1 473
Ivan Sokolov: Qachondan chempionlik haqida o‘ylay boshlagani va shogirdlarini bazmga yubormagani haqida
Photo: Maria Emelianova/Chess.com
Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston jamoasiga Ivan Sokolov murabbiylik qildi. Uning o‘zi ham oldin top-shaxmatchi bo‘lgan. Chess.com saytiga bergan intervyusida kelib chiqishi bosniyalik bo‘lgan grossmeyster o‘zbek vunderkindlari bilan ishlash qanday ekanini aytib berdi.
54 yoshli Sokolov 1990-yillarda va 2000-yillarning boshida eng yuqori saviyada o‘ynagan. 20 yil davomida u doimiy ravishda eng yaxshi 30 shaxmatchi qatorida bo‘lgan va uch marta dunyo reytingida 12-o‘rinni egallagan. Yuqori o‘ntalikka kira olmagan grossmeysterlar orasida u eng muvaffaqiyatlisi edi, deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bir necha katta turnirlardagi (masalan, Hogeven, Selfoss, Sarayevo) g‘alabadan tashqari u faoliyatida klassik partiyalar bo‘yicha jahon chempionlari Garri Kasparov, Vladimir Kramnik, Vishvanatan Anand, Veselin Topalov hamda yosh Magnus Karlsenni mag‘lub etgan.
Ivan Sokolov 2017 yil Yevropa jamoasi safida o‘ynamoqda. Foto: Maria Emelianova/Chess.com
Ivan Bosniyada (o‘sha paytdagi Yugoslaviya, hozirgi Bosniya va Gersegovina) tug‘ilib o‘sgan va 1990-yillardagi urush paytida mamlakatni tark etgan, qochqinlikka yuz tutgan millionlab odamlardan biri edi. 1992 yilda u shaxmatni o‘zgacha qadrlovchi Niderlandiyaga ko‘chib boradi. Bu mamlakatda yiliga besh-oltita katta turnirlar o‘tkazilardi. Yangi vatani unga xorijdagi turnirlarda ishtirok etishni ham osonlashtirdi.
Sokolov turmushidan ajrashgan, hozirda 20 yoshlar atrofidagi ikki farzandi bilan Amsterdamda yashaydi. 2008 yildan buyon shaxmat bo‘yicha murabbiylik qiladi. Avvaliga u sobiq Yugoslaviyaning eng yaxshi iste’dodlari (xorvatiyalik Ivan Sharich va Marin Bosiochich, bosniyalik Borki Predoyevich), keyinroq hindistonlik Baskaran Adhiban va BAA vakili Salim Solih bilan ishlagan.
Shaxmat karerasidan voz kechib, murabbiy sifatida ishlash haqidagi qarorni 2013 yilda qabul qilgan va bu bilan bog‘liq kulgili voqea bor:
«2013 yilda men hali ham yaxshi reytingga ega edim (2663 ball). Ammo bu ko‘tarilishlar va pasayishlar yili bo‘ldi. Taxminan iyun oyida BAA shaxmat federatsiyasidan taklif oldim. Ular Salim Solihga murabbiylik qilishimni so‘rashdi. Ammo Dubayga doimiy ish uchun ko‘chib o‘tishni xohlayotganimga ishonchim komil emasdi.
So‘ngra 600 ga yaqin shaxmatchi ishtirok etgan Vienna Open turnirida o‘ynadim. Turkiyalik yosh shaxmatchiga yutqazib qo‘ydim va 100 yevro mukofot puli oldim. So‘ngra aeroportga bordim, Amsterdamga parvoz qilishim lozim edi. Ammo ular menga: «Samolyot to‘lgan. Keyingi parvozni ikki soat kutasizmi? Biz sizga 250 yevro to‘laymiz», deyishdi. Rozi bo‘ldim va o‘ylanib qoldim. Men katta turnirda 10 kun o‘ynab, 100 yevro ishlab oldim. Bu yerda esa ikki soat kutishim uchun 250 yevro berishyapti. Bu yerda nimadir noto‘g‘ri. Vaziyatni tahlil qilganimdan so‘ng, Dubayga qo‘ng‘iroq qildim va taklif hali ham amaldami deb so‘radim».
Sokolov hozir ham bu qaroridan afsusda emas. Ishlar yaxshi ketmoqda va uning murabbiy sifatidagi natijalari bundan dalolat beradi – Chennaydagi Olimpiada oltin medal bilan yakunlandi.
