To‘g‘risi, Superligada chempionlikdan ko‘ra, kim yakunda elitada qolishi ko‘proq intriga beradigandek tuyulmoqda. Pro-ligaga tushib ketish uchun meni favoritlarim hozircha 4 jamoani tashkil etmoqda. Ularning qay biri yakunda elitada qoladi? Kimning qanday ustunliklari bor?
1-raqamli da’vogar - "Surxon"
To‘plagan ochkosi: 13
Oldinda turgan o‘yinlari:
Uyda: "Mettalurg", "Nasaf", "Lokomotiv", "Paxtakor", "Qizilqum", "Dinamo";
Mehmonda: AGMK, "Qo‘qon-1912", "Sug‘diyona", "Bunyodkor", "Neftchi".
Janob Lopes boshchiligidagi "Surxon" masalasi anchagina chigal. Klubning o‘z maydonida o‘ynamayotgani va boshqa detallar o‘z yo‘liga. Murabbiy o‘z futboli uchun poydevor qurishni uddalay olgani yo‘q. Jamoa anchagina tarqoq va o‘z o‘yin uslubiga ega emas. Jamoani "tortishi" ko‘zda tutilgan yigitlar esa, kerak pallada asosiy planga ko‘tarila olmayapti. Ispaniyadan tashrif buyurgan legioner mahalliy futbolchilar darajasida. Jo‘raboyev va Markovichning hujumdagi tandemi Superligadagi eng kuchsizlardan biriga aylandi. Albatta, bu mening fikrim, xolos, biroq tarkib borasida ham "Surxon" bugungi ro‘yxatdagi eng kamtarlardan biri bo‘lib turibdi.
Ispaniyalik murabbiy imkon qadar kombinatsion futbol o‘ynashga urinmoqda, ammo ba’zida harakat qilishning o‘zi kamlik qiladigandek. Hozir, buni surxondaryolik muxlislar uchun eshitish yoqimsiz, ammo jamoa elitani tark etish uchun birinchi raqamli da’vogarligi haqiqatga yaqin. Oldindagi o‘yinlarga e’tibor qaratilsa, "uchar tulporlar" ligada qolish uchun kurash olib borayotgan ikki klub bilan mehmonda o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Jamoaning ichki muammolari ham tobora ko‘payib bormoqda. Rahbariyat va viloyat mutasaddilari o‘rtasidagi bahsli vaziyat qanday hal etilishi "Surxon"ning kelajagini belgilab berishi mumkin.
2-raqamli da’vogar - "Dinamo"
To‘plagan ochkosi: 7
Oldinda turgan o‘yinlari:
Uyda: "Bunyodkor", "Lokomotiv", "Olimpik", "Metallurg", "Qo‘qon-1912";
Mehmonda: "Qizilqum", "Neftchi", "Navbahor", AGMK, "Nasaf", "Surxon".
Samarqandliklar tushib qolgan holatga havas qilib bo‘lmaydi, ammo Vadim Abramovning o‘z vaqtida jamoaga taklif etilishi vaziyatni qutqarib qolishi mumkin. Jamoa tarkibi chakki emas. Anchagina hujumkor va istalgan raqibga "jang" taklif qilishi mumkin.
Jamoa transfer oynasidan yaxshi foydalandi. Marat Bikmayev va Elguja Grigalashivilining tajribasi muhim bellashuvlarda asqatishi mumkin. O‘tgan turda klub "Sug‘diyona" bilan bahsda yaxshigina o‘yin namoyish etdi, ammo yakunda o‘tkazib yuborilgan gol 1 ochkoni ham ko‘kka sovurdi. "Dinamo"ning jamg‘argan ochkolari ro‘yxatimizdagi boshqa jamoalarnikidan anchagina kam. Bu so‘nggi turlarda o‘z so‘zini aytmay qolmaydi.
3-raqamli da’vogar - "Neftchi"
To‘plagan ochkosi: 12
Oldindagi turgan o‘yinlari:
Uyda: "Qizilqum", "Dinamo", "Navbahor", "Surxon";
Mehmonda: "Sug‘diyona", "Bunyodkor", "Lokomotiv", "Olimpik", "Mettalurg", AGMK, "Nasaf".
