01:06 / 15.10.2022
1 171

Ulug‘bek Bakayev: "Ikkinchi yarim final va penaltilar seriyasidagi ikkinchi mag‘lubiyat. Bu juda og‘riqli"

Ulug‘bek Bakayev: "Ikkinchi yarim final va penaltilar seriyasidagi ikkinchi mag‘lubiyat. Bu juda og‘riqli"
O‘zbekiston Coca Cola kubogi yarim final bosqichidan o‘rin olgan "Navbahor" – "So‘g‘diyona" 0:0 (3:1 penaltilar seriyasida) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ulug‘bek Bakayev matbuot anjumanida qatnashdi.

O‘yin haqida
- O‘yin yaxshi bo‘ldi. Muxlislarni alohida ta’kidlash lozim. Umuman bugun futbol atmosferasini his qildik. "Navbahor" o‘yinni agressiv boshladi. Beshta o‘yinchimiz jarohat, kartochka va boshqa sabablar bilan o‘yinni o‘tkazib yuborishdi. Bu esa ishimizni qiyinlashtirdi. Ammo yigitlarimga katta rahmat deb qolaman. Men uchun ular qahramon, ular bugun g‘oliblar. O‘n kishi bo‘lib bunday atmosferada "Navbahor"dek kuchli jamoaga qarshi o‘ynash bu albatta juda katta ish. Kamchilik bo‘lib qolganimiz sabab ham "Navbahor" ustunlik qildi. Bizda ham vaziyatlar bo‘ldi, oxirida durang qayd etdik. Ikkinchi yarim final va penaltilar seriyasidagi ikkinchi mag‘lubiyat. Bu juda og‘riqli. Albatta, bu futbol. Hayot davom etadi. Bu o‘yin tarixga aylandi. "Navbahor"ni tabriklayman va finalda omad tilab qolaman.

- Ajoyib o‘yin uchun rahmat Ulug‘bek aka. "So‘g‘diyona" ikkinchi marta yarim final o‘yinida penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchramoqda. OFK kubogida ham shu kabi holat yuz berdi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz? Bu charchoq yoki psixologik holat bilan bog‘liqmi?
- Katta ehtimol bilan psixologik nuqtai nazardan bu narsa yuz berdi. Konsentratsiya, jismoniy holat... Bundan tashqari, o‘yinning sezilarli qismida kamchilik bo‘lib o‘ynadik. Bu futbol, bu lotoreya. "Navbahor" g‘alaba qozondi, biz esa buning uddasidan chiqa olmadik. Shu sabab ham kimnidir ayblamoqchi emasman. Yigitlarimga katta rahmat, yana bir bor.

- "So‘g‘diyona" yaxshi tashkil qilingan jamoa. Ammo borgan sari klub o‘z o‘yinini yo‘qotib borayotgandek. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz? Keyingi mavsumdagi rejalaringiz qanday?
- Bu narsa hammamiz, shu jumladan murabbiylar shtabi uchun ham katta tajriba va amaliyot bo‘ldi. Uchta frontda kurash olib bordik. Buning uchun tajribali va sifatli o‘yinchilardan iborat zaxira o‘rindig‘i bo‘lishi kerak. Ammo bizda o‘zingiz ko‘rganingizdek jamoamiz yoshi biroz kattaroq yoki biroz yoshroq o‘yinchilardan tashkil topgan. Shu jihatdan olib qaralsa, bizga har to‘rt kunda o‘ynash uchun jismoniy jihatdan kuch yetishmadi.

Shu bilan birga, biz tiklanishga ham ulgura olmadik. Biz har 96 soatda o‘yin o‘tkazdik. Buni yomon demayman, biz hamma frontda ham yaxshi kurash olib bordik. Endi bor e’tiboni chempionatga qaratamiz. Chempionatda nazariy jihatdan bizda hali imkon bor. Ikkinchi savolingizga kelsak, bu haqida gapirishga hali erta. Chempionat yakunlanadi va klub rahbariyati bilan bu masalani muhokama qilamiz.

- Jasur Hasanov tushunarli, ammo bugun zaxira o‘rindig‘ida Norxonov va Denisov bor edi. Nega ularni maydonga tushirmadingiz?
- Ularning zaxirada qolganliklariga sabab bu jarohat. Ular jarohat olishgandi, tezlik bilan harakatlanishda ularda muammolar bor edi. Norxonov, Denisov va Hasanovlarning sonida jarohat bor edi. Shoyqulov va Chermel diskvalifikatsiya sabab o‘yinni o‘tkazib yuborishdi. Zaxiramizda ikkita juda yosh o‘yinchilar bor edi. Ular o‘ynashmasa ham, o‘yin tempini his qilishdi. Ular uchun bu foydali bo‘ldi deya olaman.

- Jamoangizning chempionatdagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Nazariy jihatdan bizda hali ham imkoniyat bor. Shuning uchun biz oxirigacha bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Biz barchani hurmat qilamiz va hech kimdan qo‘rqmaymiz. Barchaga rahmat.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ulug‘bek Bakayev: "Ikkinchi yarim final va penaltilar seriyasidagi ikkinchi mag‘lubiyat. Bu juda og‘riqli"