13:00 / 19.06.2022
1 234

Timur Kapadze: "Jasur Jaloliddinov finalda ular bilan qanday natija qayd etishimizni aytgan"

Timur Kapadze: "Jasur Jaloliddinov finalda ular bilan qanday natija qayd etishimizni aytgan"
Yaqindagina “SPORTS.uz” saytining “You Tube” platformasidagi rasmiy sahifasida O‘zbekiston U-23 jamoasi bosh murabbiyi - Timur Kapadze bilan telefon orqali suhbat uyushtirildi. Hozirda finalga tayyorgarlik ko‘rayotgan mutaxassis saytimiz jurnalisti tomonidan berilgan savollarga javob berib o‘tdi. Jonli efirni tomosha qilishga ulgurmagan kuzatuvchilarimiz uchun, ushbu suhbatni yozma versiyasini taqdim etamiz.

- Avvalambor, Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabriklaymiz.
- Rahmat, o‘ylashimcha bu barchamizning g‘alabamiz bo‘ldi. Nasib qilsa, finalda ham yuzimiz yorug‘ bo‘ladi degan umiddamiz.

- Keling, suhbatni Yaponiya bilan o‘yin haqidagi savol bilan boshlayman. “Bunyodkor” stadionidagi bahsda siz yaponiyalik murabbiydan bir qadam oldinda bo‘ldingiz. Yigitlar ham sovuqqonlik namoyish etdi. G‘alabaning asosiy omili nima deb o‘ylaysiz?
- Ochig‘i, Yaponiyani yaxshilab o‘rganib chiqqan edik. Qaysi aspektlarda kuchli ekanligini bilar edik. Ularning maydondagi har bir harakatida mantiq bor. Har bir futbolchisining qayerga ochilishi va qanday kombinatsiyalar uyushtirishini bilar edik. Shu bois, yigitlarga barchasini tushuntirdik. Ko‘rganingizdek, raqibga deyarli imkoniyat qoldirganimiz yo‘q. Pressing qilgan holda, 90 daqiqa o‘z o‘yinimizni raqibga o‘tkaza oldik. Natijada, ularda hech narsa o‘xshagani yo‘q.

- O‘yindan keyingi matbuot anjumanida muxlislar kiritilmagani ham foydangizga ishlaganini, shogirdlaringiz har bir ko‘rsatmalaringizni eshitib turgani haqida aytdingiz?!
- Bu hazil tariqasida aytilgan so‘zlar. Muxlislarimiz bo‘lganida, bundan-da yaxshiroq o‘yin o‘tkazgan bo‘lar edik. Ularning yordamida biz yanada kuchli bo‘layotganimizni barcha ko‘rib turibdi. Vatan jamoasi maydonga chiqqanida, mana shunday jipslashgan holda harakat qilish lozim. Ishqibozlarning har biriga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Kecha fanatlar bo‘lmaganidan so‘ng, yigitlar bo‘m-bo‘sh stadionda meni ko‘rsatmalarimni ko‘proq eshitdi. Shu voqeaga asoslanib qilingan hazil edi bu.

- Aytinigchi, Iroq bilan o‘yindagi qizil kartochka va o‘tkazib yuborilgan goldan keyin ham sovuqqonlikni yo‘qotmadingiz. G‘alaba qozonishga ishonch shu qadar balandmidi?
- Murabbiylik faoliyatim davomida birinchi bor shunday holatga tushib qoldim. Uchrashuvning boshida chetlatish va o‘tkazib yuborilgan gol. Har bir o‘yinga tuzilgan reja bo‘ladi. Bizni hamma o‘ylaganlarimiz 10 daqiqa ichida yo‘qqa chiqib ketdi. O‘sha paytda, nima qilishni bilmay qoldim. Kimni maydondan olishni uzoq o‘ylashga to‘g‘ri keldi. Hujumchini olay desam, hali 80 daqiqa oldinda turibdi va gol kiritishimiz shart. O‘yinni oxirlari bo‘lsa, o‘ylab o‘tirmay hujumchini olgan bo‘lar edim. Bu vaziyatda futbolchilarga rahmat aytish kerak. Ular oxirigacha harakat qilib, vaziyatni biz tomonga o‘zgartirdi. Shuningdek, muxlislarning ham g‘alabada hissasi katta. Garchi bir kishi kam bo‘lsak-da, ular bizning 11-o‘yinchimiz bo‘lib, yigitlarga ishonch bera olishdi.

- Finalda Saudiya Arabistoni bilan to‘qnash kelamiz. Aynan saralash doirasidagi uchrashuvda bu jamoa bilan Toshkentda to‘qnash kelgandik. Aytingchi, Saudiya Arabistonini finalga chiqishini kutganmidingiz?
- Ha, rostini aytish kerak finalda bu jamoani kutmagan edik. Lekin musobaqa oldidan Jasur Jaloliddinov finalda ular bilan to‘qnash kelib, bosh sovringa ega chiqamiz degan fikrni aytgan edi. Ammo bular shunchaki taxminlar, xolos. Albatta, Saudiya kuchli jamoa. Ular bilan Toshkentda ikki marta o‘ynadik. Qanday o‘ynashidan xabarimiz bor. Raqib tarkibida ham yetarlicha ijrochilar bor. Biroq, Xudo xohlasa, g‘alaba qozonamiz deb umid qilaman. Muxlislar maydonga kiritilishi ham yaxshi yangilik. Umid qilamizki, biz o‘z maqsadimizga yetamiz.

- Oxirgi savol! Oldinroq, final “Paxtakor”ga ko‘chganida yigitlar yanada tezkorroq o‘yin ko‘rsatishi mumkin edi deb aytgan edingiz. “Bunyodkor” stadionining hozirgi ahvoli futbolchilarimizning o‘yiniga salbiy ta’sir o‘tkazmaydimi? Shu haqida ham ikki og‘iz gapirsangiz.
- To‘g‘risini aytsam, xalaqit qilishi mumkin. Sababi, nafaqat chim, balki stadion ichida havo ham juda dim. Shu sababdan bolalarda tezda charchoq alomatlari sezilib qolmoqda. Shuningdek, maydonning ahvoli to‘p uzatmalarida ham kamchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Biroq, ilojimiz yo‘q. Biz oxirigacha harakat qilamiz. Muxlislar bizdan qanday natija kutayotganidan xabarimiz bor.

- Muxlislarga qanday tilaklaringiz bor?
- Birinchi navbatda muxlislarga katta rahmat. Biz yaxshi bilamiz, ular ajoyib tarzda muxlislik qilib, bizga katta kuch bermoqda. Menimcha,bu yaxshi holat. Chunki, bu — vatan jamoasi. Ularni har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlash kerak. Bu esa bizga kuch berib, yigitlar yanada katta kuch bilan harakat qiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze: "Jasur Jaloliddinov finalda ular bilan qanday natija qayd etishimizni aytgan"