22:44 / 03.10.2022
1 192

Migel Alvares: "O‘yindagi hisob butkul boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi"

Migel Alvares: "O‘yindagi hisob butkul boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi"
Coca-Cola Superliganing 20-turidan o‘rin olgan "Qo‘qon-1912" - "Surxon" (2:3) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Migel Alvares matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Juda chiroyli o‘yin bo‘ldi. Avvalo "Qo‘qon-1912" jamoasiga navbatdagi o‘yinlarda omad tilayman. Bugun o‘zbek futbolidagi yorqin uchrashuvlardan biriga guvoh bo‘ldik. Barchasi a’lo darajada edi, o‘yin sifati ham, stadionda muxlislar yaratgan atmosfera ham.

Bu o‘yin biz uchun juda muhim edi. G‘alabadan keyin to‘xtab qolmaymiz va oldinga intilishda davom etamiz. Bugungi g‘alabamiz bilan "Surxon" klubining barcha vakillarini, ishchi-xodimlar, futbolchilar, murabbiylar shtabi va umuman jamoaning barcha a’zolarini tabriklayman. Bizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan muxlislardan hamisha minnatdormiz.

Oldinda tur uchrashuvlari bizni kutib turibdi. Qadam ba-qadam o‘yindan-o‘yinga o‘sib boramiz. Bundan tashqari o‘tgan o‘yinlar bilan taqqoslasak, bugungi uchrashuvni boshqarib borayotgan hakamlar ham juda yaxshi ishlaganliklarini e’tirof etish joiz. Chunki, so‘ngi vaqtlarda Superliga o‘yinlarida hakamlar xatosi uchrab turgandi.

- Uchrashuvning so‘ngi 10 daqiqalarida jamoangiz kambekka erishdi. Bunda mezbonlarning xatosi nimada bo‘ldi deb hisoblaysiz?
- Bugun "Qo‘qon-1912" yomon o‘yin ko‘rsatgani yo‘q. Guvohi bo‘ldingiz, mezbonlarda vaziyatlar ko‘proq ham edi. O‘yindagi hisob butkul boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Biz o‘yindan oldin raqibni juda yaxshi o‘rganib chiqqandik. Bundan tashqari men o‘yinning borishidan kelib chiqib taktik uslubni bir oz o‘zgartirib qo‘ydim. Jamoamiz futbolchilari uchrashuv davomida xuddi askar kabi kurash olib borishdi. Shu kabi omillar, shuningdek ishtiyoq sabab yakunda g‘alabaga erishdik.

- O‘yin davomida birdaniga 3 ta o‘zgarishga qo‘l urdingiz. G‘alabaga aynan shu o‘zgarishlar sabab bo‘ldi deb hisoblaysizmi?
- Yo‘q, bunday deb o‘ylamagan bo‘lardim. Jamoada faqat 11 kishi o‘ynamaydi. Butun tarkib, masalan 18-20 nafar futbolchi bizning g‘alabamiz uchun kurashadi. Bu ham qandaydir omil bo‘lishi mumkin, lekin asosiy sabab emas.

- Oldinda jamoangizni kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar kutib turibdi. "Surxon"ni Superligada qolish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Albatta, biz har bir o‘yinga bor imkoniyatimizni ishga solgan holda tayyorgarlik ko‘ramiz. Asosiy maqsadimiz jamoani Superligada saqlab qolish. Hozir raqib kim ekanini o‘ylaydigan palla emas, biz har bir o‘yinda o‘z imkoniyatlarimizdan maksimal tarzda foydalanishga harakat qilamiz.

- "Surxon" homiylari jamoaga yaxshi e’tibor qaratsa, kelgusida siz va ispaniyalik murabbiylar shtabi klubni yanada kuchaytirish maqsadlaring bormi?
- Hozir asosiy maqsad jamoani Superligada saqlab qolish. Nafaqat ispaniyalik, balki mahalliy murabbiylarimiz bilan ham biz bir oiladekmiz. Albatta jamoani kelgusida yanada kuchli bo‘lib shakllanishiga o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Migel Alvares: "O‘yindagi hisob butkul boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi"