1 244
Hafta transferlari: «Chelsi» katta xaridlar qildi, «Yuve» tekinga top futbolchilar olishda davom etadi...
Yevropa klublari bozorda faollashmoqda — so‘nggi haftada 20 dan ortiq kelishuv imzolandi. Quyida so‘nggi kunlarning asosiy transferlari keltiriladi.
Rahim Sterling: «Manchester Siti» → «Chelsi» (56,2 mln yevro)
Rahim Sterling «Chelsi»ning Roman Abramovichdan keyingi davrdagi ilk transferi bo‘ldi - endi amerikalik Todd Boeli boshqaruviga o‘tgan London klubi ushbu futbolchi uchun 45 mln funt sarfladi. Angliyalik futbolchi «Man Siti» safida 2015 yildan beri to‘p surdi va 200 dan oshiq o‘yinda maydonga tushdi. Yakunlangan mavsumda u 47 o‘yinda 19 gol urib, yetti golli uzatmaga mualliflik qildi. «Chelsi» bosh murabbiyi Tomas Tuxel Sterlingning yoshi, tajribasi va o‘yin uslubi jamoaga mos kelishini aytgan. Rahimning Angliya milliy jamoasidagi safdoshlaridan biri Meyson Maunt u londonliklar klubini yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidlagan. 27 yoshli Sterling 2027 yil yoziga qadar amalda bo‘luvchi shartnomaga imzo chekkan («5+1» sxemasi bo‘yicha).
Sterling - «Inter»ga ijaraga berilgan Romelu Lukaku uchun o‘rinbosar emas, u yengilroq, tezkorroq, texnar va belgiyalik forvard kabi markazda emas, qanotda o‘ynashni afzal ko‘radi. U «Siti»dagi yetti yilda ko‘p bor pozitsiyasini o‘zgartirgan va ko‘proq chap qanotda foydali o‘yin ko‘rsatgan. Tuxel yangi mavsumda ham markazda Haversdan foydalanadi, hujum uchligidagi yana bir o‘rinni shubhasiz Maunt band etadi: Pulishich va Hadson Odoi o‘sishga erishmadi, Ziyosh «Milan»ga ketmoqchi, Verner hujumlarni yakunlashda samarali emas. Sterling esa oldingi chiziqdagi istalgan pozitsiyani yopa oladi. «Chelsi»da 2016/17 yilgi mavsumdan buyon barqaror gol uruvchi to‘purar bo‘lmagan, o‘shanda Kosta APL o‘yinlarida 20 gol urgandi. Sterling bu natijadan o‘ta olmasa ham, klubning samaradorligi oshishi tayin.
Kalidu Kulibali: «Napoli» → «Chelsi» (38 mln yevro)
Yozda «Chelsi» ikki markaziy himoyachisini yo‘qotdi. Antonio Royudiger «Real» bilan, Andreas Kristensen — «Barselona» bilan shartnoma imzoladi. Ularning ikkisi ham «Chelsi»ni erkin agentlar maqomida tark etishdi va klubga bu transferlar foyda keltirmadi. 31 yoshli Kulibali «Napoli»da 2014 yildan buyon o‘ynab keladi, har yili uning nomi qator klublar bilan bog‘lab kelingan bo‘lsa-da, klub rahbari Aurelio De Laurentis uni klubda olib qolishda davom etdi. Endi esa senegallik futbolchi Angliya top-klubi bilan 2026 yilga qadar amal qiluvchi shartnomaga imzo chekdi.
