963
«O‘tmishda ko‘p marta g‘irromlik qilganlar bilan o‘ynashni istamayman» — Karlsen Nimanni aybladi
Foto: Getty Images
Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Magnus Karlsen amerikalik grossmeyster Hans Nimanni g‘irromlikda aybladi.
«Sinquefield Cup turnirida Hans Nimannga qarshi uchinchi tur partiyasidan keyin musobaqani tark etish haqida misli ko‘rilmagan qarorga keldim. Bir hafta o‘tgach, Champions Chess Tour musobaqasida Nimannga bitta yurishdan keyin [atayin] taslim bo‘ldim.
Bilaman, xatti-harakatlarim shaxmat jamoatchiligining ko‘plab vakillarini ranjitdi. O‘zimning ham hafsalam pir bo‘ldi. Men shaxmat o‘ynashni xohlayman. Eng yaxshi turnirlarda, eng yuqori saviyada shaxmat o‘ynamoqchiman.
Shaxmatdagi g‘irromlik – katta muammo va o‘yin uchun xavf tug‘dirmoqda. Menimcha, turnir tashkilotchilari va sevimli o‘yinimiz daxlsizligi haqida qayg‘uradigan barcha odamlar xavfsizlik choralarini kuchaytirish va shaxmat taxtasida chiterlikni aniqlash usullari haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishlari kerak.
Nimann so‘nggi pallalarda Sinquefield Cup turniriga taklif etilganida, unda ishtirok etishdan bosh tortish haqida jiddiy o‘yladim. Lekin baribir o‘ynashga qaror qildim.
Menimcha, Nimann omma oldida tan olganidan ko‘ra ko‘proq aldagan. Sinquefield Cup turniridagi o‘yinimiz paytida uning yurishlari g‘ayrioddiy edi. Menimcha, u hatto murakkab pozitsiyalarda ham diqqatini o‘yinga qaratmadi, g‘ayrat solmadi va qoralar bilan meni mag‘lub etdi. Bunga faqat sanoqli shaxmatchilar qodir. Bu o‘yin fikrimni o‘zgartirishga yordam berdi.
Biz chiterlikka qarshi nimadir qilishimiz kerak. Men o‘tmishda ko‘p marta g‘irromlik qilgan shaxmatchilar bilan o‘ynashni istamayman, chunki ular kelajakda nimalarga qodir ekanini bilmayman.
Men aytmoqchi bo‘lgan yana bir narsa bor. Lekin, afsuski, gapira olmayman. Shu paytgacha faqat o‘z harakatlarim bilan gapirgan edim va bu harakatlarim Nimann bilan shaxmat o‘ynashni xohlamasligimni aniq ko‘rsatib turardi.
Umid qilamanki, bu voqea to‘g‘risidagi haqiqat qanday bo‘lishidan qat’i nazar qachonlardir yuzaga chiqadi», deb yozdi Karlsen ijtimoiy tarmoqda.
Norvegiyalik shaxmatchi raqibi Nimanning aynan qanday usulda chiterlik qilganiga oydinlik kiritmadi.
Eslatib o‘tamiz, «Chiterlik» (ing. «cheat» - firib qilmoq, aldamoq) – kompyuter olamiga mansub termin bo‘lib, o‘yinlarda tashabbusga ega bo‘lish uchun g‘irromlik bilan o‘zgacha dasturiy ta’minot yoki apparatdan foydalanishni anglatadi.
Voqealar qanday rivoj olgani haqida
● Magnus Karlsen Sinquefield Cup turnirida amerikalik Hans Nimannga yutqazib qo‘ydi va shu zahoti o‘z xohishi bilan musobaqani tark etdi. Bu uning faoliyatida birinchi marta yuz berdi. Magnus o‘z qarorini tushuntirib o‘tirmadi, oqibatda Nimann qandaydir yo‘l bilan g‘irromlik qilgan bo‘lishi mumkinligi, tashkilotchilar esa buning oldini olmaganidan ranjigani haqidagi taxminlar paydo bo‘ldi.
● 19 yoshli Hans Nimann ilgari g‘irromlik qilganini tan oldi – lekin jonli o‘yinlarda emas, balki faqat eng mashhur Chess.com portalidagi onlayn turnirlarda. Portal Nimanning chiterlik qilganini aniqlagan va bir necha oyga bloklab qo‘ygan.
● Nimanning Karlsenga qarshi shaxmat partiyasi tahlil qilish uchun yetakchi «shaxmat detektivi» Kennet Riganga berildi – u amerikalikning yurishlarida shubhali narsani sezmadi. Shuningdek, tashkilotchilar ham shaxmatchilarni skanerlar yordamida tekshirib, hech qanday maxfiy uskunalarni topishmadi. Turnir bosh hakami esa g‘irromlik bo‘lmaganini ta’kidladi.
● Bir hafta o‘tgach, Karlsen Champions Chess Tour musobaqasida yana Nimann bilan to‘qnash keldi. Bu safar norvegiyalik shaxmatchi ikkinchi yurishdayoq «namoyishkorona» taslim bo‘ldi.
● Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDЕ) Magnus Karlsendan o‘z xatti-harakatlariga izoh berishni talab qildi. Shuningdek, sobiq jahon chempionlari Garri Kasparov va Anatoliy Karpov ham undan jamoatchilikka tushuntirish berishni so‘radilar.
● Hans Nimann «g‘irromligi» haqidagi taxminlarni inkor qildi va dalil-isbot talab qildi. «Agar biror bir haqiqiy dalil bo‘lsa, nega buni ko‘rsatishmayapti? Kimdir yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladimi?» degan edi u. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»