00:05 / 22.09.2022
1 685

Vadim Abramov: "Siz ham shu ma’lumotni o‘qigach, Abramovda litsenziya yo‘q ekan, deb hisoblayapsizmi?"

Vadim Abramov: "Siz ham shu ma’lumotni o‘qigach, Abramovda litsenziya yo‘q ekan, deb hisoblayapsizmi?"
“Dinamo” klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan bog‘liq oxirgi voqealardan xabaringiz bo‘lsa kerak. Kuni kecha PFLda murabbiylar yig‘ilishi o‘tkazildi va uni Abramov boshqalarga nisbatan barvaqt tark etdi. Yana shu mavzuni qaytarmoqchi emasmiz, chunki oldinga maqolalarimizda bu to‘g‘risida to‘xtaldik.

Bugun PFL “Dinamo” va Abramovga doir xabar chiqardi. Bu murabbiyning litsenziyasi bilan bog‘liq. 20-turgacha samarqandliklar ustozining yangilangan litsenziyasi taqdim etilmasa 20-turdan boshlab texnik zonaga kiritilmasligi yozilgan. Shundan kelib chiqqan holda Vadim Karlenovich bilan bog‘landik. O‘z navbatida murabbiy Sports.uz uchun fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Bugun PFLda shunday ma’lumotni ko‘rdik. Unda yozilishicha, “Dinamo” klubiga 20-turgacha Vadim Abramovning yangilangan litsenziyasini taqdim etish uchun vaqt berilgani, aks holda uchrashuv chog‘ida texnik zonaga kiritilmasligi aytilgan. Bunga munosabatingiz qanday?
- Pro litsenziyasi haqida gapirib odamlarni chalg‘itmoqchi emasman. Bu gapni ular qayerdan olishgan ekan bilmaymanu, menda professional litsenziya bor! Shunchaki, 3 yoki 4 yildami, litsenziya yaroqli ekanligi borasida qandaydir kurslarda o‘tishi kerak bo‘larkan. Mana shunday kursni o‘tagan chog‘imda terma jamoada murabbiy edim. Qanday sababga ko‘ra shu ma’lumotni tarqatishdi, hayronman. Chunki ro‘yxatda bor edim. Yana takrorlayman: menda pro litsenziya bor va buni ularga ko‘rsatib qo‘yishim kerakka o‘xshaydi. Ularga qandaydir mojarolar kerak, nazarimda.

- Demak, o‘zi hammasi joyida shundaymi?
- Ha, albatta! Boya aytganimdek, o‘sha mutasaddilarga e’tibor tortish uchun qandaydir mojarolar kerak shekilli...Yaxshisi, ular futbolda qilishlari kerak bo‘lgan ish bilan shug‘ullansinlar! Mojaro kimga ham yoqardi?! Nima, siz ham shu ma’lumotni o‘qigach, Abramovda litsenziya yo‘q ekan, deb hisoblayapsizmi? Aslo bunday emas! Bunday iddaolarni eshitish qattiq kulguli.

- “Dinamo” rahbarlari bilan shu masalada orangizda muammo yo‘qmi?
- Albatta, yo‘q!

- Mavsum oxirlab boryapti. Ammo jamoangiz qo‘l ostingizdagi 5 o‘yindan 4 tasida mag‘lub bo‘ldi. Sizningcha, “Dinamo”ga nima yetimshayapti? Bu ahvolda hammasi klub uchun ayanchli tugashi turgan gap. Oxirgi o‘rinda borayotgan jamoada kuchlilar safida qolish uchun imkoniyat bormi?
- Yashirmayman, imkoniyat faqat nazariy jihatdan qolgan xolos. Qolaversa, hammasi faqat bizgagina bog‘liq emas. Bu borada gaplashsak, suhbatimiz ancha davom etadi. Shu xususida qanday gap aytmay, bu xuddi o‘zimizni oqlayotgandek qabul qilinishi turgan gap. Shu sabab keling, bu mavzuda so‘z yuritmay qo‘ya qolaylik. Qolaversa, mazkur masalada kimlarnidir qoralab, aybni ularga ag‘darish niyatida emasman. Vaziyat qandayligini hamma – yigitlarimizning o‘zlari ham ko‘rib turishibdi. Ular fikrni bir joyga jamlab o‘ta murakkab vaziyatdan chiqib ketishmoqchi.

- “Dinamo”ga kelganingizdan afsuslanyapsizmi?
- Bu borada ha yoki yo‘q demoqchi emasman. Avval mavsumni nihoyasiga yetkazib olaylikchi, keyin shu xususida gaplashish mumkin bo‘ladi.

- Tabiiyki, rahbariyat sizlardan mavsum yakunida yaxshi natija kutyapti, shundaymi? Aytmoqchimanki, rahbariyatning bugungi vaziyatga bo‘lgan munosabati qay ahvolda?
- O‘ylaymanki, aqli raso har qanday inson “Dinamo”ning qanday ahvolda ekanligini ko‘rib turgan holda o‘zi uchun kerakli xulosani chiqarib oladi. Shunday ekan, nima deyishim mumkin? Rahbarlarimiz barchasini ko‘rib turishibdi. Yakun qanday bo‘lishini vaziyat oydinlashtirib beradi.

- Oxirgi savol: barcha yaxshi biladiki, “Dinamo”ning bugungi tarkibini siz yig‘magansiz. Ayting-chi, tarkibdagi futbolchilar o‘yin falsafangiz va bu boradagi qarashlaringizga mos tushyaptimi yoki ular kuchsiz ijrochilarmi?
- Biz bir jamoamiz. Shu bois bugungi vaziyat uchun bir-birimizni aybdor sifatida ko‘rsatish umuman to‘g‘ri bo‘lmaydi. Nima bo‘lgan taqdirda ham ishlashimiz, qo‘yilgan vazifan bajarishga urinib ko‘rishimiz shart. To‘g‘ri, vaziyat chindan ham murakkab va undan chiqib ketish oson bo‘lmaydi. Boz ustiga o‘yinchilarga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt yetishmayapti. Lekin shu orada yuzaga keladigan qisqa tanaffusdan iloji boricha unumli foydalanib qolishga harakat qilamiz. Jamoa oxirigacha kurashadi. Sizga faqat shuni ayta olaman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: "Siz ham shu ma’lumotni o‘qigach, Abramovda litsenziya yo‘q ekan, deb hisoblayapsizmi?"