15:08 / 10.09.2022
1 035

Diskvalifikatsiya qilingan futbolchi kelishilgan o‘yinlarda qatnashmaganini aytdi

Diskvalifikatsiya qilingan futbolchi kelishilgan o‘yinlarda qatnashmaganini aytdi
Kuni kecha saytimizda "Banladesh Footbal Live" kanali tarqatgan xabar e’lon qilindi. Unda Bangladeshda faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimizdan biri kelishilgan o‘yinlarda qatnashgani uchun 2 yilga diskvalifikatsiya qilingani aytilgan. Voqeaga aniqlik kiritish maqsadida Saiddoston Fozilovning o‘zi bilan bog‘landik.

— Ayni paytda qayerdasiz, transfer huquqingiz qaysi jamoaga tegishli?
— Hozir Buxorodaman. 7 avgust kuni qaytgandik Bangladeshdan. Hozircha erkin agent bo‘lib turibman.

— Futboldan 2 yilga chetlatilganingiz to‘g‘risidagi xabarni qachon eshitdingiz?
— Championat.asia nashrida chiqishidan avvalgi kun kechki payt. O‘qib, hayron qoldim. Darhol Bangladesh futbol federatsiyasiga apellyatsiya berdim, FIFAga murojaat yubordim.

— Bangladesh saytlari bunaqa xabar chiqarishi uchun asos bormi?
— Yo‘q. Ular men bilmagan holatda hamma joyga tarqatib yuborishdi. Hech kimning qo‘lida isbot yo‘q. Shuningdek, Championat.asia'dan ham xafa bo‘ldim.

— CA o‘z vazifasini bajaryapti. Nega e’tiroz bildiryapsiz?
— Men Bangladesh nashrlari, federatsiyasidan nega bunday bo‘lganiga javob olishga harakat qilyapman. O‘zimizda Championat.asia'da rasmlarim, ismim bilan chiqib ketdi. Bu nashrni barcha yaqinlarim o‘qiydi. Shu tufayli ko‘rib, shokka tushib qoldim.

— U yerda totalizator mavzusi bo‘lganmi?
— Ha. Biz Bangladeshda ekanimizda chaqirib, suhbatlashishgan edi. Ular futbolchilar aybsizligini, gap klub rahbariyatida ekanini bilishardi.

— Unda nega o‘yinchilar jazolanyapti?
— Rahbariyatni ayblash uchun hech qanaqa isbot topa olishmay, barcha aybni 4 himoyachi va darvozabonga qo‘yib yuborishgan. Menda isbotlar yetarlicha. Buni Bangladesh federatsiyasiga ham, FIFAga ham ko‘rsatib, o‘zimni oqlay olaman.

— Bu hali yakun emasmi?
— Yo‘q, men o‘zimni oqlayman. Bangladesh nashrlari tarqatgan xabar rasmiy emas. Hali hech kimning pochtasiga xat yuborilmagan.

— Saiddoston, 2019 yil Pro liga vakili "Zarangari" (G‘ijduvon) jamoasidagi o‘yinlaringizni stadiondan kuzatganman. O‘sha jamoa ham totalizator tufayli ligadan chetlatilgandi. U ishda aloqangiz bo‘lmaganmi?
— Yo‘q. "Zarangari"dagi voqealarda futbolchilarning aloqasi yo‘qligi tasdiqlangan, klub yopilgan edi. Bu siz ishlaydigan saytda ham chiqqan.

— Tushunarli. Agar qo‘shimcha gaplaringiz bo‘lsa, marhamat.
— Himoyachi bo‘lishimga qaramay, "Baridxara"da to‘purarlardan biri edim. 4ta gol urib, assist ham berganman. Aytganimdek, o‘zimni oqlayman hali. Championat.asia'dan ham xafaman. O‘sha xabarni kim yozgan? Sudga beraman. Hech qanday isboti bo‘lmay turib, meni totalizator o‘ynaganga chiqarishdi. Hozir yemagan somsamga pul to‘lab o‘tiribman...

Muallif: Faxriddin Ro'ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diskvalifikatsiya qilingan futbolchi kelishilgan o‘yinlarda qatnashmaganini aytdi