00:12 / 08.05.2022
1 301

Ro‘ziqul Berdiyev: "Sherzod Nasrullayevsiz jamoamiz "ehtiyot qismi" yo‘qolib qolgandek tuyulyapti"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Sherzod Nasrullayevsiz jamoamiz "ehtiyot qismi" yo‘qolib qolgandek tuyulyapti"
Superliga 7-turidan o‘rin olgan "Nasaf" – "Paxtakor" (0:0) o‘yinidan so‘ng mezbonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O‘yin haqida
- G‘alaba qozonish uchun maydonga tushgandik. Yigitlarimiz oxirigacha kurashishdi, ammo doimgidek yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanishda oqsayapmiz. Raqib jamoa bugun yaxshi himoyalandi. "Paxtakor" qanotlarni ishga solishini kutgandik, lekin bu ko‘rinmadi. Jamoa tartibli o‘ynab, natijaga erishishni istadi, chog‘i.

Sayfiyev va Alijonov qanotlarda faol o‘yin ko‘rsatardi, ammo ular himoyaviy tarzda harakat qilishdi. Aytmoqchi bo‘lganim, "Paxtakor" durang uchun harakat qilgandek tuyuldi.

Ozgina bo‘lsa ham vaziyatlar yarata oldik. Balki g‘alabaga munosib o‘yin ko‘rsatmagandirmiz. Ikkinchi taymda bosim qilishga urindik. Oxirgi zarbani beradigan futbolchi topilmadi.

- Sherzod Nasrullayev qachon maydonga qaytishi mumkin?
- Sherzod kecha Toshkentdan oxirgi muolajani olib qaytdi. Shifokorlar 10 kuncha tanaffus qilib turishini ta’kidlashibdi. Uning yo‘qligi bilinyapti, albatta. Jamoamiz "ehtiyot qismi" yo‘qolib qolgandek tuyulyapti.

- Ijaraga berilgan Jo‘rabek Mannonov va Shohmalik Komilov yetishmayotgandek...
- Yo‘q, Mannonovning o‘rnida Saitov harakat qilyapti. Hozir agar Mannonov jamoada qolganida o‘yin amaliyotisiz qolardi. Shuni o‘ylagan holda ijaraga berganmiz. Ular qanchalik ko‘p o‘ynashsa, bundan xursand bo‘lamiz. Ko‘ryapsizlar, gol ham uryapti, qizil kartochka ham olyapti (kuladi). Katta tajriba orttirib qaytishadi degan umiddamiz.

O‘yinlarimizda G‘olib G‘aybullayev va Sherzod Nasrullayevning o‘rni bilinyapti. Chunki ular bo‘lganida tez-tez rotatsiya qilib turgan bo‘lardik.

- Ivan Solovyovni nega sal avvalroq maydonga tushirmadingiz?
- Yashirib o‘tirmayman, Solovyov hozircha talabimizga javob bera olgani yo‘q. Chempionlar Ligasidagi o‘yinlarini ham ko‘rdingiz. Oxirgi bahsda Aziz Xolmurodovga imkon berdik, bugun ham. Bunday darajadagi o‘yinda tajribasizligi ko‘rindi. Lekin ishonamanki, hali u rivojlanadi. 20 ming tomoshabin qarshisida "Paxtakor"ga qarshi to‘p tepish oson emas, uni ayblamaymiz.

- "Paxtakor" OCHLda juda ko‘p gol o‘tkazib yubordi. Shundan kelib chiqib "sherlar"ning o‘sha o‘yinlardagi raqiblari uslubini ham o‘rganib chiqdingizmi yoki "Nasaf" o‘z uslubidan voz kechmaydimi?
- Biz o‘z uslubimizdan voz kechmadik. Ikkinchi taymda ko‘proq bosim qilib, raqibni xato qilishga majbur qilishimiz lozim edi. "Paxtakor"ni o‘rgandik, lekin ular o‘rganganimiz darajasidan boshqacha harakat qilishdi.

- "Nasaf" O‘zbekistonda eng shakllangan jamoa, lekin chempionlik haqida hech gapirmaysiz...
- Boshqa murabbiylar haqida gapirmayman. O‘yin oldidan ham, mavsum oldidan ham hech kimga hech narsani va’da qila olmayman. Bunga odatlanmaganman. Ha, kurashamiz. Lekin ertaga nima bo‘lishini siz bilan biz bilmaymiz. Chempionlik faqat menga bog‘liq emas, jamoa tarkibi va tashkiliy masalalarga bog‘liq. Gap bunda emas, tashkiliy masalalarni ham bahona qilayotganimiz yo‘q. Men hozir nima uchun "chempion bo‘laman" deb gapirishim kerak? Bu yigitlarga ham bosim yuklaydi. To‘g‘rimi? Jamoamiz yosh. 3 yil oldin 5-6-7-o‘rinlarda yurgandik, mana 2 yil ichida jamoa OCHL 1/8 finaliga chiqdik. Nima qilaylik, "chempion bo‘lamiz yoki OCHLni yutamiz" deb baqiraylikmi?

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Sherzod Nasrullayevsiz jamoamiz "ehtiyot qismi" yo‘qolib qolgandek tuyulyapti"