18:12 / 26.06.2022
1 295

Ulug‘bek Baqoyev: "Birinchi qadamni tashladik, endi ikkinchisiga navbat"

Ulug‘bek Baqoyev: "Birinchi qadamni tashladik, endi ikkinchisiga navbat"
OFK Kubogi 2-turi doirasida SSKAga qarshi o‘yindan oldin "So‘g‘diyona" bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev hamda hujumchi Shohruz Norxonov ishtirok etdi.

Ulug‘bek Baqoyev: - Hayrli kun. SSKAning "Oltin Asr"ga qarshi o‘yinini kuzatdik. Jamoa tartibli o‘ynadi. Gol urib ketishi ham mumkin edi. Biroq bu amalga oshmadi. Yakunda urilgan gol esa jamoada xarakter, jangovarlik ruhi borligini anglatadi. Shu sababli bahsga qattiq tayyorlandik. Birinchi qadamni tashladik, endi ikkinchisiga navbat. Ertaga muxlislar qarshisida o‘ynaymiz. Bu ham jamoaga qiyinchilik tug‘diradi. Muxlis sifatida ertangi bahs qiziqarli bo‘lishini ham kutyapman.

Shoxruz Norxonov: - O‘tgan o‘yin qiyin bo‘ldi. SSKA esa o‘z muxlislari oldida yaxshi o‘yin ko‘rsatadi. "Oltin Asr"ga qarshi o‘yinda jamoa o‘zining metin xarakteri evaziga so‘nggi daqiqalarda gol urib, durang o‘ynadi. Kuchli, yaxshi shakllangan jamoa. Bahsga 100 foiz tayyorman deb ayta olaman.

- Dastlabki uchrashuvdan keyin "So‘g‘diyona"ni turnirning favoritlaridan biri deb hisobladik. Jamoaning ertangi o‘yin uchun psixologik tayyorgarligi qanday? Bu holat jamoaga bosim bermaydimi?

Ulug‘bek Baqoyev: - Ruhan ham 100 foiz tayyormiz. Balki ayrim futbolchilarning jismoniy tayyorgarligida muammolar bo‘lishi yoki asosiy tarkibni tanlashda qiynalishim mumkin. Hozir murabbiylar shtabi bilan o‘yinni kuchaytirish borasida o‘ylayapmiz. Zaxiradan tushganlar ham o‘yinni tezlashtirishini istaymiz. Ammo shu bilan birgalikda keyingi o‘yinni, rotatsiya orqali ayrim futbolchilarning dam olishini ham o‘ylashimiz kerak.

- Jamoa ertangi o‘yinda g‘alabaga erishsa, peshqadam sifatida pley-off bosqichiga yo‘llanma olishi aniq bo‘ladi. Agar mag‘lub bo‘lsa, barchasi uchinchi turga qoladi. Bu narsa jamoaga qanchalik bosim beradi?

Shohruz Norxonov: - Bosim yo‘q. SSKA o‘z maydonida, o‘z muxlislari qarshisida o‘ynaydi. Biz esa baribir yaxshi natija haqida o‘ylayapmiz. Nima bo‘lgan taqdirda ham 3-turda g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Agarda vaziyat o‘zgaradigan bo‘lsa, uchinchi bahsimizda natija uchun ham o‘ynaymiz. Ammo hozir oldimizda SSKAga qarshi bahs kutib turibdi. Ayni damda bu o‘yin eng muhimi.

- Bu yerda har uch kunda o‘yin o‘ynaladi. Murabbiylar jamoani o‘yinga tayyorlashda, keyingi bahs uchun mashg‘ulotlarda qiynalyaptimi?

Ulug‘bek Baqoyev: - Bu yerda futbolchilarni tiklab olish katta muammo. Futbolchilar bilan mashg‘ulot olib borish emas, ularni keyingi o‘yingacha ham ruhan, ham jismonan charchog‘ini chiqarish asosiy o‘rinda. Ularni shunchaki charchog‘ini chiqarib, keyingi o‘yinga tayyorlash kerak. Bu futbolning bo‘lagi. Unga to‘g‘ri qarash va murabbiylar shtabi bilan ishlash kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ulug‘bek Baqoyev: "Birinchi qadamni tashladik, endi ikkinchisiga navbat"