16:52 / 10.08.2022
1 073

"Dinamo"ning yangi bosh murabbiyi Vadim Abramov nimani isbotlamoqchi?

"Dinamo"ning yangi bosh murabbiyi Vadim Abramov nimani isbotlamoqchi?
Xabaringiz bor, Samarqandning “Dinamo” klubiga Vadim Abramov bosh murabbiy etib tayinlandi. Klub musobaqa jadvalida oxirgi o‘rinda qolib ketayotgani sababli rahbariyat Andrey Shipilov bilan xayrlashdi va o‘rniga Vadim Karlenovich bilan kelishuvga erishilgan holda unga ishonch bildirdildi. Shundan so‘ng, Abramov Sports.uz muxbiriga intervyu berdi.

- Vadim Karlenovich, “Dinamo”ga bosh murabbiy bo‘lib tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Bu siz uchun o‘ziga xos kutilmagan voqea bo‘ldimi?
- Odatda, murabbiylarni bunday chorlovlar bilan hayron qoldirib bo‘lmaydi. Qolaversa, musobaqa jadvalida so‘nggi o‘rinda borayotgan jamoadan takliflar kelib tushishi ko‘p kuzatiladi. “Dinamo” bilan ham mana shunday holat yuz berdi. Meni muzokara o‘tkazishga taklif qilishdi. Bu taklifga javoban Samarqandga bordim. O‘zaro kelishgan holda uch oylik shartnoma tuzdik. Ko‘ramiz, bu kelishuvdan qanday samara chiqarkin?..Qisqacha aytganda, klub bilan mavsum oxirigacha bitim tuzdik.

- Bungacha “Dinamo”ning o‘yinlarini kuzatib bordingizmi?
- Bilasizmi, bunga qadar “Dinamo” ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatganim ham yo‘q. Ammo muzokara nihoyasiga yetganidan keyin klub ishtirokidagi o‘yinlarni o‘rganishga kirishdim. Dastlabki uchrashuvlarni o‘tkazib olganimizdan keyin umumiy holat borasida menda tasavvur paydo bo‘lishi turgan gap. O‘z navbatida yigitlar mening o‘yin borasidagi qarashlarim, falsafamga tushunib olishlari kerak bo‘ladi. Bir kunda o‘yinga ta’sir o‘tkaza olmasligimiz aniq. Hammasiga vaqt kerak bo‘ladi. Klubga yangi bosh murabbiy kelar ekan, yigitlar o‘zlarining yaxshi tomonlarini namoyish etishga harakat qilishadi.

Lekin baribir bizga oson bo‘lmasligi tayinligini tushunib turibman. Chunki tanaffuslar oralig‘idagi transfer oynasi yopilib bo‘lgan. Endi tarkibdagi bor futbolchilar bilan birga maksimal darajada ishlagan holda murakkab vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilamiz. Buning uchun o‘yinchilar o‘z kuchlariga ishonishlari va hozirgi holatdan klubni olib chiqib ketishlariga g‘ayrat-shijoat bilan ishlashlari zarur.

- Mavsum boshidan beri klubda uch marta bosh murabbiy o‘zgardi. Predrag Rogan, Andrey Shipilov va endi siz. Nima deb o‘ylaysiz, bu nima bilan bog‘liq?
- Ha, men vaziyatni tushunib turibman. Biroq hammasiga izoh berishim mushkul. Chunki menga qadar jamoada ishlagan murabbiylardan bunday ayanchli natijalar nimaning evaziga qayd etilganini ulardan so‘ragan ma’qulroq. Natijalar salbiy tus olgani bois oldingi hamkasblarim o‘zlari xohishlari bilan ketishdimi yoki rahbariyat shuni ma’qul topdimi, bunisidan bexabarman. Men faqat o‘zim haqimdagi savollarga javob berishim mumkin xolos. Bugungi holat shundayki, “Dinamo” rahbariyati menga ishonch bildirdi.

- “Dinamo”da hozircha faqat bitta g‘alaba bor. Klubni imkoniyati qanday? Siz jamoa o‘yinida jiddiy o‘zgarishga qo‘l urasizmi?
- Ha, shak-shubhasiz. Bunday o‘zgarishlarga qo‘l urishim tayin. O‘ylaymanki, jarlikdan chiqib ketishning yagona yo‘li – bu har bir ochko uchun oxirigacha kurashishdan iborat bo‘ladi xolos. Agar futbolchilar o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonchni qaytara olishsa, yaxshi natijalar uzoq kuttirib qo‘ymaydi. Lekin hozirgi vaziyatda oldindan bir narsa deyish qiyinligini ham unutmaslik darkor. Chunki klubni tez orada navbatdagi uchrashuv kutib turibdi. Futbolchilar bilan esa hali yaqindan tanishishga ham ulgurganim yo‘q.

