Bugun Jizzaxning "Sug‘diyona" klubi OFK Kubogidagi yurishini davom ettiradi. "Bo‘rilar"ga Gong-Kongning "Istern" klubi qarshilik qiladi. Xo‘sh, raqib jamoa haqida nimalarni bilamiz?
SPORTS.uz vikipediyadan o‘qib olish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni bir chetga surib, raqib jamoasining o‘yinini tahlil qilishga qaror qildi. Uning kuchli va kuchsiz tomonlari, asosiy futbolchi va o‘yin uslubi haqidagi "svejiy" maqolani mutolaa qiling!
O‘yin uslubi
Sxema: 3-4-3
Roberto Lasada jamoasi uslub va o‘yinga tanlagan sxemasi bilan Osiyo klublaridan keskin farq qiladi. Sof 3 ta himoyachi, qanotlardagi ikkita yarim himoyachi va 2 ta tayanch zonasidagi ijodkor. Oldinda esa, keng maydon bo‘ylab to‘p tepuvchi hujum uchligi. 4 himoyachi bilan o‘ynash tobora urfdan chiqayotgan bir paytda "Istern" 3 ta markaziy himoyachi bilan chinakam hujumkor kollektivga aylanib bo‘ldi. E’tiborlisi shundaki, Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari ertaga anchagina zamonaviy futbolni targ‘ib etuvchi jamoaga qarshi maydonga chiqadi. Jizzaxliklarga oson bo‘lmasligi aniq. Bu bizning Superligamizdagi ehtiyotkor klublardan keskin farq qiladigan raqib.
Hujum va markazdagi futbolchilar 90 daqiqa davomida tinimsiz pressing qilishga moslashgan. Ular to‘p bilan raqib munosabatda bo‘lgan daqiqalarda butun maydon bo‘ylab bo‘sh zona qoldirmaslikka urinadi. Hujumdagi uchlik himoyachilarni doimiy bosim ostida ushlab tursa, markazdagi 4 futbolchi bemalol pressingning ikkinchi blogini tashkil etishi mumkin. Himoyadagi uchlik esa, raqiblarni ancha erta kutib olishga o‘rgangan.
To‘g‘ri, "Istern" himoyalanishda muammolarga uchrashi mumkin, biroq hujumga o‘tishda Roberto Lasada o‘yinni ancha mukammal qurgan. Ushbu suratlarga e’tibor qarating! 3 hujumchi raqib himoyachilarini o‘zi bilan olib yurgan bir paytda, qanot yarim himoyachilari ancha erkin to‘p tepish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu klassik 4 ta himoyachi bilan harakat qiladigan jamoalar uchun ikki hissa noqulay.
Ular bu vaziyatdan chiqib ketish, yaxshi himoyalanish uchun oldindagi asosiy kuchlarini ortga qaytarishga majbur bo‘ladi. Shu bois, to‘p nazorati sekin-asta "Istern" tomoniga o‘tadi. Lasadaning o‘yin falsafasi to‘p nazorati va qanotlarning aktivligi ustiga qurilgan.
Legionerlar borasida "So‘g‘diyona"dan bir bosh baland
Asosan 3 ta sof himoyachi bilan harakat qilishiga qaramay, aynan ular orqali hujumlar boshlanadi. Bu borada 27-raqamdagi Gondra benazir. Agar ularning o‘yinlarini ko‘rib chiqsak, raqib murabbiyi ustomonlik bilan legionerlarni mahalliy futbolchilar bilan qorishtirganiga guvoh bo‘lish mumkin. Himoyada Gondra asosiy ishni amalga oshirsa, markazda 18-raqamdagi Mikael katta hajmda ish bajaradi. Hujum uchligidagi Bartomeu va Fernando vaziyatlardan foydalanish borasida OFK Kubogi darajasidan balandroq to‘p tepmoqda.
Legionerlar borasida raqib istalgan o‘zbek klubi bilan bellasha oladi. Ayniqsa, 9-raqamdagi Viktor Bertomeu borasida alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Baland bo‘yli, jismonan baquvvat ispan ikkinchi qavatda juda faol bo‘libgina qolmay, Lasada qurgan jamoaning yuragi sanaladi. U kerakli pallada ortga qaytishi, to‘p uchun kurash chog‘ida aldamchi to‘qqizlik vazifasini ham bajarishi mumkin.
Shuningdek, Qirg‘iziston terma jamoasi a’zosi Tamirlan Kozubayev ham Gong-Kong klubi mudofaasida ter to‘kib kelmoqda. 186 sm bo‘yga ega himoyachining kuchli zarbasi bor. Markuz Gondra hujum boshlab beruvchi asosiy kuch sanaladi. Sifatli ijrochilar bilan boyitilgan klub boshqa sharq jamoalari singari ularga to‘liq bog‘lanib qolmagan. Mahalliy futbolchilar ham maydonda katta hajmdagi ishni olib boradi.
Kuchsiz tomonlari
"Istern" ham 100 foiz ideal jamoa emas, uning ham kamchiliklari yetarlicha. Asosiysi, bulardan unumli foydalana bilishda. Birinchi navbatda, jamoa zaxira o‘rindig‘i juda tor ekanligiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Murabbiy qo‘l ostida ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilib, bellashuvning borishini o‘zgartirib yuboradigan darajadagi ijrochi yo‘q. Asosiy kuch o‘yinni ilk daqiqalaridan "jangga kirishadi". Bu Ulug‘bek Baqoyev uchun ikkinchi 45 daqiqalikda bosimni oshirish va tempni ko‘tarishda qo‘l kelishi aniq.
Shuningdek, gong-kongliklar ikkinchi qavatdagi kurashlarda anchagina zaif. Shu bois, murabbiy imkon qadar mayda paslar orqali hujum uyushtirishga urg‘u bergan. Agar "So‘g‘diyona" bilan solishtirsak, "Istern" a’zolarining jismoniy holati ham anchagina zaifligini ko‘rish mumkin. Bu mayda kichik-kichik epizodlardagi g‘alabalar yordamida o‘yinning katta qismida ustunlik qilish imkonini beradi. Raqib ochiq futbolda qanchalar xavfli bo‘lsa, past tempdagi kurashlarga boy bahsda shu qadar ojiz. Ulug‘bek Baqoyev raqib ochiq futbol taklif etsa ham o‘zi uchun qulay tempdan voz kechmasligi shart.
Jizzaxdagi maydonning holati ham mezbonlar foydasiga ishlashi aniq. Asosan tezkorlikka suyanadigan "Istern" kamida 30 daqiqani maydonga moslashish uchun sarflaydi. Plyus, muxlislar faktori ham o‘z so‘zini aytishi kerak. Bu - Ulug‘bek Baqoyev boshqaruvidagi "So‘g‘diyona" uchun chinakam sinov vazifasini o‘tab beradigan o‘yin. Bu - joriy mavsumdagi eng og‘ir o‘tishi taxmin qilinayotgan bahs. Ikki tomon ham o‘z ustunliklariga ega. Kim bundan unumliroq foydalansa, o‘sha jamoa yakunda keyingi bosqichga yo‘l oladi.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi