date
views 1 430

Legionerimizning supergoli jamoasini birinchi oʻringa olib chiqdi!

Legionerimizning supergoli jamoasini birinchi oʻringa olib chiqdi!
Qisqa tanaffusdan keyin Belarus oliy ligasiga qayta start oldi. Oʻn birinchi turning dastlabki uchrashuvida toʻrt nafar legionerimiz oʻynayotgan “Energetik-BGU” safarda “Belshina” jamoasi mehmoni boʻldi.

Dastlabki oʻnta uchrashuvning aksariyatida hujumkor oʻyin namoyish qilgan minsklik “talabalar” chempionatda yuzaga kelgan qisqa tanaffusdan keyin oʻz oʻyinini topib olishga ancha qiynaldi. “Belshina” futbolchilari mehmonlarga jiddiy qarshilik koʻrsatdi.

Shu kuni asosiy tarkibda maydonga tushgan Bobur Abduxoliqov, Shohruhbek Abdurahmonov va Abdulqodir Husanov ancha faol oʻynadi. Ayniqsa, Shohruhbek jamoasining hujumlarini tashkil qilishda oʻzini koʻrsatdi.

Bu mavsum yuqori oʻrinlar uchun kurashayotgan “Energetik-BGU” gʻalaba ilinjida oxirigacha kurashdi. Bu hakam tomonidan yoʻqotilgan daqiqalar oʻrnini qoplash uchun qoʻshib berilgan daqiqalarning oxirida oʻz samarasini berdi.

Shohruhbek Abdurahmonov toʻpni jarima maydonchasi ichiga yorib kirgan Bobur Abduxoliqovga oʻta qulay tarzda etkazib berdi. Chempionat toʻpurari boshi bilan raqib jamoa darvozasini ishgʻol qilib, “Energetik-BGU” gʻalabasini ta'minladi.

Oʻzbek legioneri ishtirokidagi gol evaziga zafar quchgan “Energetik-BGU” ochkolari sonini 25 taga etkazib, musobaqa jadvalida birinchi oʻringa koʻtarilib oldi. Shu paytgacha eng yuqori pogʻonada kelgan BATE ikkita kam oʻyin oʻtkazgan holda 23 ochkoga ega.

Bobur Abduxoliqov golli seriyasini davom ettirgani quvonarli boʻldi. Hamyurtimiz oʻn birinchi uchrashuvida oʻn ikkinchi golini urdi. Abdurahmonov esa, chempionatda uchinchi assistini amalga oshirdi.

E'tiborga molik jihati shundaki, Bobur gol urgan oʻyinlarda jamoasi yutqazmagan. Qashqadaryolik hujumchi oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻygan oʻyinlarda “Energetik-BGU” “Vitebsk”ni 3:1, “Torpedo –BelAZ”ni 3:1, “Dinamo-Brest”ni 2:1, “Nyoman”ni 4:1, “Minsk”ni 2:0, “Arsenal-Dzerjinsk”ni 2:0, “Slaviya”ni 1:0 va “Belshina”ni 1:0 hisobida dogʻda qoldirgan.

Bu bellashuv davomida Abduxoliqov bitta xet-trik, ikkita dubl qayd etib, beshta oʻyinda bittadan gol kiritdi.

Bobur Abduxoliqov jamoasining chempionatda kiritgan jami 24 ta golidan teng yarmining muallifi hisoblanadi. U toʻpurarlar poygasida katta ustunlik bilan raqobatchilarini ortda qoldirmoqda.

Hujumchimizning eng yaqin ta'qibchilari hisoblangan Aleksandr Svirepa (“Energetik-BGU”), Dembo Darbo (“Shaxtyor-Soligorsk”), Vladimir Xvashchinskiy (“Minsk”) va Aleksandr Makas (“Gomel”) beshtadan golga mualliflik qilgan.

“Energetik-BGU” 12-tur uchrashuvini 27 iyun kuni oʻz maydonida oʻtkazadi. Shu kuni minsklik “talabalar” chempionat autsayderlaridan hisoblangan “Dnepr-Mogilev” futbolchilari bilan kuch sinashadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerimizning supergoli jamoasini birinchi oʻringa olib chiqdi!