22:48 / 24.09.2022
2 479

Eldor Eronov : "Men bilan yelkama-yelka turgan ko‘plab do‘stlarim shuni ortidan o‘lib ketishdi"

Eldor Eronov : "Men bilan yelkama-yelka turgan ko‘plab do‘stlarim shuni ortidan o‘lib ketishdi"
"Vostochniy Voin" promousheni chempioni Eldor Eronov bilan SPORTS.uz sayti intervyu uyushtirdi. MMA olamidagi ancha-muncha sirlardan xabardor jangchi bilan o‘tkazilgan mazkur intervyuni sizning ixtiyoringizgga havola qilamiz. Jangchimiz suhbat davomida muxlislarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berib o‘tdi.

Sizni MMA olamida "ko‘cha bolasi" deb atashadi. Avvalgi jangingiz arafasida 27 sutka qamoqda o‘tirgan ekansiz. Bu nima bilan bog‘liq?

- Oshna-og‘aynilarimiz bor. Ular sababli biroz muddat ozodlikdan mahrum bo‘ldim. Keyin u yerda o‘tirib uzoq o‘yladim. Tafakkur qilishga yetarlicha vaqt bo‘ldi. Afsuski, oldin qilingan ishlar uchun hozir ham ba’zida javob berishga to‘g‘ri kelmoqda. Beboshlik sababli yomon bolalarga qo‘shilib qoldik. Meni ko‘chada nomim chiqishini, meni hamma tanishini, Eldor deganda hamma qo‘rqishini istagan edim. Hozir bu narsalar juda ham noto‘g‘ri ekanini tushundim. Hayotda do‘stlarimizdan besh-oltitasi olamdan o‘tib qoldi. O‘zim oilaliman. 3 farzandim bor. Kimnidir o‘limiga sababchi bo‘lib qolishni istamayman.

Nima uchun avvalroq buni anglamadingiz?

- Inson unutuvchi. Yaxshi kunlar ko‘paygani sari, og‘ir damlar unutilib ketadi. Men bilan yelkama-yelka turgan ko‘plab do‘stlarim shuni ortidan o‘lib ketishdi. Murod Xonto‘rayev, Jamshid Kenjayev va boshqa yigitlar erta vafot etishdi. Jamshid bilan juda yaqin do‘st edik. Uning o‘limini ko‘rgach, ko‘p narsani qaytadan o‘ylab ko‘rishga qaror qildim.

Qanchalar qiyin bo‘ldi u hayotdan voz kechish?

- Sog‘inch. Oilamdan uzoq bo‘lganim sari ularga qanchalar kerak ekanligimni tushunib bordim. Vijdonim qiynala boshladi. Keyin hammasini yig‘ishtirib tashladim. Hozir o‘zimni ancha yengil his qilyapman.

O‘zbek MMA olami vakillarini ikkiga ajratish mumkin. Avvallari ko‘plab jangchilar hech kimga bildirmay chetda jang qilib qaytar edi. Hozir esa yurtimizda promoushenlar talaygina. Aytingchi, ikki davrda jang qilgan yigitlarning qanday farqi bor?

- Juda katta farq bor. Chetga chiqib jang qilish qiyinchiliklari o‘z yo‘liga. Avvalgi avlod vakillarida g‘alabaga ochlik, ko‘zdagi olov boshqa darajada edi. Pul topish uchun oktagonda shou bilan birgalikda qonli to‘qnashuvlarda ishtirok etishga majbur bo‘lganmiz. Hozirgilarning barchasi "piar"ga o‘tib oldi. Internet orqali chiqishlar, har xil tresh-tok sababli reyting yig‘ishmoqda. Mana yaqinda Odilxon shu alfozda ancha-muncha insonlarni e’tiborini tortdi. Ochig‘i, bu bizga to‘g‘ri kelmaydigan ish. Rossiyadan o‘g‘irlangan shoularni yurtimizga olib kirish shart emas.

VVCH ning birinchi turnirda shaxsan Surxondaryo hokimi sizni oktagon oldida turib qo‘llab-quvvatlagan edi. G‘alabadan keyin hokimdan qandaydir sovg‘a olganmidingiz?

- Bu videodan keyin internetda meni "hokimni jiyani" deb yozganlarni ham ko‘rdim. Shu narsaga hozir aniqlik kiritamiz. Hokim men uchun hech kim emas. Shuningdek, men ham hokimga hech kim emasman. Oddiy bir Surxondaryoni o‘g‘loniman. Oxirgi jang edi. Startdayoq kuchli zarba o‘tkazib yuborib, nokdaun holatiga tushdim. Keyin jangni parterga ko‘chirib, vaziyatni tenglashtirishga urindim. Bu vaziyatni tomosha qilib turgani uchun ham bu inson o‘rnidan turib, oxirigacha meni qo‘llab-quvvatladi. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Sovg‘a yoki qandaydir moddiy yordam bo‘lgani yo‘q. O‘zi Andijon hokimidan boshqa hokimlar jangchilarni qadrlash, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlashda o‘rnak olishi mumkin. Insonda motivatsiya kuchayishi uchun bunda "podderjka" kerak.

Bu sport ortidan O‘zbekistonda ko‘p pul topish mumkinmi?

- Albatta, biroq Osiyoda emas. Siz o‘ylayotgan pullarni bu yerda hech kim to‘lamaydi. UFC, Bellatordagina katta pul to‘lanishi mumkin. Hozir bizda 200+200 to‘lanadi. Bu jang uchun 200 dollar, yutsangiz yana shuncha degani. Bu qaysi mezonga to‘g‘ri keladi? Har qanday jangchi har oyda o‘zi uchun kamida 200 dollar xarajat qiladi. Shaxsan men 300 dollardan oshiq pul sarflayman. Ovqatlanishim, mashg‘ulotlarim, vitaminlarim... Bularning hammasi pul turadi. Hozir bizni sport bilan ishni birdek olib ketishning imkoni yo‘q. Ko‘plab jangchilarimiz qorovul yoki tansoqchi bo‘lib ishlaydi. Kechasi bilan tik oyoqda turgach, zalga kelganda bilaklaringizda kuch bo‘lmaydi. Uyqusizlik har qanday sportchini "sindirib" tashlaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Eronov : "Men bilan yelkama-yelka turgan ko‘plab do‘stlarim shuni ortidan o‘lib ketishdi"