15:13 / 24.09.2022
1 146

"Dinamo"ni tark etgan murabbiy: "Ketganimdan afsuslanyapman, agar jamoada qolganimdami..."

"Dinamo"ni tark etgan murabbiy: "Ketganimdan afsuslanyapman, agar jamoada qolganimdami..."
“Dinamo” klubidagi bugungi vaziyat o‘ta jiddiy. O‘tgan yili pro ligada muvaffaqiyatli qatnashib bu yil Superligaga qaytgan klub yaqqol autsayder maqomida bo‘lib turibdi va yana ortga qaytishga juda yaqin.

“Dinamo”da yil boshidan beri uchinchi bosh murabbiy ishlayotganidan xabardorsiz. Klub chempionatga serbiyalik Predrag Rogan boshchiligida kirishgandi. Qishki yig‘inni o‘zi o‘tkazdi va shunga qarab tarkibni ham shakllantirdi. Biroq unga to‘liq ishlash uchun imkon berilgani yo‘q.

“Dinamo” serbiyalik murabbiy bilan 9 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, 1 g‘alaba, 3 durang va 5 ta mag‘lubiyat qayd etdi. Mana shunday natijalar fonida u iste’foga chiqarildi. Shu orqali Rogan boshlagan ishini tugata olmadi. Ammo bu o‘zgarish “Dinamo”ga hech qanday naf bermayotganini endi yaxshi bilasiz. Fursatdan foydalanib, Rogan bilan aloqaga chiqdik.

- Janob Rogan, “Dinamo”ni tark etganingizdan beri qanday ish bilan shug‘ullanyapsiz?
- Bo‘sh vaqtimni asosan oilam bilan o‘tkazdim. Sayohatga chiqdik va albatta bir qancha ish yuzasidan o‘zimizga kelgan takliflarni o‘rgandim. Lekin e’tiborni tortadigan biror-bir taklif olganim yo‘q.

- Afsuski, “Dinamo”ning ishlari hech o‘nglanmayapti va klub musobaqa jadvalida oxirgi o‘rinni egallab turibdi. Sizdan so‘ng “Dinamo”ni Shipilov, bugungi kunda esa Abramov boshqarmoqda. Aksiga olib uning qo‘l ostida ham jamoa atigi bir o‘yinda durang o‘ynadi va hamon so‘nggi o‘rinda.
- Hammasi shunday kechayotganidan afsusdaman. Klubga murabbiylik qilgan paytimda ham biz ko‘proq ochkolar olishimiz kerak edi. Holbuki, aksar uchrashuvlarda ochkolar olishga haqli edik...

- “Dinamo” ishtirokidagi o‘yinni oxirgi marta qachon kuzatdingiz?
- Men klub ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rganim yo‘q, ammo qisqa roliklardan iborat reportajlarni kuzatib kelmoqdaman.

- Sizningcha, klub qaysi ishni to‘g‘ri amalga oshirmayapti?
- Menimcha, vaziyatni ijobiy tomonga o‘nglash uchun qator ishlarni yaxshilash kerakka o‘xshaydi. Albatta, bu gaplarni ommaga olib chiqib bo‘lmaydi. U yerda o‘zim bo‘lganman va ozgina bo‘lsa ham bilim va malakam bilan jamoaga yordam berishga harakat qildim. O‘z navbatida u yerdagilar ham vazifamga yaxshi yondashganimni bilishadi. Endi klubda emasman. Ammo “Dinamo”ning ishlari yaxshilanib ketishiga tilakdoshman. Ayniqsa, jamoa transfer masalasidagi ishlarni yaxshi tomonga o‘zgartirish kerak. Menda bu borada o‘ziga yarasha reja bor edi. Murabbiylar shtabidagi yordamchilarim, o‘yinchilar va muxlislarga bu masalada samarali ishlay olishimizni ko‘rsatib bermoqchi bo‘ldim. O‘z navbatida rejamizning ma’lum bir qismini amalga ham oshirdik. Aytishim kerakki, klubga jalb etilgan futbolchilarning shu yerdagi boshqa sheriklariga to‘la moslashib olishlari uchun vaqt kerak bo‘ladi. Buning uchun sabr qilmoq darkor. O‘ylaymanki, butun O‘zbekiston va futbol dunyosi hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.

- 8 ochkoga ega “Dinamo”ning Superligada qolishiga ishonasizmi?
- Oldinda hali 7 ta uchrashuv bor. Bu 21 ochko degani. Hammasining iloji bor.

- Agar sir bo‘lmasa, qaysi jamoalardan takliflar oldingiz?
- Menda bir qator takliflar bo‘ldi. Jumladan, o‘z yurtim - Serbiyadan va xorijdagi bir qancha klublardan.

- Sobiq jamoangizning bugungi holatiga achinyapsizmi yoki sizga baribirmi?
- Albatta, achinyapman va “Dinamo”ga muxlislik qilishda davom etmoqdaman. Men uchun klubning ahvolidan boxabar bo‘lib turish zarur. Chunki Samarqandda vaqtimni juda yaxshi o‘tkazdim. Ko‘plab do‘stlar orttirdim. Hammasi uchun barchalariga yana bir bor rahmat aytmoqchiman. Fursatdan foydalangan holda jamoa muxlislariga salomimni yetkazishni istayman.

- “Dinamo”ni tark etayotgan paytingizda vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarishi mumkinligini kutganmidingiz?
- O‘sha paytda klubni tark etganimdan endi afsuslanmoqdaman. Hammasini taroziga solib o‘lchamagan ekanman. Agar jamoada qolganimdami...Balki vaziyatni o‘nglagan bo‘lardim?..

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Dinamo"ni tark etgan murabbiy: "Ketganimdan afsuslanyapman, agar jamoada qolganimdami..."