10:30 / 27.01.2022
1 046

Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisida qanday masalalar ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi

Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisida qanday masalalar ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi
Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisi videokonferensaloqa shaklida 3—4 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Xususan, «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, « ‘Favqulodda holat to‘g‘risida’gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilingani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish haqida»gi va «Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar muhokama etiladi.

Shuningdek, «Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunlar ham kun tartibiga kiritilgan.

Bundan tashqari, senatorlar «Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risidagi 167-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1988 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi va «MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qo‘yish bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi bitimni (Minsk, 2021 yil 28 may) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunlarni ko‘rib chiqdi.

Yalpi majlisda 2017—2021 yillarga mo‘ljallagan Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti, bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligi to‘g‘risidagi axboroti hamda adliya vazirining 2021 yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, mamlakatda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish masalalari ham muhokama qilinadi.

Senatorlar oqova suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof muhit hamda aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham ko‘rib chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senatining 22-yalpi majlisi 15—16 dekabr kuni videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgandi. Unda, jumladan, «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi, «Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun, «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun muhokama etilib, ma’qullandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisida qanday masalalar ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi