10:00 / 04.10.2022
1 600

"Surxon"dan superkambek! "Dahshatli" gol muallifi o‘yindan keyin nimalar deganini bilasizmi?

"Surxon"dan superkambek! "Dahshatli" gol muallifi o‘yindan keyin nimalar deganini bilasizmi?
“Qo‘qon-1912” – “Surxon” o‘rtasidagi o‘yin “Bunyodkor” – “Navbahor” yoki “Paxtakor” – “Nasaf” o‘rtasidagi uchrashuvdan ham qiziqroq o‘tdi. Superligani bezaydigan super jang bo‘ldi.

Ushbu uchrashuvni tomosha qilmagan muxlis attang qilishi endi aniq. Ikkalasi ham ligada qolish uchun kurashayotgandi va turnir jadvalida ham yonma-yon turgandilar. Uchrashuv qo‘qonliklar uchun yaxshi boshlandi. Go‘yoki hammasi maydon egalarining ssenariysi ostida kechayotgandi. Chunki “Qo‘qon-1912” hisobni 2:0 ko‘rinishga keltirib, yana imkoniyatlar yaratayotgandi. Ammo futbol shunday o‘yinki, unda hammasi birdaniga o‘zgarib ketishi hech gap emas. Oldindan nima bo‘lishini bilmaysiz. “Surxon” misolida buni ko‘rdik.

Jamoaning iqtidorli yarim himoyachisi Islom Toshpo‘latov 74-daqiqada shunday gol urdiki, bu gol mavsumning eng chiroyli goli bo‘lishga asosiy da’vogarlardan biri bo‘ladi. Olisdan, balki masofa 35-40 metr kelsa kerak, u shunday uzoqlikdan kuchli zarba yo‘lladiki, darvozabon to‘pni qaytarishga ojiz edi. Aynan Toshpo‘latovning golidan keyin “Surxon” “uyg‘ondi”. Natijada bunday goldan ruhlanib ketgan mehmonlar yana ikkita gol urib 2:0 ni, yakunda 2:3 ga o‘zgartirib superkambekni amalga oshirishdi. Uchrashuv tugaganidan so‘ng “dahshat”li gol urgan Islom Toshpo‘latov Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.

- Islomjon, “Surxon”ning superkambek ko‘rsatishi qoyilmaqom bo‘ldi. Rosti, 2:0 dan keyin hisobni 2:3 ga o‘zgartirishinglar kutilmagan burilish bo‘ldi. Buni qanday uddaladinglar?
- Bu o‘yin juda muhim edi. Hisobda ortda qolayotganimizda ham taslim bo‘lish haqida o‘ylamadik. G‘alaba qozonishimizni butun jamoamiz xohlagandi. Oxirida mehnatimiz va intilishimiz samarasini berdi.

- “Surxon”ning dastlabki goliga mualliflik qildingiz. Ammo bu shedevr gol doim ham kiritilavermaydi. Zarba ham xuddi pushkadek ketdi. Buni tavakkal bajardingizmi yoki...
- O‘sha vaziyatda to‘pni o‘zimga olishim bilanoq darvoza tomon tepish haqida o‘yladim va shuni bajardim. Hammasi Xudodan, zarbam golga aylandi, omadim keldi.

- Bunga faoliyatingizdagi eng chiroyli gol deb ta’rif bersak bo‘laveradi...
- Ha, shunaqa. Eng chiroyli gol bo‘ldi. Hali bunaqasi bo‘lmagan.

- Hisob 2:0 bo‘lganida “Surxon” tushkunlikka tushib qolmadimi?
- Yo‘q. Tushkunlikka tushmadik. Kambekni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Aytdim-ku, g‘alabamizni hammamiz xohlagandik. “Surxon”ni Superligada saqlab qolish uchun jamoadagi har bir futbolchi bor kuchi bilan kurashyapti. Bugungi uchrashuvda ham harakat qildik va mehnatimizga yarasha yutib ketdik.

- Baribir 2:0 dan keyin aksar klublar bunday kambek ko‘rsatishi juda qiyin ishga aylanib qoladi. “Surxon” qayerdan kuch topdi?
- Birinchi bo‘limda o‘yinimiz ko‘ngildagidek chiqmadi. Ikkinchi bo‘limda vaziyatni o‘zgartirish uchun chiqdik. 2:0 dan keyin ham biz taslim bo‘lmadik. Rostini aytsam, butun yutmasak bo‘lmasdi. Jamoamizga g‘alaba juda zarur edi. Shunga yarasha hamma futbolchi bor kuchi bilan harakat qildi. Ishonchimiz katta edi.

- Balki 2:0 bo‘lib turgan vaziyatda durangni o‘ylagandirsizlar...
- Yo‘q. Birinchi navbatda gol urib olishni o‘yladik. Shu ishni bajarganimizdan keyin u yog‘i “ochilib” ketdi.

- Bosh murabbiyning ko‘rsatmasi qanday edi?
- Murabbiy maydonga chiqib faqat futbol o‘ynanglar dedi. Birinchi bo‘limdagi holat hech nima emas, hammasini o‘zgartira olamiz deb aytdi.

- Kambekdan keyin yechinish xonasida murabbiy nimalarni aytdi?
- To‘g‘risi, murabbiyimiz hech nima demadi. To‘g‘risini aytganda, o‘zi ham yutib ketishimizni kutmagandi.

- Siz-chi?
- Men uchrashuvdan avval gol uraman deb maydonga tushgandim. G‘alaba uchun chiqdik va ikkinchi bo‘limda 3 ta gol urdik. Barcha jamoadoshlarim ham ishongandi, g‘alabaga. Hamma ahil bo‘lib o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda ko‘proq xohladik.

- “Qo‘qon-1912” siz kutgan o‘yinni ko‘rsatdimi?
- Bizga qarshi “Qo‘qon-1912” yaxshi o‘ynadi. Ayniqsa, birinchi taymda bizga nisbatan yaxshiroq o‘ynadi.

- Urgan shedevr golingizni kimga bag‘ishlaysiz?
- Golimni dadamga bag‘ishlayman. O‘yinni ko‘rish uchun stadionga kelishgandi.

- Uchrashuvdan keyin dadangiz bilan gaplashdingizmi? Golingizga qanday munosabat bildirdi?
- Dadam u qadar maqtamaydi (kuladi). Faqat “molodes” dedi, bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Surxon"dan superkambek! "Dahshatli" gol muallifi o‘yindan keyin nimalar deganini bilasizmi?