10:49 / 18.08.2022
1 727

Aziz Asimov "Nasaf"ga nega penalti bermadi?

Aziz Asimov "Nasaf"ga nega penalti bermadi?
Chempionlik uchun kurashga qo‘shilgan "Nasaf" o‘z uyida Mirjalol Qosimov boshchiligidagi AGMKni qabul qildi. Bahs kutilgan gradusdan ancha baland haroratda o‘tdi, ammo muxlislar uni hakamning qarori bilan yodida saqlab qoladi chog‘i.

Sezib turganingizdek hammasi hakamning belgilagan, keyin bekor qilgan penaltisiga borib taqaladi. Qanchalar urinmasin, VARdagilar bosh hakam Aziz Asimovga kerakli kadrni olib bera olgani yo‘q. Bu referining so‘nggi qaror chiqarishida katta rol o‘ynadi. Avvaliga 11 metrlik nuqtani ko‘rsatgan (yon hakam ham bayroqchasini ko‘tardi) Asimov, keyin vaziyatni qayta ko‘rish uchun ortga qaytdi. VARda o‘tirganlar bilan qizg‘in bahs-munozaraga bordi va yakunda Husayn Norchayevning qo‘lidan to‘pni olib qarorini o‘zgartirdi.

Keling, vaziyatni ko‘rib chiqishga harakat qilamiz. To‘p qanotdan uzatib berilgach, Anzur Ismoilovni qo‘liga borib tegmoqda. Bir qarashda bu ko‘rinmasligi mumkin, ammo to‘p qo‘lga tekkani fakt.

Ismoilov to‘pni emas, to‘p Anzurni topdi. Qo‘l harakati 100 foiz tabiiy edi, biroq uning keragidan ortiq balandga ko‘tarilgani ham haqiqat. Agar Ismoilov qo‘lini tushirgan holda turganida to‘p borib tekkanida, 100 foiz penalti yo‘q edi deyishga asos bo‘lar edi. Bu vaziyatdagi qo‘lining balandligi penaltini 70/30 holatiga keltirdi.

Katta ehtimol bilan xorijlik hakam Qarshidagi bahsda ishlaganida 11 metrlik nuqtani ko‘rsatgan bo‘lar edi. Har holda, qo‘lning keragidan ortiq tepaga ko‘tarilgani bunga asos bo‘ladi. Asimov, ikki tomonni qisman qanoatlantiradigan natija tabloda yonib turgani bois, "risk" qilgani yo‘q. O‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatmaslikni afzal ko‘rdi. Durang, ikki tomon ham yengilmadi. Bu murakkab vaziyatdan chiqib ketish uchun ideal yechim.

Muammoning yuzasida hakamning qarori ko‘ringaniga qaramay, uning ildizi juda xira kadrlarga suyanadigan VARga borib taqalmoqda. Vaholanki, yon chiziq hakami penalti bor ekanligini aytdi. Negadir Asimov maydondagi emas, uning tashqarisida o‘tirgan hamkasblariga ishondi. To‘g‘risi, ushbu holatni takroriy lavhalarini ko‘rgan insonlar, o‘yinni jonli tomosha qilayotgan yon chiziq hakami ko‘rmagan nimanidir ilg‘aganiga ishonish juda qiyin.

Hozirgi holatda bosh hakamni ikkilantirib qo‘ygan asosiy omil - VAR bo‘lib chiqmoqda. Bir qarashda bu sistemaning yurtimiz futboliga kirib kelgani yaxshi, ammo undan 100 foiz foydalanish uchun translyatsiyalarimizning darajasi yetmayotgani achiq haqiqat. Balki, Asimovda o‘sha epizodni tomosha qilich uchun qulayroq rakursdan olingan kadrlar bo‘lganida, hozir bu maqola yozilmagan bo‘lar edi. Turnir jadvalidagi vaziyat boshqacha bo‘lgan, "Navbahor" o‘zi ishtirok etmagan o‘yinda yodga olinmas edi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aziz Asimov "Nasaf"ga nega penalti bermadi?