1 517
"Saudiya himoyachilari hali bizdagi kabi hujumchilarga qarshi o‘ynamagan" - Mutaxassis fikri
Bugun final! U-23 Osiyo chempionatining hal qiluvchi o‘yiniga ham yetib keldik. Xudoga shukurki, bizning terma jamoamiz o‘sha muhim pallada. Faqat oxirgi qadamni qo‘yish qoldi, xolos.
O‘zbekiston Osiyo chempionligini qo‘lga kiritish uchun Saudiya Arabistonini mag‘lub etishi shart. Bu oddiy o‘yin emas, bu tarixiy uchrashuv. Butun O‘zbekiston bo‘lajak bahsga ko‘z tikkan va yaxshi natijadan umidvor.
Muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan, O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi va bugungi kunda murabbiylik bilan shug‘ullanayotgan Rashid G‘ofurov final oldidan o‘z munosabatini aytdi.
Finaldan nima kutyapti?
- Finaldan faqat ijobiy natija kutyapman. Rosti, yarim finalda Yaponiya to‘sig‘idan o‘tishga qiynaladi, deb o‘ylagandim. Bu safar ham finalda yigitlarimiz albatta ishonchni oqlashadi. Ammo Yaponiya bilan bahsda ikkilanib turgandim. Yaponiyadan o‘tdik, deb o‘yinchilarimiz erkinlikka berilib qolishmasa biz albatta Saudiyani ham mag‘lub etamiz. Terma jamoamizni aksariyat futbolchilari bir yil davomida pro ligada birga to‘p surishdi. Ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani o‘z mevasini beryapti. Agar bu yigitlar pro ligada o‘ynab, Superligada o‘ynamasdan Osiyo chempionati boshlanishiga yaqin vaqt qolganida yig‘ilishganida bir-birini tushunishiga kamlik qilardi. “Olimpik”dagi futbolchilar termada ham bir-birini ko‘zini yumib tushunishyapti. Xudo xohlasa, bundan ham yaxshi natijalarga erishadilar.
Saudiya Arabistonining shu kungacha gol o‘tkazmagani haqida
- Saudiyani himoyasi yaxshi bo‘lsa, bizni hujumchilarimiz zo‘r. Demak, ular hali bizdagi kabi hujumchilarga qarshi o‘ynashmagan. Mana, endi haqiqiy hujumchilarga to‘qnash kelishadi. Agar finalda ham saudiyaliklar o‘z darvozasidan gol o‘tkazishmasa ikkala qo‘limni ko‘tarib, raqibga qoyil qolaman. Lekin Jasur Jaloliddinov, Xusayn Norchayev, Hojimat Erkinov, Ulug‘bek Hoshimov, umuman barchasi juda iqtidorli va o‘ziga yarasha kuchli futbolchilar. Yosh bo‘lishiga qaramay, o‘zlarini juda yaxshi ko‘rsatishyapti. Hali Saudiya himoyasi ularning hujumiga bardosh berishga qiynaladi.
Bizda barcha chizig‘imiz optimal, yaxshi shakllangan. Jamoamizni bo‘sh joyini ko‘rmayapman. Bu 23 yoshgacha bo‘lgan chempionat. Biroq jamoamizda asosan undan kichik yoshdagi o‘yinchilar o‘ynashyapti. Ular raqiblarni to‘satdan yutayotgani yo‘q. Barchasi kuchli iroda va ishonch asosida ro‘y beryapti. Raqiblaridan bir bosh ustunligini ko‘rsatib kelyapti. Shu tarkibimiz bilan boshqa mamlakatda o‘ynaganimizda ham chempionlikni qo‘lga kiritardik, bunga ishonaman.
Qanday hisob bo‘lishi mumkin?
- Oldindan hisob qanaqa bo‘lishini aytadigan odatim yo‘q. Lekin g‘alaba qozonishimizga shubham yo‘q. Boya aytdim-ku, Yaponiya bilan uchrashuvda biroz shubham bor edi. Yaponlarni juda hurmat qilaman. Tartib-intizomga qat’iy amal qilishadi. Shu bois ulardan cho‘chib turgandim. Mana shunday raqibni dog‘da qoldirdimi, demak, hammasi yaxshi bo‘ladi. To‘g‘risi, hali Saudiya Arabistonining o‘yinini ko‘rganim yo‘q. O‘z darvozasidan ko‘p gol o‘tkazadigan jamoa ham finalga chiqsa boshqacha o‘yin ko‘rsatadi. Final o‘z nomi bilan final. Asosiy vaqtdami, qo‘shimcha bo‘limlardami yoki penaltilar seriyasida bo‘ladimi, muhimi yutsak bo‘ldi. Chempionat boshida Turkmaniston bilan o‘yinda qiynalgandik va raqib yaxshi ekan, deyishgandi. Agar O‘zbekiston chempion bo‘lsa turkmanlar o‘zidan xursand bo‘lishadi. Sababi, biz munosib raqib bo‘ldik, degan xayol bo‘ladi, ularda.
2018 yilgi jamoa bilan solishtirish
- Bu birgina Kapadzeni jamoasiniki emas. O‘zbekistondagi klublardan jamlangan futbolchilar. Temur Kapadzegacha ham shakllangan o‘yinchilar bo‘lgan. “Olimpik” klubi deyarli terma jamoa hisoblanadi. Bu yerda O‘zbekistondagi boshqa murabbiylarni ham mehnati yotibdi. Kapadze faqat to‘g‘ri yo‘nalishda davom ettiryapti. Ammo boshqarish oson emas, unga ham qoyil qolish kerak. Yana qaytaraman: bu terma jamoamizdagi o‘yinchilarning shakllanishida O‘zbekistondagi barcha murabbiylarning xizmati bor. 2018 yilgi chempionlikni qo‘lga kiritganimizdagi finalda o‘ynagan jamoa bilan bu safargi raqibni farqi bor. Agar o‘sha Vetnam bilan o‘ynaganimizda hozir biznikilar nechta to‘p farqi bilan yutarkin, deb o‘ylab o‘tirgan bo‘lardik. Saudiya Arabistonini Vetnam bilan yer bilan osmonchalik farqi bor. Hozirgi futbolchilarimiz kuchliroq. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi