21:55 / 30.06.2022
1 423

Izdan chiqarib yuborilgan o‘yin va kayfiyatsiz "Paxtakor"!

Izdan chiqarib yuborilgan o‘yin va kayfiyatsiz "Paxtakor"!
Superliganing 13-turida Toshkent derbisiga guvoh bo‘ldik. “Paxtakor” o‘z maydonida “Bunyodkor” klubini qabul qildi. Uchrashuvdan avval “Sherlar”ning ustunligini ko‘pchilik o‘ylagandi. Lekin bu safar “Sherlar”ning raqibga kuchi yetmay qoldi. Chempionatda mag‘lubiyatsiz odimini davom ettirib kelayotgan “Paxtakor” kam sonli muxlislari ko‘z o‘ngida ilk bor maydonni “quruq” qo‘l bilan tark etdi.

Albatta, uchrashuvda darvozalarga beshta gol urilgani o‘yinni qiziqarli va hujumkor ruhda o‘tganini ko‘rsatib turibdi. Aslida barchasi “Paxtakor” uchun rejadagidek boshlangandi. Abbos Fayzullayevning goli tufayli maydon egalari hisobda oldinga chiqishdi. Ammo bellashuvdagi qolgan voqealar ikkinchi bo‘limda yuz berdi. Ayniqsa, “Bunyodkor” xarakter ko‘rsatgan holda o‘yinini tubdan o‘zgartirdi. Hujumdagi samaradorlikni keskin oshirdi va raqibni xato qilishga majbur qila oldi.

Bungacha birinchi ligada “Bunyodkor” farm klubida to‘p surib kelgan hujumchi Jasur Hakimov yana asosiy jamoaga qaytarildi. Boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirilgan futbolchi maydonda bor kuchini sarfladi va 51-daqiqada hisobni tenglashtiruvchi gol muallifiga aylandi. O‘yin ko‘rinishidan 1:1 hisobida yakunlanadigandek edi. Biroq “Bunyodkor” hisobni tenglashtirganidan yarim soat o‘tib, Umarali Rahmonaliyevning goli evaziga hisobda yana oldinga chiqib olishdi. Rosti, “Paxtakor”dan javob goli bo‘lishini kutgandik va amalda shunday ham bo‘ldi. Dragan Cheranning zargarona to‘p uzatishini Farruh Sayfiyev darvozaga joylab qo‘ydi. Lekin bunga rozi bo‘lmagan “Bunyodkor” futbolchilari oxirigacha kurashishdi. Zaxiradan maydonga tushgan Usmonali Ismonaliyev jarima maydoni ichida Dragan Cheranni aldab o‘tgan vaziyatda u raqibining oyog‘ini ilib olgandi. Avvaliga bosh hakam o‘yinni davom ettirdi. Biroq keyinchalik VARning aralashuvidan so‘ng bosh hakam vaziyatni takror ko‘rgach, penalti belgilashga qaror qildi. 90+4-daqiqada yana Umarali Rahmonaliyev katta sahnaga chiqdi va uchinchi golni “Paxtakor” darvozasiga joyladi. Shu tariqa, “Qaldirg‘ochlar” uzoq kutilgan g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

“Bunyodkor” oxirgi marta qachon yutgani yodingizdami? 25 aprel kuni Yaypanda “Neftchi” ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lib, shundan beri raqiblariga qarshi durang va mag‘lubiyat kabi natijalarni ko‘rsatib kelayotgandi. Ikki oydan ortiqroq davom etgan g‘alabasiz seriyaga “Paxtakor” bilan uchrashuvda barham berishdi. Buning ustiga Viktor Karpenko “Bunyodkor” bosh murabbiyi sifatida ilk g‘alabasini tantana qildi.

Ochig‘i, “Bunyodkor” g‘alabani ko‘proq xohladi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida “Paxtakor” bosh murabbiyi Slavche Voyneski to‘g‘ri aytdi. U ham raqibning g‘alaba uchun xohish va istagi kuchli bo‘lganini tan oldi. Shu kuni “Paxtakor” o‘ziga o‘xshamadi. Jamoa o‘yini izdan chiqib ketdi. Xato va kamchiliklar negadir ko‘p kuzatildi. Yosh “bunyodkor”chilar tajribali raqibiga qarshi har jabhada ishonchli o‘yin namoyish etdi. Uchta goldan tashqari ularda yana bir qator xavfli vaziyatlar ham bo‘ldi. “Paxtakor” ushbu mavsumda chempionatimizda ilk bor o‘z darvozasidan uchta gol o‘tkazib yubordi. “Bunyodkor” o‘z o‘yini bilan “Sherlar”ning ojiz nuqtalarini ko‘rsatib qo‘ydi. Qolaversa, nimagadir “Paxtakor” futbolchilarining kayfiyati ham yaxshi emasdek, ko‘rindi.

“Bunyodkor”ga qarshi o‘zaro o‘yinlarda endi barchasi tenglashdi. 33 ta uchrashuvda 12 tadan g‘alaba va 9 ta durang. Faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra “paxtakor”chilar uchta to‘p farqi bilan oldinda. Qizig‘i, o‘tgan yilning 27 noyabr kuni “Bunyodkor” maydonidagi o‘yinda ham “Paxtakor” 3:2 hisobida taslim etilgandi. Yana bir qiziq jihat shundaki, 2019 yilning 27 noyabr kuni “Paxtakor” maydonida o‘tgan bellashuvda ham “Bunyodkor” 2:3 hisobida raqibini mag‘lub etgan. Umuman aytganda, "qaldirg‘ochlar" ushbu hisob bilan 4 marta g‘alaba qozonishgan.

“Bunyodkor” uchun birinchi davra yakunlandi. “Qaldirg‘ochlar” rejadagi barcha 13 ta o‘yinni o‘tkazib bo‘lishdi. “Paxtakor”da esa yana ikkita zaxira o‘yini bor. 5-turda o‘tishi kerak bo‘lgan “Metallurg”ga qarshi bahs 4 iyulga belgilangan bo‘lsa, 11-tur doirasida safarda “So‘g‘diyona” bilan uchrashuv 6 avgustda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Izdan chiqarib yuborilgan o‘yin va kayfiyatsiz "Paxtakor"!