Ivan 2016 yilning yoziga qadar Salim bilan ishladi, u tez orada Osiyo chempioni bo‘ldi. 2014 yil Tromsyo Olimpiadasida BAA jamoasiga murabbiylik qildi. Bu uning murabbiy sifatidagi ilk Olimpiadasi edi. Bungacha u 1988 yildan 2012 yilgacha barcha olimpiadalarda shaxmatchi sifatida ishtirok etgan (Yugoslaviya, Bosniya va Gersegovina, Niderlandiya terma jamoalari vakili sifatida). Faqat Drezden-2008 olimpiadasini o‘tkazib yuborgan.
Alirizo Firuzjohning kashf etilishi
2016 yilda Sokolov Eron jamoasiga ustozlik qila boshladi, bu lavozimda 2019 yilgi jamoaviy jahon chempionatiga qadar ishladi.
Alirizo Firuzjoh Rigadagi chempionatda, 2021 yil. Foto: Maria Emelianova/Chess.com.
Eronliklar jamoasi Bokuda o‘tgan 2016 yilgi shaxmat olimpiadasida Ozarboyjon va Xitoy kabi shaxmat yetakchilari bilan birga 11-o‘rinni egallab, shov-shuvli natijani qayd etdi. 2018 yilda eronliklar Osiyo Millatlar Kubogida g‘alaba qozondi. Shaxmat olimpiadasida esa Hindiston va Xitoyni ortda qoldirib 15-o‘rinni egalladi.
O‘sha paytda uning shogirdlaridan biri grossmeyster Alirizo Firuzjoh edi. Keyinchalik u Fransiyaga ko‘chib o‘tdi va 2800 reyting ballini qo‘lga kiritgan eng yosh shaxmatchi bo‘ldi.
«2016 yilda Olimpiadaga bir oy qolganda Eronga bordim. Qo‘l ostimda Ehson Maqomiy, Parhom Maqsudli, Muhammad Tabotaboiy, Alirizo Firuzjoh kabi yosh grossmeysterlar bor edi. Ularning ichida Alirizo shaxmatga alohida mehri, sodiqligi bilan ajralib turgan. Uning salohiyati katta ekanini o‘sha paytda sezganman. Biz kuniga 10 soat shug‘ullanar edik», deydi Sokolov.
Kompyuterlar bilan ishlash
Klassik tayyorgarlikka ega Sokolov uchun kompyuterlardan ko‘proq foydalanishga moyil bo‘lgan yoshlar bilan ishlash ham zavq, ham qiyinchilik tug‘diradi.
«Nafaqat Alirizo, balki boshqa yosh shaxmatchilar bilan ishlaganimda ham ularning ma’lum bir pozitsiya uchun noan’anaviy taklif berishiga duch kelganman. Ulardan «kompyuterga bu yoqadi» degan javobni olganman. So‘ngra o‘sha vaziyatni tahlil qilib chiqqanmiz va kompyuterning yanglishayotganini aniqlaganmiz. Agar kompyuter bilan kompyuter o‘ynasa, tahlil to‘g‘ri, ammo odamlar o‘ynaganda tahlil o‘zgacha bo‘lishi ham mumkin».
Sokolov shaxmatchilarga kompyuterdan o‘rganishga yordam beradigan o‘ziga xos usulga ega: shaxmatchi kompyuter taklif qilgan eng yaxshi yurishni emas, balki o‘zi xohlayotgan yurishni qilishi kerak. Bu kompyuter uchun beshinchi o‘rinda turadigan yurish bo‘lishi mumkin.
«Murabbiylik faoliyatimda sun’iy intellekt qanday ishlashini va tez-tez noto‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirib turishini tushunib oldim. Yakkama-yakka o‘yinda uning tahliliga ko‘p ishonch bildiriladi. Amaliyotda esa bu biroz boshqacha».
O‘zbekistonga murabbiylik qilishi
2022 yilning may oyida o‘tkazilgan Sharjah Masters turnirida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi unga milliy jamoaga murabbiylik qilishni taklif etdi. Sokolov Chennay olimpiadasida sharhlovchilik qilmoqchi edi, ammo rejasini o‘zgartirib, Toshkentga yo‘l oldi.
Ivan olimpiadada ishtirok etish uchun tanlab olingan shaxmatchilar Nodirbek Yoqubboyev (olimpiadadagi ekilgan o‘rni 20), Javohir Sindarov (16), Jahongir Vohidov (27) va Shamsiddin Vohidov (20) bilan uchrashdi. Nodirbek Abdusattorov (17) xalqaro turnirda ishtirok etayotgani sababli, uchrashuvda yo‘q edi.
Ishni qanday boshladi?
«Ularning so‘nggi 12 oy ichidagi o‘yinlarini tahlil qildim. Debyutlarga unchalik e’tibor bermadim. Ularning qanday shaxmatchi ekanini, qanday o‘ynashini tushunishga ko‘proq harakat qildim», deydi Sokolov.
«Ularni to‘g‘ri yo‘naltirish uchun miyasi qanday ishlashini tushunib olish kerak. Bundan tashqari, ularga qanday turdagi pozitsiyalar to‘g‘ri kelishini, kamchiliklarini, og‘ir vaziyatga tushmaslik uchun ularni aylanib o‘tish yo‘llarini bilib olish kerak.
Men boshidanoq, ishga kirishishdan oldin ularga aytdim: «Sizlarni osmonga olib chiqmoqchi emasman. Lekin yaxshiroq shaxmatchi bo‘lishingizga, to‘g‘ri tanlov qilishingizga yordam bera olaman, nima ustida ishlashingiz kerakligini ko‘rsata olaman».
Sokolov shaxmatchilarga ko‘plab mittelshpil pozitsiyalarni berdi, ularning qaror qabul qilish jarayoniga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, pozitsiyalar bazasi Eron jamoasi bilan ishlagan davridan beri 70 foizga yangilangan edi.
«Murabbiy sifatida o‘yinning yuqori pog‘onasida qolish, mittelshpilning rivojlanishini tushunish uchun ma’lumotlar bazasini har doim yangilab turish kerak. Shuningdek, yangi debyut g‘oyalarini tushunib olish lozim, chunki shaxmatchilar bunga kelgusida ko‘p duch kelishadi».
O‘zbekiston jamoasi, chapdan o‘ngga: Sokolov, Abdusattorov, Yoqubboyev, Vohidov va Sindarov (Shamsiddin Vohidov suratda yo‘q). Foto: Maria Emelianova/Chess.com.
Sokolov olimpiada chempionlarining uslublarini quyidagicha baholaydi:
Nodirbek Abdusattorov: «Magnus Karlsenga yaqin».
Nodirbek Yoqubboyev: «Ko‘p qirrali shaxmatchi».
Javohir Sindarov: «Sof taktik».
Jahongir Vohidov: «A’lo nazariyotchi».
Shamsiddin Vohidov: «Asosan taktik».
«Ular bilan qanday ishlashni tushunib olishim menga Olimpiada paytida ham debyutni to‘g‘ri tanlashimga yordam berdi», deydi Sokolov.
Futbolda yoki boshqa sport turlarida murabbiy jamoa natijalari uchun qanchalik mas’ul ekani haqidagi bahs-munozaralar tinmaydi. Sokolovning O‘zbekiston shaxmatchilari muvaffaqiyatidagi rolini qanday baholash mumkin?
«Bunday degan bo‘lardim. Murabbiy o‘zi ham shunday vaziyatga tushib qolgan bo‘lsagina shaxmatchilarga yaxshiroq yordam bera oladi. Men Olimpiada chempioni bo‘lmadim, ammo Olimpiada kumush medalini qo‘lga kiritdim [Bosniya va Gersegovina tarkibida, Rossiyadan keyin, 1994 yilda Moskvada ikkinchi taxtada o‘ynab]. 2005 yilda Yevropa chempioni bo‘ldik [Niderlandiya bilan]. Aytganimdek, ko‘plab jahon chempionlarini mag‘lub etganman. Bu tajribaga asoslanib, o‘ylaymanki, men shaxmatchilarga ko‘p yordam bera olaman.
Shu nuqtayi nazardan kelib chiqadigan bo‘lsak, futboldagi Zinedin Zidan, Joze Mourino, Yohan Kroyff yoki Lui van Gal taklif qilinsa, Kroyff yoki Zidanni tanlagan bo‘lardim».
Mavzuni biroz kengaytirib, u qo‘shimcha qiladi: «Ushbu muvaffaqiyatning qancha foizi mening hissamga to‘g‘ri keladi? Bilmayman. Lekin bir narsa aniq: Salim, Eron va O‘zbekiston bilan erishgan yutuqlarim tasodif emas».
Sokolov olimpiadadan oldin g‘oliblik haqida o‘ylamagan edi. «Rostini aytsam yo‘q, ammo qaysidir medal variant bo‘lishi mumkin deb o‘yladim. Toshkentda bo‘lganimda mendan medal haqida ko‘p so‘rashdi. Lekin bu mumkin deb o‘ylagan bo‘lsam-da, ortiqcha va’dalarni bermadim. Chunki Qo‘shma Shtatlar g‘alaba qozona olmasligini tasavvur qilish men uchun juda qiyin edi. Qolgan jamoalar ichida eng yaxshi bo‘lish uchun imkoniyatlarimiz qandayligi haqida o‘yladim.
Raqiblarni tahlil qilar ekanman, bizga omad kulib boqdi deb o‘yladim. Chunki Hindiston uchta jamoa bilan ishtirok etdi, biroq ularning hech biri g‘alaba qozona olmasdi. Agar ular yagona jamoani tuzganida, grossmeyster Gukesh bilan g‘oliblikka da’vogar bo‘lardi. Hindistonning uchta jamoasi ham kuchli edi, lekin Niderlandiya, Germaniya, Fransiya yoki Ispaniya kabi ularni ham mag‘lub etsa bo‘lardi».
Sokolov AQSH terma jamoasiga qarshi o‘yin burilish nuqtasi bo‘lganini tan oladi.
«Oltin medalni qo‘lga kiritishimiz mumkinligi haqida birinchi marta yakshanba kuni o‘tkazilgan amerikaliklarga qarshi o‘yindan keyin o‘ylay boshladim. AQSH shaxmatchilari o‘yinini ko‘rib, ularning musobaqada g‘alaba qozona olmasligiga ko‘zim yetdi».
Olimpiadada an’anaviy tarzda yakshanba kuni arafasida o‘tkaziladigan bazmga shaxmatchilaringizni qo‘yib yubormadingizmi degan hazilomuz savolga Sokolov jiddiy javob berdi.
«Ular bazmdan oldin hayajonlanishdi. Ammo ularga ruxsat bermadim, o‘zim ham bormayman dedim. Bu 1988 yildan buyon ilk marta an’anaviy bazmni o‘tkazib yuborishim edi. «Atigi bir necha soatga boramiz», deb iltimos qilishdi. Yigitlar, bitta kichik muammo bor, men kecha tug‘ilganim yo‘q. Men ham bir vaqtlar yosh edim, meni ko‘ndirolmaysiz, dedim. Yakunda bu to‘g‘ri qaror bo‘lib chiqdi».
Yakshanba kuni Sokolov shogirdlariga Olimpiadada g‘alaba qozonish imkoniyati bor ekanini aytadi. Shuningdek, amerikaliklarga qarshi o‘yinda g‘alaba qo‘ldan chiqarilgan bo‘lsa-da, 2:2 natijasi ham yaxshi ekanini tushuntiradi.
Sokolov Sindarovga Praggnanandhadan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin taskin bermoqda. Foto:Lennart Ootes/FIDE
«Men yigitlarga birinchi navbatda, biz ular bilan boshqa o‘ynamaymiz, dedim. Ikkinchidan, bizda eng yaxshi tay-breyk bor va bu shundayligicha qolsa kerak; Uchinchidan, ular biz uchun boshqa jamoalarni mag‘lub etishadi va bizning turnirdagi yo‘limizni «tozalab» borishadi. Biz esa ikkinchi o‘rinni egallab turgan jamoalar bilan o‘ynaymiz. Keyinchalik bu bashorat unchalik to‘g‘ri bo‘lib chiqmadi».
Sokolovning tan olishicha, so‘nggi turlardan o‘rin olgan Hindiston-2 jamoasiga qarshi o‘yinda jamoaga «omad kulib boqdi».
«Juda ham omadimiz keldi, deyarli yutqazib turgan o‘yinimizda durangga erishdik. Chunki Gukesh to‘liq g‘alaba qozongan pozitsiyasini boy berdi. O‘sha o‘yinda 1:3 hisobidagi mag‘lubiyatni ichimda tan olib turgandim.
Bizga omad kulib boqdi, Gukesh g‘alaba qozonayotgan pozitsiyasi durangga o‘zgarganiga chidolmay hujumga o‘tdi. Shunda omadimiz keldi».
Sokolov Abdusattorovni Gukeshga qarshi muhim partiyadagi g‘alaba bilan tabriklamoqda. Foto: Lennart Ootes
Endi Sokolov Toshkentga qaytib, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan terma jamoadagi ishini davom ettirish bo‘yicha muzokara o‘tkazadi. Uning bu lavozimdagi ishini davom ettirish ehtimoli yuqori.
Final bahsi yakunlangach, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutasaddilaridan birining telefoni jiringladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha shaxmatchilarni tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi.
O‘zbekiston jamoasi chempionlik shohsupasida. Foto: Lennart Ootes
Shaxmat jamoasi vakillari O‘zbekistonda mukofotlandi. Sokolovning o‘zi ham qo‘shimcha mukofot oldi.
Keyingi olimpiada ikki yildan so‘ng Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘lib o‘tadi va unda o‘zbekistonlik yoshlar yanada kuchayib, umuman boshqacha kayfiyatda ishtirok etishadi. Chunki ular amaldagi chempion sifatida musobaqaga tashrif buyurishadi. Ikki yildan so‘ng, 2026 yilda esa olimpiada Toshkentda o‘tkaziladi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi