligini aytgan. Shundan so‘ng qo‘shnisi qizaloqning tan jarohatlarini rasmga olib, onasiga yuborgan.

Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Buxoro filiali xulosasiga ko‘ra, voyaga yetmagan Shahnozaga chap yelka suyagi pastki qismining tepacha orqali sinishi va qo‘l sinishi tashxisi qo‘yilgan. Bundan tashqari, olib borilgan sud-tergov ishlari jarayonida er-xotin enagalar qizga nisbatan bosh miya chayqalishi bilan davom etgan iyak, chap tomon pastki jag‘, yuqori va pastki lab shilliq qavatlaridagi shilinmalar, o‘ng bilak ko‘krak orqa va old yuzasidagi, chap kurak, bel sohasidagi shilinmalar, o‘ng qo‘l kaft orqa yuzasidagi kuyish ko‘krak old yuzasidagi yara kabi sog‘lig‘ining buzilishiga sababchi bo‘lgan tan jarohatlari yetkazgani, voyaga yetmagan shaxsni qiynash jinoyatini sodir qilganiga aniqlik kiritilgan.

Sudning aniqlashtirishicha, qizaloq to‘rt oy davomida qiynoqqa solib kelingan.

Sud er-xotin enagalarni Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan ayblab, 110-modda 2-qismining «a» bandi (qiynash) sanksiyasi doirasida ularga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Buxoroda 7 yoshli qizaloqni qiynoqqa solib, uning qo‘li va yuzlarini kuydirgan er-xotinga sud hukmi o‘qildi