Ochig‘i, mavsum boshida "Neftchi"ning ligada qolish uchun kurash olib borishi birovning hayoliga ham kelmagan edi. Kuchli tarkib, saviyali murabbiy va kattagina muxlislar armiyasi - barcha-barchasi Farg‘onaga futbol qaytayotganidan dalolatdek edi, go‘yo...
Amalda, hammasi o‘zgacha bo‘lib chiqdi. Omadsiz startdan so‘ng jamoa katta bosim ostida qoldi. Ilhom Mo‘minjonov olishi shart bo‘lgan ochkolarni jamg‘ara bilmagach, ishdan olindi. Uning o‘rniga tayinlangan Levchenko barchasini 0dan boshlashga majbur. Mo‘minjonov butun boshli tarkibni o‘z uslubiga moslab, qayta yiqqandi. Endi yangi kelgan mutaxassis ular bilan boy berilgan ochkolarni o‘rnini to‘ldirishga ulgurmasligi mumkin.
Ikkinchi davrada farg‘onaliklar safarda 7, uyda 4 o‘yin o‘tkazadi. Shunday bo‘lsa-da, eng muhim bo‘lgan bahslar ("Dinamo", "Surxon") balki "Istiqlol"da o‘tkazilar. Agar shunday bo‘lsa, bu "yo‘lbarslar" uchun katta naf berishi aniq. "Turon"ga tegishli stadion katta o‘yinlarni ko‘rgan "Istiqlol"ning o‘rnini bosa olmaydi. Mehmondagi o‘yinlarda 3 ochko ishlash hozirgi "Neftchi" uchun anchagina muammo tug‘dirishi aniq. Chempionlik uchun kurashayotgan 3 klub va Toshkentning 3 jamoasi 90 daqiqa kurash taklif etishi aniq. Shunday ekan, hozir Superligada qolish uchun asosiy umid asosiy raqobatchilar bilan bo‘ladigan o‘yinlarga qaratilgan.
4-raqamli da’vogar - "Qo‘qon-1912"
To‘plagan ochkosi: 14
Oldinda turgan o‘yinlar:
Uyda: "Navbahor", AGMK, "Surxon", "Lokomotiv", "Sug‘diyona", "Bunyodkor";
Mehmonda: "Mettalurg", "Nasaf", "Paxtakor", "Qizilqum", "Dinamo".
Qo‘qonliklar ancha yillardan beri o‘rtamiyona klub sifatida Superligada ishtirok etayotgan edi, ammo Baxtiyor Ashurmatov joriy mavsumda o‘z darajasidan ancha pastga tushib ketdi. Rahbariyat vaziyatni o‘nglash uchun boshini ortiqcha og‘ritib o‘tirmadi. Shunchaki, Davron Fayziyevni asosiy planga olib chiqdi. "Neftchi" va "Dinamo"dan farqli o‘laroq, qo‘qonliklar o‘yinida katta farq ko‘zga tashlanmasligi aniq.
"Qo‘qon-1912"ning turnir jadvalidagi qo‘shnilaridan ustun tomoni shundaki, klub tarkibi anchadan beri birga to‘p tepayotgan yigitlardan tashkil topgan. Jamoaviy o‘yin ham "Dinamo", "Neftchi", "Surxon"dan yaxshiroq yo‘lga qo‘yilgan. Bu muhim pallada qo‘l kelishi mumkin. Boshqa jamoalar tarkibni shakllantirayotgan bir paytda, Davron Fayziyev bemalol natija uchun o‘ynashi mumkin.
Hozircha shu argumentlarni keltirish mumkin. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Shunisi aniq-ki, voqealar rivoji shu zaylda borsa, yakunda chempionlikdan ko‘ra, ligada qolish uchun jang ayovsiz ko‘rinish olishi mumkin. Asosiysi, buyog‘i sof va shaffof o‘yinlar orqali kim kuchli ekanligini bilib olaylik. Ligada kim qolishi kun tartibidan o‘rin olgan ikkinchi masala.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi