Superligadagi tanaffusdan foydalanib klublarimizda to‘p tepgan legionerlardan biri bilan suhbatlashish istagi tug‘ildi.
Serbiyalik futbolchilarning shunday ajoyib xislati borki, ular doim har qanday vaziyatda, har qanday inson uchun ochiq. Hattoki sizni tanimasa ham. 2008-2010 yillarda "Paxtakor"da to‘p tepgan Darko Markovich ham shundaylar toifasidan. Unga ijtimoiy tarmoq orqali O‘zbekistondan ekanligimni aytishim zahotiyoq suhbatlashishga tushdi. Muxlislarga salom yo‘lladi. Shu asnoda suhbatimizni ham boshladik.
- Ayni paytda nimalar bilan bandsiz?
- Avvalambor barchaga alangalik salom yo‘llamoqchiman. Hozirda Chernogoriyada to‘p tepmoqdaman. Faoliyatimni hali yakunlaganim yo‘q. Fikrimcha, bu tez orada yuz beradi. Menda UYEFAning B litsenziyasi bor. Shunday ekan butsalarimni mixga ilgach murabbiy sifatida ishimni davom ettiraman. Kelajakda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
- Palovni sog‘indigizmi?
- Albatta palovni eslayman. Juda mazali va boshqacha taom. Bu yerdagilarga palov haqida ko‘p gapirib beraman.
- Umuman "Paxtakor" va O‘zbekistondagi xotiralaringiz nimasi bilan yodda qolarli kechgan?
- "Paxtakor" - katta jamoa. Bu jamoa tarkibida yaxshi futbolchilar yig‘iladi. Muxlislar, Toshkentdagi insonlarning samimiyati yodimdan chiqmaydi.
- Qiziq, poytaxt klubiga kelishingiz tarixi qanday bo‘lganini ayta olasizmi?
- O‘sha paytda men "Zeta" klubi bilan Turkiyada yig‘inida edim. Mazkur yig‘in doirasida Buxarestning "Styaua" klubi bilan o‘rtoqlik uchrashuvimizni "Paxtakor" murabbiylari kuzatgan. Shundan keyin taklif bilan chiqishdi.
- Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, klub sizni ma’lum summa evaziga transfer qilgan...
- Ochig‘i bilmayman. Klublar o‘zaro kelishgach men ham o‘z talablarimni aytganman.
- Sizning kelishingiz "Paxtakor" - "Bunyodkor" o‘rtasidagi Toshkent derbisining eng avjiga chiqqan paytga to‘g‘ri kelgandi...
- Uchrashuvlar ajoyib atmosferada o‘tardi. Raqobat, prinsipiallik har jabhada ko‘ringan. Menimcha hamma futbolchi ham bunday o‘yinlarni yaxshi ko‘radi.
- Rivaldo singari jahon yulduziga qarshi o‘ynash nasib qilgan. Qandaydir hayajon yoki ajablanish holati ro‘y bermaganmi?
- Bunday futbolchilarga qarshi to‘p tepish doim yoqimli hislarni bergan. Lekin bu men uchun yangilik hisoblanmasdi. Boisi "Zeta" safida yevrokuboklarda bir qator yulduzlar bilan to‘qnash kelgandim. Rivaldo, Skolari meni xayron qoldirmagan. Hammasini oddiy qabul qilganman.
- Nima deb o‘ylaysiz, yuqori saviyadagi top legionerlar O‘zbekiston chempionatini nufuzini oshirdimi?
- Bu fikringizga qo‘shilaman. Ammo legionerlardan tashqari "Paxtakor" va "Bunyodkor"da yaxshi darajadagi mahalliy yigitlar jamlangandi. Ignatiy Nesterov, Anzur Ismoilov, Odil Ahmedov, Aleksandr Geynrix, Zayniddin Tojiyev, Ilhom Suyunov, Asror Aliqulov kabi ijrochilarni ortiqcha ta’riflash shart emas.
- Qaysi futbolchidan kelajakda yuqori natija kutgan edingiz?
- Futbol jamoaviy sport turi. Yuqorida ham aytdim. Kimnidir ajratib ko‘rsatish qiyin.
- "Sherlar" libosida 100ga yaqin o‘yinda maydonga tushgansiz. Aynan bitta bahsni ayta olasizmi?
- 2009 yilgi O‘zbekiston kubogi finalida "Bunyodkor"ni mag‘lub etib bir yil oldingi mag‘lubiyat uchun revansh olgan edik. Undagi hissiyotlarni so‘z bilan ta’riflash juda murakkab.
- Statistikaga ko‘ra, 20ga yaqin gol urganingizni ko‘rish mumkin. Ular orasida eng chiroylisi qaysi bo‘lgandi?
- Bilsangiz, "Neftchi" bilan o‘yinlar o‘zgacha derbi maqomida o‘tardi. Shunday uchrashuvlarning birida Zayniddin Tojiyevning pasini golga aylantirganim esimda hamon.
- Bugungi kunda ham sobiq jamoangizning natijalari bilan qiziqib turasizmi?
- Befarq emasman. "Paxtakor"ning OCHL va O‘zbekiston chempionatidagi o‘yinlarini kuzatib boryapman.
- 2008-2010 yillarda Viktor Jalilov, Miodrag Radulovich, Ravshan Haydarov ustozligidagi jamoa. 2017-2020 yillarda Shota Arveldaze boshchiligidagi "Paxtakor". Qaysi biri sizningcha kuchli?
- O‘ylab ham o‘tirmasdan javob berishim mumkin. Shubhasiz 2008-2010 yildagi "Paxtakor" men uchun eng kuchlisi. Viktor Jalilov, Ravshan Haydarov qo‘l ostida chiroyli futbol ko‘rsatardik. Ularga saytingiz orqali salomimni yetkazib qo‘ying.
- "Paxtakor"dan ketishingizni kim istagan? Eshitishimizga qaraganda Samvel Babayan bilan o‘shanda nizo yuzaga kelgan...
- Bilmadim, buni kim istagan. Futbolchilar maosh olmasa ham o‘ynardi. Nizo esa men emas Babayan tomondan bo‘lgan, deya olaman. Keyinchalik FIFAda men g‘olib chiqib maoshlarimni oldim. Balki Samvel Babayan bu haqida to‘liqroq bilar. Muammoni doim ikki tomoni bo‘ladi.
- O‘zingiz bilan birga o‘ynagan futbolchilardan iborat ramziy terma jamoangiz qanday ko‘rinish olgan?
- Nesterov, Ivanovich, Ismoilov, Kosorich, Radunovich, Ahmedov, Stevanovich, Zakarich, Kabat, Korach, Lendrich.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)