Kristian Eriksen: «Brentford» → «Manchester Yunayted» (erkin agent)
Bir yil oldin daniyalik futbolchining karerasi yakuniga yetgandek edi. Ushbu futbolchi Yevro-2020 o‘yinida klinik o‘limni boshdan kechirgan va ko‘pchilik uni pensiyaga jo‘natishgandi. Kristian «Inter»ni tark etishiga to‘g‘ri keldi, futbolchiga kardiostimulyator o‘rnatilgandi, Italiyada esa bunday moslama bilan maydonga chiqish taqiqlangan. Shunga qaramay, 30 yoshli Eriksen jiddiy shug‘ullanishda davom etdi va o‘tgan yil oxirida, qishki transferlar doirasida «Brentford» safiga qo‘shilib, yarim mavsumda e’tiborli natija qayd etdi (11 o‘yin, bir gol, to‘rt uzatma). Endi esa Kristian yaqin uch yilni «Manchester Yunayted»da o‘tkazadigan bo‘ldi.
Arturo Vidal: «Inter» → «Flamengo» (erkin agent)
O‘tgan mavsum yakunlangach «Inter» maoshlar vedomostini qisqartirish uchun bor imkoniyatni ishga solgan holda Vidaldan qutulishga harakat qilishi ma’lum edi. Yakunda tomonlar o‘zaro rozilik asosida shartnomani bekor qilishdi. 2021/2022 yilgi mavsumda Vidal 40 o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urdi va Italiya Kubogini qo‘lga kiritdi. Chililik futbolchi qarshisida faoliyatining yangi bosqichi — u Braziliyaning «Flamengo» klubi bilan shartnoma imzoladi.
Anxel Di Mariya: «PSJ» → «Yuventus» (erkin agent)
Argentinalik futbolchi ikki hafta muqaddam erkin agentlar bozorida paydo bo‘ldi, uning «PSJ» bilan shartnomasi uzaytirilmadi. 34 yoshli Di Mariya tezda o‘ziga yangi klub topdi va «Yuventus» bilan shartnoma imzoladi. Italiyada xabar qilishlaricha, ushbu futbolchi transferiga turinliklar bosh murabbiyi Massimiliano Allegri shaxsan qiziqish bildirgan. Anxel «Yuventus» Italiyaning asosiy klubi ekanini e’tirof etib, unda yangi klubi bilan ko‘plab sovrinlar yutib olish imkoniyati borligini ta’kidlagan. «PSJ» safida argentinalik 2015 yildan buyon to‘p surib kelayotgandi va qariyb 300 o‘yinda maydonga tushgandi.
Pol Pogba: «Manchester Yunayted» → «Yuventus» (erkin agent)
Olti yil oldin «Yuventus» Pogbani «Manchester Yunayted»ga 105 mln yevro evaziga sotgandi, endi esa uni tekinga qo‘lga kiritmoqda. «Pol Turinga qaytdi. U bu yerdan yosh yigitchaligida ketgandi, endi esa haqiqiy erkak va chempion bo‘lib qaytdi», — deya fransuzning transferini e’lon qilgan «Yuventus» matbuot xizmati. 29 yoshli futbolchi Angliyada unda ko‘plab muammolar bo‘lgani, yuragi esa turinliklar jamoasi foydasiga tanlov qilganini aytgan. O‘tgan mavsumda 29 yoshli jahon chempioni 26 o‘yin o‘tkazib, atigi bir gol urgan.
Rafinya: «Lids» → «Barselona» (58 mln yevro)
«Barselona» oldingi chiziqni braziliyalik futbolchi bilan mustahkamladi. 25 yoshli futbolchi transferi arzon tushmadi, ammo o‘tgan mavsumda u deyarli har uchinchi o‘yinida gol urgan (APLning 35 o‘yinida 11 gol). Bunday samaradorlikni Rafinya 2018 yildan buyon (o‘shanda Portugaliya chempionatida edi) ko‘rsatmagandi. Avvalroq katalonlar klubi himoyachi Andreas Kristensen va yarimhimoyachi Frank Kesseni erkin agentlar sifatida tarkibga qo‘shib olgandi. «Bavariya» bilan shartnomasini uzaytirmagan Robert Levandovskining transferi ham tekinga tushmoqda.
Luka Yovich: «Real» → «Fiorentina» (erkin agent)
Serbiyalik hujumchi transferi noodatiy sxemalarda kechdi. «Fiorentina» futbolchi uchun bir yevro ham to‘lamadi, «Real» esa 2024 yil yoziga qadar uning maoshining yarmini to‘lab boradi. Shu bilan birga, madridliklar jamoasi uning keyingi sotuvidan 50 foizlik ulush oladi. Yovich tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tib, «2+2» shaklidagi shartnomaga imzo chekkan. 24 yoshli hujumchi 2019 yilda «Real» tomonidan sotib olingandi, ammo asosiy tarkibdan o‘rin ololmadi va 51 o‘yinda atigi uchta gol urdi. Endi Luka faoliyatini Italiya chempionatida qayta tiklab ko‘rishga urinadi.
Kleman Langle: «Barselona» → «Tottenhem» (ijara)
Londonliklar klubi yana bir yangi futbolchi bilan safini to‘ldirdi, ammo bu safar ijara asosida. Avvaliga Langle «Tottenhem»ga o‘tishga rozi bo‘lmayotgandi, ammo Antonio Konte uni ko‘ndirdi. Bosh murabbiy futbolchi bilan suhbat o‘tkazgan va unga ko‘proq o‘yin amaliyoti berishni va’da qilgan. Langle bir mavsumga ijaraga olingan, kelishuvda uni sotib olish huquqi yo‘q. 27 yoshli fransuz vaziyatini o‘zgartirishi zarur edi, chunki u o‘tgan mavsumda La Ligada faqat beshta o‘yinda to‘liq o‘ynagan. «Tottenhem» bungacha Ivan Perishich, Iv Bissuma, Risharlison va Freyzer Forster kabi futbolchilar bilan boyigandi.
Andreas Pereyra: «Manchester Yunayted» → «Fulhem» (9,5 mln yevro)
Braziliyalik futbolchi 2015 yildan buyon «MYU» a’zosi edi va bu vaqtda ko‘p bor ijaraga berildi. U Ispaniya, Italiya va Braziliyada o‘ynab keldi. O‘tgan mavsumda «Flamengo»da 29 o‘yinda uch gol urgan. Andres nihoyat «Manchester Yunayted»ni tark etdi, ammo APLda qoldi. Iyun oyi oxirida Pereyra «Flamengo»da barcha narsa o‘zini qoniqtirayotgani va shu yerda qolishini aytgandi. U «MYU»ning asosiy jamoasi uchun jami 75 o‘yinda maydonga tushib, to‘rt gol urgan.
Federiko Bernardeski: «Yuventus» → «Toronto» (erkin agent)
Kanada klubi italiyalik futbolchilarni jamlamoqda. Bungacha Domeniko Krishito va Lorenso Insine «Toronto» bilan shartnoma imzolagandi, endi esa «Yuventus»ning sobiq futbolchisi Shimoliy Amerikaga kelmoqda. Bernardeski turinliklar klubi safida 2017 yildan buyon o‘ynayotgandi, o‘tgan mavsumda 36 o‘yinda «gol+pas» tizimi bo‘yicha 8 (2+6) ochko to‘pladi. Yevropa chempioni endi o‘z kuchini Shimoliy Amerikaning asosiy ligasida sinab ko‘radi, «Toronto» esa italyanlar moslashishda qiynalmasligi uchun barcha ishni qilmoqda.
Andrey Yarmolenko: «Vest Hem» → «Al-Ayn» (erkin agent)
Ukraina terma jamoasi futbolchisi BAAga yo‘l oldi, u ayni vaqtda «Al-Ayn»ni boshqarayotgan ukrainalik Sergey Rebrov bilan ishlaydi. Avvalroq Ukraina nashrlari Kiyevning «Dinamo» klubi prezidenti futbolchiga shartnoma taklif qilgani, ammo Yarmolenko boshqa variantni afzal ko‘rganini xabar qilgandi. O‘tgan mavsumni Andrey Angliyada o‘tkazdi va shartnomasi muddati yakunlangani tufayli «Vest Hem»ni tark etdi. Rebrov Yarmolenko kelishi bilanoq BAAda juda qiziqarli chempionat borligi va bu yerdagi raqobat UPLdagidan kam emasligini aytdi.
Pepe Reyna: «Latsio» → «Vilyarreal» (erkin agent)
Tajribali ispan darvozaboni vataniga qaytdi va bir yillik shartnoma imzoladi. So‘nggi yillarda Reyna Italiyada («Napoli», «Milan», «Latsio») o‘ynadi, ammo o‘tgan mavsum u uchun ko‘ngildagidek kechmadi. Chempionatning ikkinchi davrasida darvozabon zaxirada qolib ketdi va faqat Italiya Kubogidagi ikki o‘yinda o‘ynadi. Bir yarim oydan keyin Reyna 40 yoshga chiqadi, ammo u hozircha faoliyatini yakunlamoqchi emas. Darvoqe, Pepe «Vilyarreal»da avval ham o‘ynagan (2002 yildan 2005 yilgacha), keyin «Liverpul»ga ketgandi.
Nani: «Venetsiya» → «Melburn Viktori» (erkin agent)
Yevropa chempioni so‘nggi besh yilda ko‘p bor klub almashtirdi. 35 yoshli portugaliyalik vatanida ham, Italiya va AQSHda ham o‘ynadi. O‘tgan mavsum «Venetsiya» a’zosi edi, ammo klub A Seriyada jon saqlab qololmadi. Nani Italiya futbolining yuqori divizionida 10 o‘yinda maydonga tushdi, ammo mavsumning so‘nggi oylarida zaxira o‘rindig‘ida qolib ketdi. Endi ushbu faxriy futbolchi Avstraliya klubi bilan bir yillik shartnoma tuzgan.
Boshqa transferlar:
So‘nggi to‘rt yilni Italiyada o‘tkazgan kolumbiyalik 33 yoshli darvozabon David Ospina «Napoli»ni erkin agent sifatida tark etdi va pul ishlash uchun Saudiya Arabistonini tanladi. Unga «Real» va «Atletiko»dan qiziqishlar bor edi, ammo bu klublar unga «Al-Nasr»dan ko‘ra kattaroq maosh ham, asosiy tarkibdan o‘rin ham taklif qila olmasdi.
Mali terma jamoasining 22 yoshli tayanch yarimhimoyachisi Sheyk Dukur «Lans»dan «Kristal Pelas»ga o‘tdi. U besh yillik shartnoma imzolagan.
«Liverpul» tarbiyalanuvchisi Neko Uilyams «Nottinghem Forest» bilan to‘rt yillik shartnomaga imzo chekdi. 21 yoshli futbolchi mersisaydliklarning asosiy jamoasida 33 o‘yinda maydonga tushishga ulgurdi.
Shvetsiyalik himoyachi Lyudvig Augustinsson «Sevilya»dan «Aston Villa»ga yo‘l oldi. Angliya klubi futbolchini bir mavsum uchun ijaraga olgan.
«Barselona» hujumchisi Reyu Manay «Uotford» a’zosiga aylandi. Katalonlar klubi futbolchining qayta transferidan 50 foiz ulush oladi.
«Sporting» «Barselona»dan 22 yoshli yarimhimoyachi Fransisku Trinkanni ijaraga oldi. Ikki yil oldin katalonlar uni «Braga»dan 31 mln yevroga xarid qilishgandi.
18 yoshli ukrain yarimhimoyachisi Yegor Yarmolyuk «Brentford» bilan «3+1» sxemasida shartnoma imzoladi. «Dnepr-1» futbolchisi transferidan 1,5 mln yevro ishladi.
«Monako» gladbahning «Borussiya»sidan hujumchi Brila Emboloni sotib oldi. Kelishuv qiymati 12,5 mln yevroni tashkil etgan.
Yarimhimoyachi Mattias Svanberg «Bolonya»dan «Volfsburg»ga o‘tdi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar