O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiylaridan biri Ro‘ziqul Berdiyev “Nasaf”da qanday ishlayotganini hamma biladi. U bilan doim qiziqarli masalalarda suhbatlashish uchun mavzu topiladi.
Shuning uchun bu safar ham Ro‘ziqul Sa’dullayevichdan intervyu olishga qator sabablar to‘planib qolgandi. Natijada “Nasaf” ustozi bilan uchrashuv belgiladik va kelishuvga ko‘ra, klub bazasida ko‘rishdik.
“Nasaf"ga javobgar shaxsman”
- Ro‘ziqul aka, dastlab siz bilan yuz bergan oxirgi voqealarga to‘xtalmoqchiman. Nechta o‘yinga diskvalifikatsiya qilishdi? Murabbiy sifatida bu qarorni qanday qabul qildingiz? Barchasi adolatlimi yoki e’tirozingiz bormi?
- Biz hissiyotlarga berilib o‘zimiz noto‘g‘ri yo‘l tutdik. Buni tan olamiz. Lekin bungacha bo‘lgan barcha vaziyatlar bizni ruhiy stress bo‘lishiga olib keldi. Men “Nasaf” klubini bosh murabbiyiman. Birinchi javobgar shaxsman. Juda katta mas’uliyat va katta bosim bor. Qanchalik qiyinchiliklarga qaramasdan oldimizga yuqori maqsadlarni qo‘yganmiz. O‘sha o‘yinda VAR borligini bilib, nega VARni ko‘rmaganligi bo‘yicha e’tirozimizni bildirdik. E’tiroz bildirgan paytimizda qayerdadir qo‘pollik bo‘lgandir. Bosh hakamdan nega VARni ko‘rmayapsan deganimda u menga javob qaytarmadi. U to‘p qo‘liga tegmagani va penaltiga asos yo‘qligini tushuntirib ham bermadi.
Shundan keyin ushbu holatlar kelib chiqdi. Keyin menga futbolchilarim aytishdiki, qanot hakamining gapiga ko‘ra, oxirgi vaziyatlarda VAR ishlamagan ekan. Men bu haqida OAV xodimlariga gapirdim. Shu ish bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha qanday jazo berilishi 8-9 sentabr kunlarida ko‘rib chiqiladi. Albatta, biz nizoli vaziyatda sabrsizlik qildik va yana qayerdadir hissiyotlarga berildik. Ammo boshida aytdim, men “Nasaf”ga javobgar shaxsman. Mas’uliyat katta. Oldingi uchrashuvlarda ham shunga o‘xshash holatlar takrorlangani uchun ham qizishib ketgandirmiz. “Lokomotiv” bilan uchrashuvdan keyin vaziyatlarni o‘rganib chiqdik, tahlil qildik. VAR ishlamagan bo‘lsa ham aytishlaricha, hakamlar planshetlar orqali hammasini ko‘rib borgan va xulosaga kelishgan. Biroq o‘sha vaziyatda bir xulosaga kelingani haqida hech kim aytmagan. Albatta, o‘zimiz ham afsusdamiz. O‘ylaymanki, adolatli qaror bo‘ladi.
- Nechta o‘yinga diskvalifikatsiya bo‘lishingizni taxminan bilasizmi?
- Yo‘q, taxminan bilmayman. O‘zim ham bu vaziyatni borib to‘liq tushuntirib berishni xohlayman. Chunki ular ham mening holatimni va pozitsiyamni bilishlari kerak.
- Aslida bir jamoaga qarshi ketma-ket ikki marta o‘ynash qiyin...
- Yana bu mavzuga qaytmaylik. Bundan oldingi o‘yinlarimizda ham bahsli vaziyatlar ko‘p bo‘ldi. AGMK yoki “Olimpik” bilan uchrashuvlarni aytish mumkin. “Navbahor” bilan bahsda ham qaysidir vaziyatda e’tirozimiz bo‘ldi. Albatta, o‘zimni tutishim noto‘g‘ri, afsusdamizu, ammo o‘sha vaziyatda bizning ham holatimizni tushunishlari kerak edi.
- Aytmoqchimanki, “Lokomotiv”ga qarshi Kubok uchrashuvida futbolchilar o‘rtasida ham tortishuvlar bo‘ldi...
- O‘sha vaziyatda to‘p uchun kurash bo‘ldi. Mozgovoy va Safarov o‘rtasida. Aslida vaziyat yumshagandek bo‘lib turgandi. Lekin “Lokomotiv”ning bir-ikkita o‘yinchilari kelib, yigitlarimizga keskin e’tiroz bildirishganidan keyin biznikilar ham javob qaytarishga majbur bo‘ldi. U yerda o‘ta qo‘polliklar bo‘lmagandi. “Lokomotiv”ning ikkita o‘yinchisi yugurib kelmaganida vaziyat yumshab bo‘lgandi. Bunday holatlarda har doim o‘yinchilarimizga o‘zlarini qanday tutish kerakligini uqtirib kelamiz. Bunga jamoam har doim tayyor bo‘lib kelgan. Ammo ba’zida "provokatsiya"ga uchrab turiladi. Futbol – bu kurash, ehtirosli o‘yin va barchasi bo‘lib turadi.
“Jeparov kreativ o‘yinchi bo‘lgan, jamoasiga ham shuni singdirsa kerak, deb o‘ylagandik”
- O‘sha o‘yinni chetdan kuzatdingiz va sizga qanday ko‘rindi? Doim zaxira o‘rindig‘idan ko‘rardingiz va baqirib humordan chiqardingiz...
- Albatta, bunday vaziyatda tegishli ko‘rsatmatlarni yigitlarga yetkazib berish muammoli. Faqat buni yordamchi murabbiy orqali yetkazish mumkin. Lekin yana bir tomoni ham bo‘ldiki, tepadan turib taktik sxemalarni yaqqol ko‘ra olarkansiz. Maydonda bir-ikki metr ham juda muhim rol o‘ynaydi. Futbolchilarimning qanday joylashgani yuqoridan aniq va to‘g‘ri ko‘rinarkan. O‘yinimizni tahlil qilganimizda bu narsa menga juda qo‘l keladi (kuladi). O‘sha o‘yinda futbolchilarimning birinchi bo‘limdagi harakatlari ma’qul edi. Maydondagi joylashuv, to‘p nazorati, to‘pni qaytarib olish hammasi yaxshi edi. Ikkinchi bo‘limda “Lokomotiv” o‘zgarishlarni qildi va o‘yinni jonlantirdi. Kubokda bitta o‘yinligi uchun natija muhim bo‘ladi. Yigitlar keyin himoyaga e’tibor qaratib, hisobni ushlashga harakat qilishdi.
- “Lokomotiv” bilan bog‘liq voqealar shov-shuv uyg‘otganini bilasiz. Bungacha ikki marta ularga qarshi o‘ynadinglar. Qarshidagi uchrashuvlarda “Lokomotiv”ning o‘yinini ko‘rib nimanidir sezganmidingiz?
- Yo‘q, bu umuman xayolimizga kelmagan narsalar bo‘ldi. Bizni qiziqtirgan narsa shu ediki, boshqa murabbiy keldi, u qanaqa taktika tanlaydi, tarkib yoki sxemasida qanaqa o‘zgarish bo‘ladi, shunisi qiziq edi. Server Jeparovga o‘zining o‘yini bilan baho bersak, bu hujumkor va texnikaga tayangan futbol edi. Lekin biz bilan o‘yinda uning jamoasi faqat himoyada va qarshi hujumlar bilan o‘ynashga harakat qilishdi. Birinchi uchrashuvda bu narsa bizga yangilik va kutilmagan holat bo‘ldi. Jeparov kreativ o‘yinchi bo‘lgan, jamoasiga ham shu narsani singdiradi, deb o‘ylagandik. Ammo qarashi boshqacha bo‘lib chiqdi. Balki bizga qarshi shunday yo‘l tutgandir. Aslida jamoamizga qarshi faqat “Lokomotiv” emas, boshqa klublar ham ko‘p himoyalanishadi. Oxirgi yuz bergan voqeaga kelsak, bir-ikki yildirki, bu hech kimning xayolida yo‘q edi. Biz uchun ham, hamma uchun kutilmagan holat, albatta xunuk ish.
