12:10 / 17.06.2022
972

Superligada 12-tur oldidan kimning imkoniyati yuqori baholanyapti?

Superligada 12-tur oldidan kimning imkoniyati yuqori baholanyapti?
Superligamiz ma’lum tanaffusdan keyin yana qaytyapti. O‘rtada milliy terma jamoamiz Osiyo Kubogi saralash bahslarini o‘tkazdi.

Yurtimizda o‘tayotgan U-23 Osiyo Kubogida esa olimpiya terma jamoamiz finalga yo‘l oldi. Terma jamoalardan keyin yana chempionat o‘yinlari davom ettirilishi oldindan rejalashtirilgandi.

PFL 12-tur o‘yinlarini 5 kunga bo‘ldi. 17 iyun kuni boshlanadigan tur 23 iyunda yakun topadi. Sobiq futbolchi va o‘ziga yarasha nom qozongan Abdumajid Toirov Superliganing ushbu turi oldidan klublarning imkoniyatlarini baholadi.

17 iyun (juma)

“Lokomotiv” – “So‘g‘diyona”

- Chempionatimizda tanaffusda kim qanaqa tayyorgarlik ko‘rganini to‘liq bilmadim. Ammo “So‘g‘diyona”ning o‘yinlarini ko‘rdim. Masalan, “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvini ham kuzatdim. Mehnatkash jamoa. “So‘g‘diyona” safarda qanday o‘ynashni biladi. Taktik tomondan ham aqlli o‘yin ko‘rsata oladi. O‘ylashimcha, bu uchrashuvda “So‘g‘diyona” yutadi. “Lokomotiv” ham yaxshi jamoa, lekin jizzaxliklar kutishni biladi, safarda ham qanday taktikada o‘yin ko‘rsatishni yaxshi o‘zlashtirishgan.

18 iyun (shanba)

“Dinamo” – “Surxon”

- “Dinamo” o‘z maydonida o‘ynaydi. Andrey Shipilov bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin klub mazmunli o‘yin ko‘rsatish harakatida. Lekin hali Shipilov ko‘p narsani o‘zgartirgani yo‘q. Baribir yangi murabbiyni kelgani jamoaga yaxshi ta’sir qildi. O‘ylashimcha, samarqandliklar ushbu bellashuvda yutadi. “Surxon” o‘yin borasida “Dinamo”dan qolishmaydi. Shu ma’noda aytganda, mezbonlarning raqib ustidan katta ustunligi bo‘lmaydi. Nazarimda, “Dinamo” minimal hisobda bo‘lsa ham g‘alabaga erishadi. “Surxon” jamoasida o‘yin tashkilotchiligi bo‘yicha biroz muammolar bor. “Dinamo”ning o‘z uyida to‘p surishi ham tashabbus beradi. Muxlislar ham sog‘inishgan.

21 iyun (seshanba)

“Bunyodkor” – “Qo‘qon-1912”

- “Bunyodkor” yutishini xohlardim. Bu klubni tayyorgarligi har tomonlama yaxshi ketyapti. Murabbiylar shtabi “Qo‘qon-1912”ning o‘yinlarini o‘rganib chiqishyapti. Yaxshi o‘yin bo‘ladi.

“Navbahor” – “Metallurg”
- Namanganda har doim o‘ynash qiyin bo‘lgan. Bu yilgi “Navbahor” umuman boshqa jamoa. O‘ylashimcha, maydon egalari katta ustunlik bilan g‘alaba qozonadi. “Metallurg”da ham o‘yin tashkilotchiligi bo‘yicha muammolar bor va individual mahoratda ham.

22 iyun (chorshanba)

“Neftchi” – “Nasaf”

- Yaxshi afisha. Oldin biz o‘ynagan paytlarda yanada qiziqarliroq o‘tardi. Bu yerda “Nasaf”ni favorit deb hisoblayman va ularni yutishini o‘ylayapman. “Nasaf” juda yaxshi jamoa, taktik jihatdan ham kuchli. “Neftchi”ga nisbatan “Nasaf” yoshroq, tezroq, aqlliroq va texnik jihatdan ham zo‘r. “Neftchi”ga juda ham qiyin bo‘ladi. Hatto o‘z uyida muxlislari ham yordam bera olmaydi. Albatta, farg‘onaliklarning g‘alabasini xohlardim. Lekin vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, “Nasaf” kuchliroq.

“Olimpik” – AGMK
- “Olimpik”ni 70-80 foiz futbolchilari Osiyo chempionatida qatnashyapti. AGMK bir maromda tayyorlanyapti. Olmaliq klubi uchrashuvga har jihatdan to‘liq tayyor bo‘lib keladi. Shu boisdan mehmonlar g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. Baribir AGMK tajribaliroq.

23 iyun (payshanba)

“Qizilqum” – “Paxtakor”

- Tarkib bo‘yicha ikkala jamoa ham teng. Bu vaziyatda ko‘proq murabbiylarning tanlagan taktikasi, o‘yindagi imzosi ko‘rinadi. “Qizilqum” anchadan beri o‘z maydonida o‘ynamagandi. Menimcha, bu ularning Navoiydagi ikkinchi o‘yini bo‘ladi. Albatta, ishqibozlari ko‘z o‘ngida yutishga harakat qilishadi. Lekin “Paxtakor” ham xavfli. Balki kichik ustunlik mehmonlar tomonida bo‘lishi ham mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligada 12-tur oldidan kimning imkoniyati yuqori baholanyapti?