23:08 / 12.11.2022
1 016

Timur Kapadze: "Bugun g‘alabaga biz haqli edik"

Timur Kapadze: "Bugun g‘alabaga biz haqli edik"
Coca Cola Superligasi 26-turi doirasida "Olimpik" - "Nasaf" uchrashuvidan keyin mezbonlar ustozi Timur Kapadze o‘z fikrlarini bildirdi.
- G‘alabadan xursandmiz. Butun jamoani tabriklayman. Mavsumning oxirgi o‘yini, yaxshi kayfiyatda tugatmoqchi edik. Shunga yarasha tayyorlandik ham. "Nasaf"ni juda yaxshi bilamiz, kuchli jamoa. To‘g‘ri, bugungi uchrashuvda ruxiy tomonlama ham ularga pand bergandir, lekin umuman olganda biz bugun yaxshi o‘ynadik va g‘alabaga haqli edik. Bundan xursandmiz.

- Mavsum haqida fikrlaringiz, jamoa kuchli oltilikda mavsumni yakunladi.
- Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, biz bir qancha uchrashuvlarda yanada yaxshiroq o‘ynab, ko‘proq g‘alabalarga erishsak bo‘lardi. Balki bundan ham teparoq bo‘lishimiz mumkin edi. Bizga kimni yutganimiz unchalik qiziq emas, asosiysi - yigitlarda o‘sish katta. Yil davomida futbolchilarim zo‘r jamoalarga qarshi o‘ynadi, individual, jamoaviy jihatdan kuchli raqobat qildi. Bugungi o‘yin ham buni isbotlamoqda. Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz, deb o‘ylayman, yaxshi ishladik, mehnat qildik. Albatta, barcha kabi charchoqlar bor. Bundan biz to‘g‘ri hulosalar chiqaramiz. Keyingi yilga yanada kuchliroq bo‘lamiz.

- Ushbu mavsum "Olimpik" kuchli uchlikdagi jamoalarga mag‘lub bo‘lmadi va mavsumdagi deyarli barcha uchrashuvlarda birinchi raqamli bo‘lib o‘ynadi. Kelasi mavsumda jamoa oldiga medallar qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilishi mumkinmi?
- Ushbu mavsum boshlanishidan oldin oldimizga eng yuqori maqsadni qo‘yganmiz va bunga intilganmiz. Yil boshida uchlikka harakat qildik. Oltinchi o‘rinni oldik, bunga ham hudoga shukur. Ko‘p duranglar o‘ynab yubordik. Xursand qiladigani - kam yutqazdik. Shunda ham himoyada o‘ynab, durang uchun intilmadik. Barcha o‘ynagan o‘yinlarimizda birinchi raqamli bo‘lib, g‘alaba uchun o‘ynadik, ba’zida o‘xshamadi, ba’zida yo‘q. Umuman olganda unchalik yomon emas, keyingi yilda bundan yaxshiroq natija uchun o‘ynaymiz.

- Jamoa yetakchilariga boshqa klublardan takliflar borligi aytilmoqda. Sizning rejalaringiz qanday?
- Futbolda kimningdir o‘rniga kimdir keladi. Avlodlar doimo almashadi. Kuchli futbolchilarni qo‘yib yuborish niyatida emasmiz. Bizning maqsadimiz faqatgina chempionatda g‘alaba qozonish emas, ularni tayyorlab, kattaroq maqsadlarga erishish. Ularga bir-birini tushunish, o‘yinni tashkil qilish, yaratuvchanligini oshirish kabi ishlarini ham qilish kerak. Bu kerakli narsa. Lekin super jamoa taklif bilan chiqsa, albatta, imkon beriladi. Men ham futbolchilarimning kuchli bo‘lishini istayman. Terma jamoa shunda kuchliroq bo‘ladi. Maqsad shu.

Ammo O‘zbekistonda futbolchilarim uchun kuchli jamoani ko‘rmayapman. Faqatgina moliyaviy tomondangina ularni aldash mumkin. Barchamiz bir darajadamiz, bir turnirdamiz. Ko‘z oldimda bo‘lsa, ularni yaxshiroq tayyorlay olaman. Agarda chetdan yaxshiroq, futbolchini tezroq rivojlantira oladigan taklif bo‘lsa, o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi. Keyingi yil biz uchun asosiysi bo‘ladi. Saralash o‘yinlari, qit’a chempionatiga chiqsak, u yerda ishtirok etishimiz kerak, oldimizda Olimpiada yo‘llanmasi turibdi. Bizni katta yuklamali yil kutib turibdi. Shu sababli boshqa klublardan kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan yigitlarni tarkibga jalb qilishni ham o‘ylayapmiz.

- Butun bir chempionat haqida nima deya olasiz. Kimlardir ijobiy, kimlardir salbiy fikrda.
- Ushbu chempionat boshqacha o‘tdi. Barchasi oxirgi turda hal bo‘ldi. Nafaqat biz, balki, "Nasaf" ham ko‘p durang o‘ynadi. Barcha jamoalar ochko uchun qattiq kurashishdi. Shu sababli ushbu chempionat juda qiziq bo‘ldi. Oson o‘yinlarning o‘zi bo‘lmadi. Ba’zida bo‘lib turgandir shundaylari. Yomon joyi yo‘q. Har bir jamoa maqsadi uchun anchagina kurashdi. Kurash bor joyda o‘sish bo‘ladi. Shu sababli oxirigacha kurashishdi. Bu esa chempionatning yaxshi o‘tganidan dalolat.

- Bugun Superligani tark etgan "Dinamo" va "Qo‘qon-1912" chempionatning eng kuchsiz jamoalaridanmi?
- Bilmadim. Ikkala jamoada ham murabbiylar o‘zgarishi bo‘ldi. "Qo‘qon-1912" - yaxshi jamoa. Nafaqat ular, balki, hamma yaxshi o‘ynadi. O‘tkinchi o‘yin bo‘lgani yo‘q. Ularda oxirgi turda ham qolish uchun imkoni bor edi. Ha, "Dinamo" ancha oldin imkonni qo‘ldan chiqargandi. Ko‘rganingizdek, futbolda oxirigacha kurashish kerak. Futbol shunisi bilan qiziq.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze: "Bugun g‘alabaga biz haqli edik"