“Yarim finalga chiqqan 4 ta jamoa ham o‘z uyida o‘ynashini o‘ylab o‘tiribdi”
- Sizni kuzatishlarimiz natijasida shunga amin bo‘lyapmanki, oxirgi 1-2 yil ichida o‘yin davomidagi e’tiroz va hissiyotlaringiz junbushga kelyapti va hakamlar bilan tortishish holatlari ko‘payib boryapti. Bu nimadan dalolat: asablaringiz dosh bermayaptimi yoki hakamlar saviyasi tushib ketyaptimi?
- Bu mening tabiatim va xarakterimga bog‘liq. O‘zim bilaman shunaqaman, ba’zida adolatsizlikni ko‘rsam, hissiyotlarga berilishim mumkin. Tabiatimga xos narsa, buni yashirmayman. O‘ynagan paytlarimda ham bir yilda hech bo‘lmaganda bir marta qizil olardim. Murabbiylikda ham ba’zida qayerdadir noxolislikni ko‘rsam qizishib javob berishim mumkin. Bu xarakterim bilan bog‘liq. Ha, hakamlar ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yyapti. Lekin birov kimgadir atayin qilyapti, degan fikrdan yiroqmiz. Ammo bunday xatoliklar kuzatilib turibdi. Har doim futbolchilarimizga halol va adolatli o‘ynashni ta’kidlaganmiz va o‘zimiz ham shunaqa bo‘lganmiz. Shuning uchun ham ba’zida hissiyotlarga berilib o‘zimizni jilovlay olmay qolamiz.
- Mayli, muhimi “Nasaf” yutdi va Kubokda yarim finalga chiqdi. AGMK, “So‘g‘diyona” va “Navbahor”! Yarim finalda kimni kutyapsiz?
- To‘rtta jamoaning darajasi ham, saviyasi ham teng deb o‘ylayman. Real qaraydigan bo‘lsak, tarkib va o‘yin jihatidan bu yil demaymanu, ammo oldingi yillari “Paxtakor” baland edi. Chunki “Paxtakor” tarkibidagi o‘yinchilar terma jamoaning ham o‘zagi va tajribali futbolchilar edi. Ammo ularning hozirgi tarkibi ham boshqalarga qaraganda mahoratliroq edi. Yarim finalga chiqqan to‘rtta jamoa bir-biriga mos. Yarim finallar ham finaldek o‘tadi. O‘yinlar bitta bahsdan iborat bo‘lyapti. Balki qaysidir ma’noda bu to‘g‘ridir. Ammo fikrimcha, bordi-keldi yoki betaraf maydonda o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Hozir yarim finalga chiqqan 4 ta jamoa ham o‘z uyida o‘ynashini o‘ylab o‘tiribdi.
“Qiyinchiliklarimiz bor, ammo jar solayotganimiz yo‘q”
- Hammada shunday fikr: Ro‘ziqul Berdiyev hamma sovrinni yutdi, faqat chempionlikdan tashqari! Oxirgi paytlarda endi shu narsa ham muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Nima uchun chempionlikni talab qilmayapti yoki tarkib bunga mos emasmi, degan fikrlar bor. Bilishimcha, bu ham sizni qiynayotgan savol bo‘lsa kerak. Jamoangiz o‘zi chempionlikka tayyormi?
- Yaqinda mendan kimdir shu haqida so‘ragandi. Futboldagi shaxslar har doim muhokamada bo‘ladi. Futbolni bekorga millionlar o‘yini deyishmaydi. Muhokama va tanqid bo‘ladi. Takliflar bildiriladi, ba’zida haqoratlar ham uchrab turadi. Men o‘zi saytlarni ko‘p kuzatmayman. O‘zim ham u yoqlarda yo‘qman. Ba’zida o‘zimga ham bunday xabarlar qayerlardandir yetib keladi. Chempionlik ruhi yetishmayotgani haqida gapirishadi. Bizda Kuboklarni yutish yoki Kubok xarakteri ham yo‘q edi. Ammo asta-sekin maqsadimizga erishyapmiz.
Jamoamizning Chempionlar ligasida ham tajribasi yo‘q edi. Bu narsaga ham erishyapmiz. Qachonlardir bizning jamoamizga o‘rin olishga kuchi yetmasdi yoki bunga yaqin ham kelmasdi. Mana, buni ham zabt etyapmiz. Aytmoqchimanki, chempionlikni ham vaqti soati bor. Jamoamizda moliyaviy holat qanaqa ekanini barcha biladi. Lekin ba’zilar buni tan olishga harakat qilmaydi. Hamma biladi, biz katta moliyaviy barqarorlikka ega emasmiz. Ochiq aytaman, bu yilgi smetamiz 25 mlrd. Qaysidir jamoalar budjetini 80 mlrd. qilib chempionlik maqsadini qo‘yyapti. Bu bahona emas. Imkoniyatingiz qancha yuqori bo‘lsa, shuncha saviyali futbolchilarni olib kelasiz.
Klubimizning oxirgi natijalarini oladigan bo‘lsak, masalan, 2020 yili qancha qiyinchilik bo‘lmasin, yetakchilarimiz ketib qolishmasin chempionatda 2-o‘rinni oldik. 2021 yili O‘zbekiston Kubogini yutdik va OFK Kubogi finaliga chiqdik. Chempionatda medallar uchun kurashdik. Ammo 4-o‘rinni oldik. Oxirgi uchrashuvda “Lokomotiv”ga yutqazib qo‘ydik. Bu Kubok finali oldi o‘yini edi. Balki shu bois chempionatga e’tiborimizni kamroq qaratgandirmiz. Mana, 2022 yilda Osiyo Chempionlar ligasida pley-offdan chiqdik. Bu oson emasdi. BAAga borib “Baniyas”ni yutib qaytdik. Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga borganimizda to‘g‘risini aytsam, keyingi bosqichga chiqishimizga 50 foiz odam ishonmagandi. Bu yerda ham tajribamiz va “duxi”miz yo‘q edi. Ammo biz uddaladik.
Mana, O‘zbekiston Kubogida yarim finalchilar qatoridamiz. Chempionlik uchun kurashda qatnashyapmiz. Ammo ba’zilarni nimaga negativ fikr bildirishini tushunmayman. Tajriba va chempionlik ruhi o‘zi kelaveradi. Bu yillab orzu qilinadi. Vaqti kelib bunga erishamiz, albatta ishonamiz. Ammo hech kim eslamayaptiki, biz har yili o‘yinchilarni yo‘qotamiz. Oldin ham aytgandim, tarkibimizdagi tajribali futbolchilarni saqlab qolish kerakligi haqida gapirgandim. Har yili futbolchilarimiz ketib qolishadi. Shuncha qiyinchiliklar va kam imkoniyatga ega bo‘la turib ham darajamizni ushlab turish bu katta yutuq. Men murabbiy sifatida, futbolchilarimiz ham o‘yinchi sifatida chempion bo‘lishni juda istaymiz. Shunga kurashyapmiz. Ammo oldindan hech qachon birovga nimanidir va’da qilish qiyin.
Lekin chempionlik uchun kurashamiz. Ko‘pchilik bu yil “Nasaf” katta farq bilan chempion bo‘lishi kerak, deb o‘ylagandi. Bu juda ham qiyin narsa. Har qanday jamoada ham past-balandliklar bo‘ladi. Bizdan tajribaliroq klublar ham ochkolar yo‘qotishyapti katta farqni yuzaga keltira olmayaptilar. Hamma jamoalar bir-biriga yaqin. Qiyinchiliklarimiz bor, ammo jar solayotganimiz yo‘q. Kurashishda davom etyapmiz. Doim maqsadimiz oliy. “Nasaf” oxirigacha kurashadi, ishonchni hech qachon yo‘qotmaydi. Ishontirib aytamanki, jamoam o‘yin sifati bo‘yicha bunga loyiq. Boshqa jamoalarga nisbatan “Nasaf”ning o‘yini tabiiy va hammaga manzur keladi. Mazmun ham, sifat ham bor.
- Moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlov ham muhim. Sir bo‘lmasa, qarzdorlik bormi?
- Qarzdorlik bor.
“Kerjakovni intervyusini o‘qidim, uning gapida jon bor”
- Yaqinda rossiyalik taniqli futbol kishisi Aleksandr Kerjakovdan intervyu olgandim. Uning o‘zi aytib qoldiki, Sherzod Nasrullayevning o‘yinini yoqtirib qolgan...
- Ha, men ham Kerjakovning intervyusini o‘qidim. Uning gapida jon bor. Nasrullayev o‘tgan yili yelkasidan jarohat olguniga qadar darajasini juda ko‘tardi. Hozir asta-sekin yana o‘z holatiga qaytyapti. Kerjakov Nasrullayevni olishga juda yaqin edi. Chunki ular Ibrohimxalil Yo‘ldoshevni qaysidir Moskva klublaridan biriga o‘tkazishi kerak edi. Uning o‘rniga Aleksandr Kerjakovning birinchi nomzodi Sherzod Nasrullayev edi. Futbolchimizning o‘yinini u juda uzoq kuzatgandi.
- Shuningdek, futbolchilaringizga chetdan takliflar borligi aniq. Bu masalada hali hech kimga aytmagan yangilikni ayta olasizmi?
- Futbolchilarimizning agentlari bor. Yaqinda bir agent aytdi, Turkiya Superligasidagi klub Xusniddin Aliqulovga juda qiziqib qolgan. Dekabr oylarida futbolchimizni ko‘rikka chaqirishi kutilyapti. Summa haqida kelishilmaganu, biroq Turkiya Superligasidagi aniq bir jamoa Aliqulovni kuzatyapti. Agent Xusniddinni ko‘rikka taklif qilishini menga aniq aytdi. Bundan tashqari, Xusayn Norchayevga Shotlandiyaning adashmasam “Kilmarnok” klubi qiziqish bildirayotgani haqida ham agent menga aytgandi.
Jamoamiz o‘yinchilariga takliflar bo‘lyapti. Akmal Mozgovoyga Rossiyaning “Shinnik” jamoasi qiziqish bildirgan. Faqat “Nasaf”dan emas, balki boshqa klublarimizdagi yuqori darajali futbolchilar ham bemalol Rossiya klublarida o‘ynay oladilar. Bunga ishonchim bor. Sanksiyalardan keyin Rossiyani ko‘pchilik futbolchilar tark etdi va mahalliy yoshlar o‘ynashyapti. Bizni yigitlarni ham o‘sha yerga borib o‘ynashga qurbi yetadi.
- Agar kelishuvga erishilsa, klub ularni sotadimi? Qancha narx belgilangan?
- Albatta. Shu maqsadda yigitlar bilan kelishib shartnomalar 2, 3 va 5 yilgacha tuzilgan. Hammasini shartnomasi bor. Barchasini klub hal qiladi. Jamoa o‘zining siyosati va maqsadiga qarab amalga oshiradi. Shartnomalarini o‘zim ko‘rmaganmanu, ammo kompensatsiya yoki qanaqadir summalar ko‘rsatilgan. Hamma narsa jamoamiz prezidentining nazoratida. Sizlar orqali viloyat rahbariyatiga, klubimiz prezidentiga qiyinchiliklar bo‘lishiga qaramay, bizga yaratib berilayotgan sharoitlar uchun minnatdorchilik bildiraman. Qo‘ldan kelganicha biz uchun har doim yordamini ayamagan.
“Legionerlarimiz boshida kelishganida holatlari juda yomon edi”
- Siz legionerlarni chertib-chertib olardingiz. Ammo oxirgi paytlarda bu an’anangizdan chetga chiqayotgandeksiz. O‘tgan yili Kaluderovich bilan Smaylagich o‘ynab ketishdi. Hozirgi ikkita legioner ham mahalliy o‘yinchilardan kuchli emas. Nima, ularni shoshma-shosharlik bilan oldinglarmi? Shaxsan men legionerlarni “Nasaf”ga yordam berayotganini ko‘rmayapman.
