09:50 / 22.06.2022
973

Baxtiyor Ashurmatov: "Bugungi o‘yin U-23 Osiyo kubogi finali fonida ko‘zga ko‘rinmagan bo‘lishi mumkin"

Baxtiyor Ashurmatov: "Bugungi o‘yin U-23 Osiyo kubogi finali fonida ko‘zga ko‘rinmagan bo‘lishi mumkin"
Superliganing 12-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" - "Qo‘qon-1912" (1:1) uchrashuvidan so‘ng matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov fikrlarini bildirdi.

O‘yin haqida
- Gapning ochig‘i bir necha kun oldin bo‘lib o‘tgan final o‘yini fonida bugungi o‘yin ko‘zga ko‘rinmagan bo‘lishi mumkin. Finalda ikki jamoa sifatli futbol ko‘rsatdi. Lekin yigitlar boshlarini mag‘rur qilib maydonni tark etdilar. Timur Kapadze ajoyib jamoa shakllantirganini barcha ko‘rdi. Bugun biz raqibga jangovarlik borasida yutqazmadik. Vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi. Shunga qaramay o‘ylaymanki, g‘alabaga loyiq edik.

Afsuski, oxirgi daqiqalarda e’tiborsizlik qimmatga tushdi. Raqib futbolchilarining oxirigacha kurashganini ham aytish joiz. Uch ochko muhim edi. Chunki turnir jadvalidagi holatimizni yaxshi deb bo‘lmaydi. O‘yin tengkurashlar ostida, maydon markazida kechdi. O‘yin oxirida esa aniq paslar yetishmadi.

- "Bunyodkor" o‘z o‘yinini ko‘rsata olmadi. "Qo‘qon-1912" bugun shundan foydalanib ketishi mumkin edi. Chunki tarkibdagi futbolchilarning tajribasi va mahorati bobida jamoangiz ustun edi...
- To‘g‘ri "Bunyodkor" futbolchilari barqaror o‘yin ko‘rsatishmayapti. Bu bilan ularning futbolchilarini saviyasiz, demagan bo‘lardim. "Bunyodkor"da yosh va o‘sishga intilayotgan futbolchilar bor. Davron Ergashev, Ibrohim Tomiva, Avazbek O‘lmasaliyev, Dilshod Jo‘rayev kabi futbolchilar fonida yoshlar o‘sib boryapti. Raqibdan kelib chiqib futbolchilarga faqat g‘alaba qoniqtirishini aytgan edik.

- Markaziy yarim himoyachilar Quvondiq Ro‘ziyev va Javohir Sidiqovning hozirgi sport formasi sizni qoniqtiryaptimi? Fikrimcha ular sust harakat qildi...
- 1:0 hisobida oldinga chiqib olganimizda markazni kuchaytirib, himoyaviy futbolchini tushirishimiz kerak edi. Ushbu pozitsiyada o‘tgan yili tanlov imkoniyati ko‘proq bo‘lgandi. Deylik Farhod Bekmurotov, Iqbol Malikjonov, Yakuba Bamba bor edi. Himoyaga moslashgan markaziy yarim himoyachi topa olmadik. Quvondiq bugun yomon saviyada o‘yin namoyish qilmadi. Agar imkoni bo‘lganida himoyaga moslashgan o‘yinchini tushirardim.

Javohir Sidiqov bundan yuqori darajada o‘ynay oladi. O‘ziga ham o‘yini yoqmayotgan bo‘lishi mumkin. U oxirgi o‘yinlarda jarohati bilan o‘ynayapti. Raqobat bo‘lanida unga dam olish imkonini berar edik. Javohir bundan ham yaxshi o‘ynaydi. Dilshod Rahmatullayev, markaziy yarim himoyachilardan qoniqqanimiz yo‘q. Umid qilamanki, navbatdagi uchrashuvlarda yanada yaxshiroq to‘p tepishadi.

- Hujumdagi o‘yinchilarni xavfli vaziyatga chiqaradigan keskin uzatmalar yetishmagandek ko‘rindi...
- Keskin paslar yetishmagani uchun ham vaziyatlar kam bo‘ldi. Biz chiroyliroq futbol tarafdorimiz. "Bunyodkor" futbolchilari himoyadan chiqqanda bosim qilishga harakat qildik. Darvoza tomon zarbalar kam bo‘ldi. Raqobat bo‘lmasa futbolchining o‘sishi qiyin. Sidiqov va Ro‘ziyev "qora" ishdan cheklansa, kuchi ham yetadi, imkoniyatlari ko‘proq bo‘ladi. Balki raqobat yo‘qligi uchun ham o‘z saviyasida to‘p tepa olishmayotgan bo‘lishi mumkin. Birinchi davra yakunlansa, markazdagi raqobatni oshirish ustida ishlaymiz.

- Qo‘qonda rahbariyat o‘zgargani jamoada o‘z aksini topyaptimi?
- Katta transfer ko‘rmasak kerak. Yangi rahbariyat izlanmoqda. Oxirgi ikki o‘yinda maksimal ochko olib rahbariyat bilan gaplashib olishni rejalashtirgandik. Hozircha imkoniyatimizni bilmayman. Klubga katta maqsadlarga ega inson keldi. Bu Qo‘qon futboli uchun foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman. Tarkib bilan bog‘liq masalalarni ijobiy hal qila olmasak shu holat davom etishi mumkin. Kubokda, Superligada barqaror ishtirok etishimiz qiyin bo‘ladi.

- Klubning o‘rinbosarlari haqida...
- Sardor Yetovqo‘ziyev, Diyor Jaloliddinov, Murod Komilov bugun ularni tushirishga tavakkal qilmadik. Chunki himoyaga moslashgan futbolchilarni olib keldik. O‘rinbosarlar tarkibini "Bunyodkor" bilan tenglashtirmagan bo‘lardim. O‘rinbosarlar jamoasida muammolar bor. Asosiy tarkibga kam mahalliy futbolchilar yetishib chiqyapti. Yangi rahbarlar shunga e’tibor qaratishni niyat qilishgan. "Bunyodkor" shunday jamoaki, raqiblari futbolchilarini ismini bilishmaydi. Bizda ham ma’lumot kam. Bu klubning yutug‘i. Chunki akademiyasi bor. Agar raqibga yaxshi baho bermasak, yomon oqibatlarga olib kelishi ma’lum edi. Yigitlarga shuni tushuntirdik.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Baxtiyor Ashurmatov: "Bugungi o‘yin U-23 Osiyo kubogi finali fonida ko‘zga ko‘rinmagan bo‘lishi mumkin"