Shunday bo‘lsa-da, hammasini tezda hal qilishga harakat qilamiz. Buning uchun yigitlarning fikr-mulohazalariga quloq solmoqchiman. Ertaga ular maydonga tushishadi va o‘zlarining yaxshi sifatlarini namoyish etishga intiladilar. Asosiysi, “Dinamo” o‘yinni uyida o‘tkazadi. Buni tomosha qilish uchun muxlislar stadionga kelishadi. Ularning daldasi orqali ko‘p narsadan umid qilish mumkin.

- Vadim Karlenovich bu siz uchun katta imkoniyatmi? Nega deganda, oxirgi marta milliy terma jamoada ishlab, tanqidlarga duchor bo‘ldingiz. Shunday ekan, “Dinamo”da o‘zingizni ko‘rsatish orqali yana nimalarga qodirligingizni isbotlamoqchimisiz?
- Bilasizmi, kimlargadir nimanidir isbotlash niyatim yo‘q. Oldingi natijalarim hammasini aytib turibdi. Baxtga qarshi terma jamoa bilan qayd etilgan ayrim qoniqarsiz natijalar tufayli mana shunday holat yuzaga keldi. Ayrimlar negadir tirnoq ostidan kir qidirishni yoqtirishadi. Masalan, Farg‘onada ish boshlagan chog‘imda “Neftchi”ning hisobida bor-yo‘g‘i 8 ochko bor edi xolos.

Terma jamoa bilan yaxshi natijalar qayd etib turganimizda jarima tariqasida undan 6 ochkoni olib tashlashgandi. Vaziyatni his qilish uchun hammasiga real ko‘z bilan boqish kerak. Murabbiy klubni yoki terma jamoani qanday holatda qabal qilgan – birinchi navbatda shunga e’tibor qaratish kerak. Masalan, o‘z vaqtida Napoleon Moskva ostonasigacha yetib kelgan. Ammo g‘alabaga bir qadam qolganida hammasi chappasiga aylanib ketgandi. Ko‘ramiz, urinishlarimiz nima berarkin...

- “Dinamo”da sharoit qanday? Futbolchilar bilan gaplashdingizmi? Kayfiyati qalay?
- Oxirgi o‘rinda borayotgan klub o‘yinchilarining holati va kayfiyatlari qanday ham bo‘lardi?! Hammasini raqamlar ham aytib turibdi. “Dinamo” oz gol uryapti, darvozasidan ko‘plab gollar o‘tkazib yuborgan. Shu ko‘rsatkichlar ham vaziyat qanchalik jiddiyligini aytib turibdi. Agar futbolchilar hammasini o‘zgartirishga jiddu-jahd bilan kirishsalar, o‘ylaymanki, natijalari maksimal ko‘rinish hosil qiladi. Agar biz murabbiylar bu masalada o‘yinchilarga yordam bera olsak, klub hozirgi jarlikdan bemalol chiqib ketishi mumkin.

Murabbiyning ishi esa rahbariyat tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarishdan iborat. Hozirgi holat shundayki, biz murabbiylar birinchi navbatda klubni Superligada olib qolish chorasini topishimiz zarur. Shundan keyingi boshqa masalalar – masalan klubning infratuzilmasi, bu yerdagi shart-sharoitlar haqida gapirish uchun sabab topiladi. Mening vazifam qiyin ahvolga tushib qolgan jamoani bundan olib chiqishga urinib ko‘rishdan iborat.

- Murabbiylar shtabida sizga kimlar yordam beryapti?
- Menga shu yerga kelgunimcha yigitlar bilan ishlagan murabbiylar ko‘maklashishadi. Faqat o‘zim bilan bu yerga Marat Miftaxutdinovni olib keldim. U bilan “Bunyodkor”da birga ishlaganmiz. Qolaversa, Miftaxutdinov ham ishsiz yurgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Dinamo"ning yangi bosh murabbiyi Vadim Abramov nimani isbotlamoqchi?