10:45 / 22.06.2022
1 327

"Bizga butun O‘zbekiston muxlislik qiladi" yoxud Ulug‘bek Baqoyev OFK Kubogidagi vazifa va raqiblar haqida

"Bizga butun O‘zbekiston muxlislik qiladi" yoxud Ulug‘bek Baqoyev OFK Kubogidagi vazifa va raqiblar haqida
Ma’lumki, “So‘g‘diyona” klubi 24 iyun kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda OFK Kubogi guruh bosqichidagi ilk uchrashuvini Qirg‘izistonning “Neftchi” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

O‘z tarixida ilk bor mazkur musobaqada qatnashishga hozirlik ko‘rayotgan jizzaxliklar bugun tongda Dushanbega jo‘nab ketdilar. Superligada muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan klubdan xalqaro maydonda ham yaxshi natijalar kutib qolamiz. Safar oldidan bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyev bilan bog‘landik.

Tayyorgarlik va tarkib haqida
- Tarkib borasida muammolar ko‘zga tashlanmayapti. Hammasi joyida. Eng asosiysi, bu biz uchun juda qiziqarli bo‘ladi. Chunki klub birinchi bor OFK Kubogida ishtirok etadi. Biz bu turnirga tayyormiz. Futbolchilarimizning jismoniy va funksional ahvoli a’lo darajada. Qo‘shimchasiga biz chempionat doirasidagi turda g‘alaba qozondik. Shu bois yigitlarning kayfiyati yanada ko‘tarinki holatda. Bir so‘z bilan aytganda, biz turnirga ko‘tarinki kayfiyatda kirib bormoqdamiz. To‘g‘ri, birgina yo‘qotish bor. Elyor Orifov jarohat olgan. Umid qilamizki, uning jarohati unchalik jiddiy bo‘lmay, tez orada safga qaytadi. Jarohat sabab u Tojikistondagi musobaqada ishtirok etmaydi. Agar guruh bahslaridan o‘tib olsak, Elyor Orifov albatta keyingi uchrashuvlarda qatnashadi. Umuman aytganda, hamma sog‘-salomat.

Raqiblarni qanchalik o‘rganishmoqda?
- Bilamizki, hozir raqiblarning hammasi o‘z chempionatlarida o‘ynashmoqda. Ularning aksariyati o‘yinni himoyaga tayangan holda tashkil etadi. Raqiblarni imkon qadar sinchkovlik bilan o‘rganyapmiz. Albatta, o‘zaro to‘qnashuvlarda qiyinchiliklar yuzaga kelishi tayin. Raqiblarimizni asosan milliy birinchiliklaridagi o‘yinlari orqali o‘rganib boryapmiz. Futbolda istalgan raqib bilan bellashsa bo‘ladi.

OFK Kubogida debyut qiladigan jamoamizda ortiqcha xavotirlar yo‘qmi?
- O‘ylaymanki, bu masalada bizda muammolar ko‘zga tashlanmasa kerak. Nega deganda, yigitlarning ruhiy va jismoniy holati a’lo darajada. Butun klub va mening murabbiylar shtabimdagilar uchun chindan ham OFKdagi ishtirok debyut. Albatta, shundan kelib chiqqan holda o‘ziga yarasha hayajon bo‘ladi. Chunki biz xalqaro musobaqada O‘zbekiston sha’nini himoya qilishga kirishamiz. Biz uchun esa butun O‘zbekiston muxlislik qiladi. Yurt sha’nini munosib himoya qilishga harakat qilib, keyingi bosqichni ko‘zlagan holda turnirga kirishmoqchimiz. Jizzaxlik muxlislar OFK o‘yinlarini bevosita stadionda o‘tirib kuzatishlari uchun qo‘limizdan kelgan harakatni qilamiz. O‘z-o‘zidan bizda shunga intilish yuqori. Bu yo‘lda boya aytganimdek, katta hayajon va qayg‘urish bo‘ladi. Umid qilamanki, yigitlar o‘yinlar oldidan hayajonlarini bosib olishadi.

Husniddin G‘ofurov to‘g‘risida
- Husniddin G‘ofurov biz bilan ketadi. Lekin u mavsumning birinchi yarmi uchun “Neftchi” tarkibida ro‘yxatdan o‘tkazilgani bois uchrashuvlarda ishtirok eta olmaydi. U tribunada o‘tirgan holda jamoa uchun muxlislik qiladi. Keyingi bosqichga chiqqanimizda bizga yordam berishi mumkin. Biroq hozir G‘ofurovni ro‘yxatda o‘tkazishga ulgurmadik. Shuningdek, Daniyel Nasriddinov qo‘shildi. U jarohatdan forig‘ bo‘ldi. Daniyelni OFK turnirida qatnashadigan futbolchilar ro‘yxatida o‘tkazdik. Shu sabab o‘yinchimiz bemalol musobaqada ishtirok eta oladi.

“Nasaf”ning natijasini takrorlay oladimi?
- Biz “Nasaf”ni o‘zbek futbolining grandi va brendlaridan biri sifatida bilamiz. Boz ustiga bu klub OFK Kubogida bir emas, bir necha bor qatnashgan va o‘z vaqtida g‘olib chiqishga ulgurgan. Ayni paytda “Nasaf” chempionlar ligasining pley-off bosqichiga chiqqan yagona vakilimiz bo‘lib turibdi. Fursatdan foydalangan holda keyinchalik “Nasaf”ga OCHLda omad yor bo‘lishini tilab qolmoqchiman. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, “Nasaf” uchun Osiyo maydonlarida ishtirok etish ancha yengil ko‘rinish hosil qilgan. Albatta, birinchi marta bunday musobaqada qatnashish oson kechmaydi. Ammo futbolda g‘alabalarga yengil erishish mumkin emas. Bir so‘z bilan aytganda, yigitlar klub oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishni maqsad qilganlar.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bizga butun O‘zbekiston muxlislik qiladi" yoxud Ulug‘bek Baqoyev OFK Kubogidagi vazifa va raqiblar haqida