- To‘g‘risini aytaman, Smaylagichni shoshib oldik. Yodingizda bo‘lsa, transfer oynasi yopiladigan kuni bir soat oldin bunga ulgurib qoldik. Norchayev hujumda bir o‘zi bo‘lmasin, unga raqobat bo‘lsin degan maqsadda uni oldik. Smalaygichni o‘rganib chiqqanimizda “Astana” klubida bo‘lganiga ham e’tibor qaratdik. Men Samirni yomonlamagan bo‘lardimu, ammo bizni futbolga kirishib ketishi ancha qiyin bo‘ldi. Vaziyatni tushungan holda jamoa bilan shartnomani o‘zi bekor qildi. Kam o‘ynayapman, jamoaga yordamim kam tegyapti, deb ketdi. Kaluderovich tajribali edi. Yoddan chiqarmaylik, uning bitta goli bizni finalga olib chiqdi, OFK Kubogida.
O‘sha birgina goli bizga moliyaviy tarafdan ham katta yordam berdi. Uni biz uchun omadsiz transfer deb aytmagan bo‘lardim. O‘zbekiston Kubogi yarim finalida ham gol urdi. Turkmanistonning “Axal” klubiga qarshi uchrashuvda ham gol urdi. Xullas, kerakli va muhim pallalarda o‘zini ko‘rsatdi. Uni chaqirganimizda bizga to‘purar bo‘lishi shart emas, biroq kerakli gollarni ursa bo‘ldi, degandik va u vazifani bajardi. Kaluderovichni olib qolmoqchi bo‘ldik. Yoshi kattaligi uchun va o‘zi ham bu faoliyatidagi oxirgi legioner bo‘lganini aytdi va uyda, farzandlari yonida bo‘lishini xohlagani uchun ketdi.
Bu yilgi legionerlarni jamoamizda raqobatni kuchaytirish uchun taklif qildik. Hech birida sen o‘ynashing kerak, deb joyni kafolatlamaganmiz. Boshida kelishganida ikkalasining holati juda yomon edi. Mashg‘ulotlarga qo‘shilgach, asta-sekin yaxshilanyapti. Ularning o‘zlari ham bizni futbol qanchalik tezkorligiga amin bo‘lishyapti. Tempning yuqoriligi legionerlarga biroz qiyinchilik tug‘diryapti. O‘zi aytyapti, Xorvatiya, Serbiya va Isroilda o‘ynaganimda futbol kuchga ishonib, sekinroq o‘ynalardi, O‘zbekistonda esa futbol tempi yuqori ekan deyapti.
Shu sababli bizning futbolga moslashish har kimga ham emas. Ular hozircha biz bilan va qayerdadir yordami tegyapti. Oldin ham aytgandim, mahalliy futbolchilardan kuchli bo‘lsa maydonga tushadi, bo‘lmasa zaxirada qolishi aniq. Agar o‘yini klubni qoniqtirmasa shartnoma bekor qilinadi, bu shartnomada ham ko‘rsatilgan. Kimdir o‘ynamasligi mumkin, ammo bu jamoaga foyda keltiradi, raqobat tufayli. Sog‘lom raqobat yaratishga harakat qilganmiz.
- Qo‘shimcha fikringiz yo‘qmi?
- Shuni aytishim kerakki, futbolimizda faqat Superliga emas, pro liganing ham darajasi o‘syapti. Hamma o‘yinlar ko‘rsatilyapti, yoritilyapti. Bu juda muhim. Muxlislar orasida ham qiziqish ko‘p bo‘lyapti. Superligada bugun aniq kimdir yutadi, deb ayta olmaysiz. Oldinlari kimdir yutishini bilardik. Hozir pastki o‘rindagi klublarga qarshi uchrashuvlarda ham qiynalasiz. Har yilgiga nisbatan bu yilgi chempionat qiziyapti. Kutilmgan o‘yinlar va kutilmagan natijalarga boy bo‘lyapti. Sovrinli o‘rinlar uchun ham kurash zo‘r ketyapti. Pro ligani ham kuzatyapman. Futbolimiz darajasi o‘syapti. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi