1 357
Ivan Boshkovich: "Bunyodkor" U-21 taklifiga nega yo‘q deyishm kerak edi? O‘zbekistonda futbol pasaymagan. Faqat...
"Bunyodkor" akademiyasi tizimida faoliyat olib borgan Ivan Boshkovich klub o‘rinbosarlariga bosh murabbiy etib tayinlanganidan xabaringiz bor.
Ayni paytda Xorvatiyadagi yig‘in uning boshchiligida o‘tmoqda. "Dinamo Zagreb" yoshlariga qarshi kechgan o‘yinda norasmiy debyutini amalga oshirgan Ivan Boshkovichni suhbatga chorladik.
- Klub rahbariyatining o‘rinbosarlar jamoasiga taklifini qanday qabul qildingiz?
- So‘nggi ikki yilda 17-18 yoshli futbolchilar bilan ishladim. Ayni paytda o‘rinbosarlar jamoasini shunga monand ravishda yoshartirmoqdamiz. O‘rinbosarlar bilan ishlash bir muncha osonroq, deb o‘ylayman. Chunki bular saralangan, ko‘nikmaga ega futbolchilar. Avvalgi bolalarga nisbatan kerakli o‘yinni yo‘lga qo‘ya olaman. Klub rahbariyatining taklifiga kelsak, yaqinda Pro litsenziyasiga o‘qishlarni tugatdim. "Bunyodkor" rahbariyatining o‘rinbosarlar jamoasiga taklifiga nima uchun yo‘q deyishim kerak edi? Bu menga oldinga qadam tashlashim uchun yana bir imkoniyat. Tarkibdagi futbolchilar o‘rinbosarlar jamoasida o‘ynashga loyiqdirlar. Fikrimcha, tushunchalarimni yetkazib berishda muammo bo‘lmaydi. Chunki ayrimlari bilan oldin birga ishlaganman. Meni endi ko‘rib turishgani yo‘q. Talablarimni bilishadi.
- Xorvatiya yig‘ini futbolchilarga nima bermoqda?
- Birinchi o‘rinda mamlakat o‘zgardi. Ayrimlar bunday darajadagi xorij yig‘inida ilk bor qatnashmoqda. O‘zlaridan bir bosh baland bo‘lgan raqiblar bilan kuch sinashyapti. Kamchiliklarini ko‘rib olishayotganini ham aytish joiz. Xorvatiya jamoalari juda tez. To‘pni bir-biriga o‘ylab o‘tirmay uzatadi. Yevropa zamonaviy futbolga o‘tgan. Mazkur jihatlarni o‘zimizga olishimiz kerak.
- "Dinamo Zagreb" bilan o‘yindan so‘ng sizni xavotirga solgan jihat nima bo‘ldi?
- Aytarli xavotirga asos bo‘ladigan jihatlar yo‘q. Faqat jismoniy tomondan ortda qolayotganimiz sezildi. Lekin ishlashda davom etishimiz kerak. Chunki "Bunyodkor" o‘rinbosarlari O‘zbekistonda o‘z mavqeiga ega. Hozirda turnir jadvalida 2-o‘rinda ketmoqdamiz. Biroq menda ham jamoaga o‘rgatishim kerak bo‘lgan jihatlar talaygina. Abduhamid Qodirov bilan birga bu yoshlarning o‘sishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Ular nafaqat "Bunyodkor"da, balki terma jamoada, kelajakda boshqa klublarda o‘ynab keta olishi lozim.
Maqsadlarimizdan biri ham shunday. Natija? Bu o‘yinni va ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali o‘zi keladi. To‘pni biz nazorat qilishimiz, raqib jarima maydonchasi atrofida pressing qilishimiz darkor. Raqibdan har tomonlama ustunlik qilib yutishimiz shart. "Bunyodkor"dagi futbolchilarning ruhiyatida shu jihat bo‘lishi zarur. To‘p bizda bo‘lmagan vaziyatda ham o‘yinni nazorat qilishni futbolchilarga singdirishga harakat qilyapmiz. To‘p bilan va to‘psiz. Yuqori bosim, hujum, gollar urish, pressing uyushtirish. Shunday o‘yin orqali futbolchi o‘sadi.
- Lekin jamoani barqaror ushlab turish qiyin. Boisi futbolchilarning hammasi ham bir xil darajada emas...
- Men sizga aytsam, kimdir tezroq o‘sishga erishadi, qaysidir futbolchida bu jarayon sekin yuz beradi. Bu - futbol. Biz murabbiylarning vazifasi ularga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatish. Eng muhimi bu yigitlar keyinchalik qandaydir sabablar bilan futbolchi bo‘lmasada, insoniylik xislatlarini, tartib-intizomni saqlab qolishi darkor. "Bunyodkor"ning o‘rgatadigan narsalaridan yana biri bu inson sifatida o‘stirish. O‘zbekistonda iqtidorlar juda ko‘p.
Yana bir jihatga to‘xtalsam, jamoadagi har bir inson oldinga qarab intilishini istayman. Chunki kechagi va bugungi futbolning o‘rtasida farq katta. Ikki davr futbolini solishtirish noto‘g‘ri. Kundan-kunga yangiliklar ro‘y beryapti.
- O‘zbekistonda futbol sifati avvalgiga qaraganda pasaygan degan tushunchaga qanday qaraysiz?
- Yo‘q, faqat raqobat oshgan. Futbol pasaydi, deb ayta olmayman. Raqobat kuchaydi, jamoalarning darajasi tenglashdi. 6ta jamoa chempionlik uchun kurashyapti. Bu o‘zbek futboli uchun yaxshi, deb o‘ylayman. Chempionlik yo‘lida 6ta jamoa kurash olib borayotgani Superliga o‘sayotganini bildiradi.
- "Nasaf" haqidagi fikrlaringiz qiziq. Bugungi "Nasaf" chempionlik uchun qanchalik tayyor?
- "Nasaf"da kuchli akademiyasi bor. Tarkibning asosiy qismini o‘z tarbiyalanuvchilari tashkil qiladi. Ro‘ziqul Berdiyev olib borayotgan ish, ko‘rsatayotgan natijalari to‘g‘ri yo‘lda ekanligidan dalolat. Bunday tizimda nafaqat "Bunyodkor" yoki "Nasaf", balki boshqa jamoalar ham ishlasa yanada zo‘r bo‘ladi. "Nasaf" shu paytgacha chempionlikni qo‘lga kiritmagan. O‘yin sifatini ko‘rib aytishim mumkinki, aynan bu yil mavsumni birinchi o‘rinda yakunlashi mumkin. Yuqorida aytdim, Ro‘ziqul Berdiyev ajoyib faoliyat olib boryapti.
- Klub o‘z tarixida ilk bor OCHL guruh bosqichidan chiqdi...
- Bu kunlar sekin-asta yaqinlashayotgandi. Chunki "Nasaf" futbolchilari bir necha yildan beri birga o‘ynab kelyapti. Uzoq muddatli va sifatli ish yakunda samara berdi.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi