07:00 / 20.06.2022
2 197

Kapadze ham mag‘lubiyatga bardosh bera olmadi! "Ha, u yig‘ladi, chunki hamma narsaga jonini berdi"

Kapadze ham mag‘lubiyatga bardosh bera olmadi! "Ha, u yig‘ladi, chunki hamma narsaga jonini berdi"
Afsuski, U-23 Osiyo Kubogi finalida O‘zbekiston terma jamoasi Saudiya Arabistoniga 0:2 hisobida yutqazdi, alamli mag‘lubiyat. Shuncha yo‘l bosib keldik va bir qadam qolganida “yiqildik”.

Lekin bu bizni kuchli qiladi, biz yigitlarga ishonamiz. Bu juda ta’sirli o‘yin. Hatto, Temur Kapadze ham mag‘lubiyatga bardosh bera olmadi va ko‘z yoshlarini maydonga to‘kdi. Biz mag‘lubiyatga loyiq emasdik, ammo raqibni kuchini ham tan olish mardning ishi.

Saudiya Arabistoni gol o‘tkazmasdan chempion bo‘ldi. Terma jamoamiz esa har qanday holatda ham biz uchun qahramonlar. Biz hali boshlagan ishimizni tugatganimiz yo‘q, barchasi oldinda. Shunchaki, finaldagi mag‘lubiyatdan aniq xulosalarni chiqarish lozim va ushbu o‘yin bizni yanada kuchli jamoaga aylantiradi.

Ushbu final hamda Kapadze jamoasi haqida yana ko‘p yoziladi. Hozir esa uchrashuvdan keyin Jasur Abduraimov bilan o‘yinni tahlil qilamiz.

- Jasur aka, final o‘yinini ko‘rdingiz. Uchrashuvdan keyin qanday xulosalarga kelyapsiz?
- Yigitlarga qoyil, ular harakat qilishdi. Asosiysi, o‘z o‘yinini ko‘rsatishga intilishdi. Lekin to‘g‘risini aytganda, Saudiya Arabistoni kuchli ekan. Baribir o‘zimizni o‘yinchilarimizga rahmat. Oxirigacha kurashishdi. Timur Kapadze boshchiligidagi murabbiylar shtabiga ham albatta rahmat aytish kerak.

- Finaldagi muhim bahsda bizga nima yetishmadi, deb o‘ylaysiz?
- Barcha kurashlarni yutqazdik. Bu bo‘lib turadi, lekin ko‘rsatmalarni aniq bajarishga harakat qilish kerak. Eng muhimi, jamoa bor. Ular oldingi chiziqda individual qolganda bemalol aldashadi. Jamoamiz o‘z yo‘nalishida ishlasa, jismoniy hamda atletizm tomondan ham yana qo‘shishsa hammasi yaxshi bo‘ladi.

- Saudiya Arabistoni termasi finalgacha gol o‘tkazmasdan kelgandi. Biz ularning ushbu seriyasini buzmoqchi edik. Biroq yakunda saudiyaliklar gol o‘tkazmasdan musobaqa g‘olibligiga aylandilar...
- O‘ylashimcha, Saudiya zo‘r jamoa. Birinchi navbatda taktik jihatdan ajoyib o‘yin ko‘rsatishi muhim rolni o‘ynayapti. Uchrashuv davomida ham qachon maksimal ishlash va qachon “pauza” qilish, to‘pni nazoratga olish – bu borada ularda barchasi yuqori darajada. Vaqtida yugurishadi va birga-bir vaziyatlarda ham aldab o‘tib ketishyapti. O‘yin tashkilotchiligini yaxshi yo‘lga qo‘yishgan. Shuning uchun ham gol o‘tkazishmadi. Individual tarzdagi mahoratlari ham joyida. Saudiya Arabistonida jamoaviy o‘yin yaxshi.

- 0:2 hisobi ko‘pchiligimiz uchun kutilmagan natija bo‘ldi-da! Siz g‘olib o‘yin vaqtida aniqlanishini o‘ylaganmidingiz yoki penaltilar seriyasigacha borishini taxmin qilayotganmidingiz?
- Bu natija bo‘yicha birinchi navbatda murabbiylar shtabi tahlil qilib, qaysi vaziyatlarda yutqazdik, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ustida ishlash kerak. Albatta, bu narsalar ham yordam beradi. Eng muhimi, Olimpiadaga chiqish lozim. Finaldagi xatolarni tuzatish darkor. Ammo men asosiy vaqt durang bilan tugasa kerak, deb o‘ylagandim. Baribir Saudiya ham yaxshi o‘ynadi-da. Bizda biroz bosim bo‘ldi. Hech qisi yo‘q, bunday o‘yinlar bizni yanada kuchli qiladi. Barcha detallarni aytsak ham ko‘pchilik tushunmaydi.

- O‘yin tugagach, Temur Kapadze ham hissiyotlarni berkita olmasdan yig‘lab yubordi. Uning holatiga nima degan bo‘lardingiz?
- Ha, yig‘ladi. Men uni tushunaman. Bunday jarayonlarni faqat murabbiylar ich-ichidan yaxshi his qilishadi. U hamma narsaga jonini berdi. Faqat oxiri biroz yoqimsiz bo‘ldi. Asosiysi, o‘zimizdan mana shunday ajoyib murabbiylar chiqyapti. Kimdir finalda o‘ynayapti, kimdir chempion bo‘ldi. Bizda ham yaxshi murabbiylar bor. Faqat ishonch bildirish kerak.

- Umuman olganda, mazkur Osiyo chempionatidagi ishtirokimizni qanday baholaysiz va kelajakda bu futbolchilardan nima kutyapsiz?
- Umumiy holatda yigitlarimiz yaxshi o‘ynadilar. Zamonaviy talablar, o‘yindagi hujumkorlik, har bir uchrashuvda tinimsiz harakatlar bo‘ldi. Jamoamizning o‘yini menga yoqdi. Biz yana ishlashda davom etishimiz lozim. Birinchi navbatda murabbiylar shtabi va Kapadzeni tabriklash kerak. Uni yana qo‘llab-quvvatlashda davom etish muhim. Stadionga shuncha muxlislar keldi, ularga ham rahmat. Bu terma jamoa hujumkor o‘yin ko‘rsatyapti. Xudo xohlasa, bu jamoamiz Olimpiadaga chiqadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kapadze ham mag‘lubiyatga bardosh bera olmadi! "Ha, u yig‘ladi, chunki hamma narsaga jonini berdi"