15:18 / 16.08.2022
1 189

Pro ligada ham benazir legioner bor yoxud "Andijon" uchun noyob topilma...mi?

Pro ligada ham benazir legioner bor yoxud "Andijon" uchun noyob topilma...mi?
“Andijon” klubi pro ligada o‘z kuchini namoyish etib kelmoqda va hozirda haqli tarzda peshqadamlikni qo‘liga oldi. Shunga yarasha tarkib ham saviyali ijrochilardan tashkil topgan desak mubolag‘a qilmaymiz. Turnir jadvalidagi vaziyat hammasini aytib turibdi. “Turon”ga qarshi o‘yin yana bir karra andijonliklarning kuchini ko‘rsatdi. Ko‘pchilik ushbu to‘qnashuvda “Burgutlar”ning “klass” bo‘yicha ham ustunligini e’tirof etdilar.

Bosh murabbiy Viktor Kumikov qo‘l ostida bemalol Superligada ham binoyidek to‘p sura oladigan futbolchilar jamlangan. Tarkibni shakllantirishda sifatga alohida e’tibor qaratilgan. Shuning uchun yozgi seleksiyada ham songa emas, sifatga qaraldi va ikkita kerakli futbolchi bilan kelishuvga erishildi. Qolaversa, legionerlar xizmatidan foydalanib kelayotganini yaxshi bilasiz. Jamoa safida uch nafar xorijlik o‘yinchilar to‘p surishyapti. Bular – serbiyalik himoyachi Vladimir Bubanya hamda chernogoriyalik yarim himoyachi Goron Miloyko bilan hujumchi Bogdan Milich.

Mazkur legionerlar orasida ayniqsa, Miloyko yaqqol ajralib turibdi. O‘zi chempionatimizda saviyali legionerlar kam bo‘lib turgan bir paytda pro ligaga qanday legioner kelardi, degan mazmundagi savollar bo‘lishi aniq. Rosti, boshida o‘sha Goron borasida ham shunday gaplar bo‘ldi. O‘zimizni futbolchilardan ustun joyi ko‘rinmayotgani haqida e’tirozlar bildirildi. Lekin vaqt o‘tib jamoadagi legionerlar va ayniqsa, Miloyko barchasi asossiz ekanini ko‘rsata oldi. Bugungi kunga kelib, chernogoriyalik 28 yoshli futbolchi o‘zining darajasi qandayligini isbotlab kelmoqda.

Agar haqiqatni aytadigan bo‘lsak, Superligada ham u kabi legionerni topish qiyin. Balki bu boshqalar uchun biroz mubolag‘a bo‘lib eshitilishi mumkin. Qolaversa, bir qarashda uning o‘yini yarq etib ko‘zga tashlanmasligi ham bor gap. Biroq Goron Miloyko tayanch “zonasi”da raqib hujumini buzib, jamoasi hujumini boshlashda shu qadar ustasi farangki, hatto, raqiblar ham uning o‘yiniga qoyil qolishyapti. Shubhasiz, pro liganing benazir o‘yinchisiga aylanib ulgurdi. Ochig‘i, uning “Andijon”ga kelishi klub uchun xuddi noyob topilmadek!

Chunki boshida bu darajadagi o‘yinchiligini ko‘pchilik bilmagandi. Uning statistikasi ham ko‘p narsani aytib turibdi. Ortda qolgan 15 ta uchrashuvda legioner barcha o‘yinlarni deyarli to‘liq o‘tkazib kelmoqda. Faqatgina 3-turda “Xorazm”ga qarshi bellashuvda 63-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan. Qolgan hamma uchrashuvlarda u boshidan oxirigacha to‘p surib kelmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, qisqa fursat ichida “Andijon”ning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylandi-qoldi! Shuningdek, Miloykoning hisobida pro ligada 2 ta gol va 2 ta sariq kartochka ham bor.

Kuni kecha “Turon”ga qarshi o‘yinda ham ushbu legioner katta hajmdagi ishni bajardi. Uchrashuvni bevosita stadionda sharhlab borishgan Xayrulla Hamidov hamda Davron Fayziyev uning o‘yiniga yuqori ta’rif berishganiga ham guvoh bo‘ldik. Hozirgi kunga kelib Miloyko andijonlik muxlislarning sevimli futbolchilaridan biriga aylandi. O‘sha “Turon”ga qarshi bahsda esa Goron uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deya e’tirof etildi va bu unga to‘la haqli edi. Bunga javoban futbolchi shunday dedi: “Albatta, buni kutmagandim. Shunchaki, men har bir o‘yinda o‘z potensialimni imkon qadar namoyish etishga harakat qilaman. Murabbiy mendan nimani talab qilayotganini bajarish asosiy maqsadimdir”.

O‘sha o‘yinda g‘alaba uchun qattiq ter to‘kkanlardan biri bo‘lgan Miloykoning shubhasiz uch ochko qo‘lga kiritilishida katta hissasi bo‘ldi. Mehnatkash o‘yinchiligi bilan ham nom qozonib kelyapti. Ayniqsa, markazda jamoadoshi Muhammadkarim Toirov bilan tandemdagi harakatlari ham tahsinga loyiq. Ular birgalikda istalgan raqibni zararsizlantirishga erishishmoqda.

“Turon”dan ko‘ra yaxshiroq o‘yin namoyish etdik. Ayniqsa, uchrashuvning birinchi bo‘limini a’lo darajada o‘tkazdik. Raqib faqat ikkinchi bo‘lim oxirlariga kelibgina bizga xavf tug‘dira oldi xolos. Butun o‘yinni yaxshi o‘tkazdik, deb hisoblayman. Faqat so‘nggi 15 daqiqada xatolarga yo‘l qo‘ydik. Yaxshiyamki, raqib bundan unumli foydalanib qola olmadi. Kubok doirasidagi bellashuvda “Turon” vakillariga endi bunday imkoniyatni bermaslikka urinib ko‘ramiz. Eng asosiysi, muhim uchrashuvni o‘z foydamizga hal qildik. Shu ruhda davom etsak, klub oldiga qo‘yilgan asosiy vazifani bajarib, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritamiz. Shunday bo‘lishiga shubha qilmayman”, - deya yana qo‘shimcha qildi, Goron.

Bu futbolchi Chernogoriya chempionatida “Zeta” va “Iskra Danilovgrad” jamoalarida to‘p surgan. U ilk bor legionerga aylanganini ham unutmaslik kerak. Seleksiyada shunday bo‘ladi: transfer qilingan qaysidir o‘yinchidan ko‘p narsa kutasizu, ammo kutilgan natijani bermaydi. Yana ba’zida kimdandir ko‘p narsa kutmaysiz, ammo u eng zo‘ri bo‘lib chiqadi. Shuning uchun ham transfer bozorida hamma narsa bo‘lishi mumkin. Goron shu qadar jamoaga moslashib ketdiki, o‘zini endi o‘zbekdek his qilyapti. Mashg‘ulotlarda ham jamoadoshlari bilan hatto o‘zbekcha so‘zlar yordamida hazil-huzul qilishiga guvoh bo‘lganmiz. U yangi menlatitetga juda yaxshi moslashib ketdi. Boshida uning nimalarga qodirligiga ishonmaganlar endi yana bir bor uning o‘yinini ko‘rsinlar...

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Pro ligada ham benazir legioner bor yoxud "Andijon" uchun noyob topilma...mi?