«Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu so‘nggi yil davomida boshiga tushgan fojia, klub inqirozining sabablari, ba’zi shov-shuvli voqealar haqida intervyu berdi.
Buyuk Britaniyaning The Sun nashri jurnalisti Pirs Morgan «Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu bilan suhbatlashib, so‘nggi yilda uning hayotida yuz bergan voqealar haqida fikrini bilib oldi.
«So‘nggi bir necha oylarda unga malomat toshlari otilmoqda, masxara qilinmoqda va cheksiz ayblovlar qo‘yilmoqda. Endi uning sabr kosasi to‘ldi. Krishtianu Ronaldu hammasidan to‘ydi», deb yozdi Morgan.
Birinchi navbatda, malomat, masxara va ayblovlar ommaviy axborot vositalari, klub rahbariyati, jamoadagi sheriklari va hatto sobiq jamoadoshlari tomonidan qilinmoqda.
Eng muhimi, u 32 ta sovrinni qo‘lga kiritgan, jumladan, beshta «Oltin to‘p», Chempionlar Ligasidagi 5 ta g‘alaba, to‘rtta mamlakatda qo‘lga kiritilgan 7 ta chempionlik unvoni va Portugaliya bilan Yevropa chempionati g‘olibi bo‘lsa-da, elementar hurmat yo‘qligidan to‘yib ketgan.
37 yoshli Ronaldu futbol tarixidagi eng yaxshi to‘purarlardan biri, shuningdek u yulduzlikning zamonaviy metrikasi bo‘lgan «Instagram»da eng ko‘p obunachilarga ega, eng mashhur odamlardan biri. Uning obunachilari soni yarim milliardga yaqinlashmoqda. Ammo hozir u g‘azab va hurmatsizlikni his qilmoqda va endi jim turmoqchi emas.
U Qatarga beshinchi va katta ehtimol bilan so‘nggi jahon chempionatiga yo‘l olishdan burun O‘Z fikrini aytishni xohlaydi. Ronaldu o‘zining professional va shaxsiy jihatdan «hayotidagi eng og‘ir damlar» deb atagan davrga oydinlik kiritishni istaydi.
«Manchester Yunayted» menga xiyonat qildi, Ten Hagni hurmat qilmayman, chunki u ham meni hurmat qilmaydi
Ronaldu «Manchester Yunayted»da o‘ziga nisbatan qilinayotgan munosabatni «xiyonat»dek his etmoqda. Klubning ishi yurishmayotgan pallada o‘zini aybdor qilishayotganidan, «oq qarg‘a»dek tasvirlashayotganidan achchiqlanadi va hozir uni faol ravishda klubdan siqib chiqarishmoqchi deb hisoblaydi.
U bir yil davomida klubda uch nafar bosh murabbiy o‘zgarganini aytadi. Birinchidan, Ronaldu qaytganidan bir necha hafta o‘tgach, bosh murabbiy Ole-Gunnar Sulsher ishdan bo‘shatildi. Portugaliyalik uni juda hurmat qilishini aytadi. Qolgan ikki murabbiy Ralf Rangnik va hozirgi menejer Erik ten Hag haqida yaxshi fikrda emas.
Jumladan, o‘n yildan ortiq futbol jamoasini boshqarmagan Rangnik haqida shunday dedi: «Agar siz hatto murabbiy bo‘lmasangiz, qanday qilib «Manchester Yunayted»ni boshqarishingiz mumkin? Men u haqda hech qachon eshitmagandim».
Ronaldu o‘tgan oyda, “Tottenhem”ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida zaxiradan tushishni xohlamagan edi. Shundan so‘ng, bosh murabbiy ten Hag uni tarkibdan chetlatdi. Ronaldu o‘zini so‘nggi daqiqada, xuddi qandaydir o‘rinbosar sifatida maydonga tushirilishini hurmatsizlik deb baholaydi. Uning ten Hag haqidagi fikrlari keskinroq: «Uni hurmat qilmayman, chunki u ham meni hurmat qilmaydi. Agar meni hurmat qilmasangiz, men sizni hech qachon hurmat qilmayman».
Uning eng shov-shuvli tanqidchilariga kelsak, masalan, yana bir sobiq jamoadoshi Ueyn Runi bir necha oylar davomida Ronalduga ochiqchasiga hujum qilib, “Yunayted”ni undan qutulishga undaganini balandparvoz sarlavhalardan o‘rin olishga intilish deb baholaydi va bundan jirkanadi.
«Nega u meni bunchalik tanqid qilishini bilmayman... Ehtimol, u faoliyatini yakunlagani va men hali ham yuqori saviyada o‘ynayotganim tufaylidir». Keyin u kulib, qo‘shib qo‘yadi: «Ko‘rinishim undan yaxshiroq demoqchimasman. Lekin bu haqiqat...»
Oilaviy fojia
Shu yilning aprel oyida Ronalduning turmush o‘rtog‘i Jorjina tug‘ish paytida egizak farzandining biridan ajraldi. Yurakni ezuvchi ushbu fojiada o‘g‘il bolaning egizak singlisi tirik qoldi.
Lekin, qandaydir tarzda u futbol o‘ynashga kuch topdi. Bunga qisman “Liverpul” kabi raqib klub muxlislari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ham sabab bo‘ldi. Ularga qarshi o‘yinning yettinchi daqiqasida stadiondagi muxlislar «You‘ll Never Walk Alone» (Sen hech qachon yolg‘iz ketmaysan) qo‘shig‘ini kuyladilar (Ronaldu 7-raqamli futbolkada o‘ynaydi). Ronaldu hissiyot bilan tan oladi: «Bunday bo‘lishini hech qachon kutmagandim».
Shuningdek, Buyuk Britaniya qirollik oilasi ham unga hamdardlik xatini yubordi. Bu ham uni xuddi avvalgi voqeadek hayratda qoldirdi.
Ajablanarlisi shundaki, hujumchi klubi tomonidan unchalik qo‘llab-quvvatlanmadi. Ronaldu ularni “hamdardlik” yo‘qligida ayblamoqda. Ayniqsa uch oylik qizi iyul oyida shifoxonaga yotqizilganida va Ronaldu u bilan qolishni istab, mavsumoldi mashg‘ulotlariga o‘z vaqtida kelmaganida.
Krishtianu “Yunayted”ning yuqori martabali rahbarlariga nega mashg‘ulotlarga vaqtida kela olmasligini tushuntirgan, ammo ular bu so‘zlardan shubhalanishgan. Ronaldu bundan «qayg‘uga tushgani»ni va «o‘zini yomon his qilgani»ni aytadi.
«Bu ertak shunday tugamasligi kerak edi», deb taajjublanadi Morgan.
“Siti” uni kutayotganida, Fergyuson fikrini o‘zgartiradi
14 oy oldin, Ronaldu shov-shuvli tarzda «Manchester Yunayted» bilan qayta shartnoma imzoladi va futbol olamini hayratda qoldirdi.
U “Yunayted”ning ashaddiy raqibi «Manchester Siti»ga yo‘l olmoqchi bo‘lganida, buyuk ustozi Aleks Fergyusonning shaxsiy murojaati tufayli faoliyatini boshlagan klubiga qaytdi.
«Qalbim chaqirig‘iga quloq tutdim», deydi u qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. «U (Aleks Fergyuson) menga: «Sen «Manchester Siti»ga o‘tolmaysan», dedi va men: «Xo‘p bo‘ladi, boshliq», dedim».
«Orzular teatri» deb ataladigan «Old Trafford»dagi birinchi o‘yinida u “Nyukasl” (4:1) darvozasiga ikkita gol urdi. Tribunada ser Aleks va hayajondan yig‘layotgan onasi tomonidan olqishlandi.
“Yunayted”ning xursandlikdan aqldan ozgan muxlislari o‘yindan keyin soatlab «Yashasin, Ronaldu» deb hayqirishdi.
Uning jamoadoshi Markus Reshford ijtimoiy tarmoqda: «U hech qachon ketmagandek tuyulyapti», deb yozdi.
Ammo tez orada achchiq haqiqat yuzaga chiqdi. Bu jamoa 2009 yilda tark etgan «Manchester Yunayted» klubidan juda farqli edi.
Jamoa oldinga harakat qilmagani, uni boshqarayotgan odamlar saviyasi avvalgilaridan past ekani Ronalduni hayratda qoldirdi. U mashg‘ulot xonalari, basseyn, texnologiyalar, sportzaldan tortib oshxonagacha (ovqatlanish va parhez) yaxshilanmaganidan hayratga tushdi.
«Taraqqiyot nolga teng edi», deb xo‘rsindi u. «Ser Aleks ketganidan beri klubda hech qanday rivojlanishni ko‘rmadim. Hech narsa o‘zgarmabdi».
Shuningdek, ko‘plab yosh o‘yinchilarning mashg‘ulotlarga beparvo munosabatidan hayratga tushdi.
«Agar muammo menda bo‘lsa, ketishga tayyorman»
Bundan tashqari, u ko‘p yillik muvaffaqiyatsizlik va turg‘unlikdan so‘ng, “Yunayted” endi dunyoning eng yaxshi o‘yinchilari bilan shartnoma imzolay olmasligini bilib, hafsalasi pir bo‘lgan, chunki bu ularning katta sovrinlarni qo‘lga kiritish imkoniyatlarini ancha pasaytirar edi.
«Muxlislar haqiqatni bilishi kerak», deydi u. «Men klub uchun eng yaxshisini xohlayman. Shu sababdan «Manchester Yunayted»ga keldim».
«Ammo klub ichida baʼzi narsalar borki, ular “Siti”, “Liverpul” va hatto “Arsenal” kabi yuqori darajaga chiqishga to‘sqinlik qiladi... Menimcha, bunday o‘lchamdagi klub cho‘qqida bo‘lishi kerak va afsuski hozir unday emas».
Ronaldu noroziligining eng muhim jihati – uning mag‘lubiyatni yomon ko‘rishidir. U g‘alabali muhitda ishlashni xohlaydi – hozirgi “Yunayted”da esa buning borligiga ishonmaydi. Vaziyatni o‘nglash uchun keskin qadamlar kerak bo‘lishi mumkin, shu jumladan uning ketishi ham.
U shunday deydi: «Pikasso aytganidek, bir narsani yaratish uchun, oldin boshqa narsani yo‘q qilish kerak. Agar ular ishni mendan boshlamoqchi bo‘lsalar, bunda hech qanday muammo ko‘rmayapman».
«Manchester Yunayted»ni yaxshi ko‘raman, muxlislarni yaxshi ko‘raman, ular doim men tomonda. Agar ular vaziyatni o‘zgartirishni xohlasalar... ko‘p narsalarni, juda ko‘p narsalarni o‘zgartirishi kerak», deb qo‘shimcha qildi Ronaldu.
Ser Aleksning hozirgi vaziyat haqida fikriga kelsak, Ronaldu shunday dedi: «Klub munosib yo‘lda emasligini u hammadan yaxshi biladi. U biladi. Hamma biladi. Buni ko‘rmayotgan odamlar... shunchaki ko‘rishni istamayapti, ular ko‘r».
«Ronaldu bu intervyudan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rgan»
Pirs Morgan birinchi marta Krishtianudan uch yil oldin, Italiyaning Turin shahrida, “Yuventus”da o‘ynab yurganida intervyu olgan edi.
«Biz to‘rt soat davomida suhbatlashdik. Shu vaqtdan beri biz juda kam uchrashdik, lekin qalin do‘st bo‘lib qoldik. Biz ko‘p yozishamiz va gaplashamiz va u har doim men bilan juda rostgo‘y. U juda aqlli, yoqimtoy yigit, bu intervyuni berishdan oldin juda ko‘p o‘ylagan», deydi u.
Jurnalistning fikricha, ko‘p oylar davomida Ronalduning ichida g‘azab va umidsizlik bo‘lgan. U futbolga jiddiy yondashadi, g‘alabalarga esa bundan ham jiddiy.
Ronaldu qo‘lga kiritgan mukofotlar kuchli va bardoshli mentalitetni, tinimsiz mehnatsevarlikni, shiddatli raqobat ruhi va dunyoda birinchi raqam ekaniga bo‘lgan murosasiz ishonchni talab qiladi.
«Ronaldu yuqori darajada kurashmaydigan klubga kelib qolgani, zaxiraga o‘tqazib qo‘yishgani, haqorat qilishgani, hatto faoliyatida birinchi marta tarkibdan chetlatishgani tufayli qattiq zarbaga uchragandek tuyulishi mumkin. Chunki o‘tgan mavsumda u 24 ta gol bilan klub to‘purari bo‘lgandi. Lekin u hech qanday alohida munosabatni talab qilmaydi, ammo hurmat ko‘rsatilishini istaydi, chunki bunga loyiqman deb hisoblaydi», deb taʼkidlaydi Morgan.
Intervyu yakunida, Jorjina shovqin-suronli bolalari bilan kelib qoldi. Ular Krishtianuning oyoqlariga yopishib olishdi. Ronalduni bolalari bilan ko‘rish – bu quvonchli, u xuddi ona kabi ularga mehr ulashadi.
U shunday deydi: «Oilam men uchun hamma narsadir. Ayniqsa, boshimizga tushgan fojiadan keyin bu yana-da muhim».
Avvalroq, u hayotdan ko‘z yumgan o‘g‘li haqida kamera oldida hayajonlanib gapirdi, bundan bo‘g‘ilib qoldim. Lekin u odamlarning o‘ziga achinishini istamaydi. U ajoyib oilaga ega, juda badavlat va Xudo bergan iqtidorga ega odam ekanini, bu iqtidor uni sport tarixidagi eng muvaffaqiyatli va mashhur inson qilganini yaxshi tushunadi.
U odamlardan achinish emas, balki bu yil boshidan kechirganlarini tushunishlarini va bu voqealarni noto‘g‘ri mish-mishlar orqali emas, balki bevosita o‘zidan eshitishini xohlaydi.
Ronaldu ko‘priklarni yoqmoqdami?
«Bu doston qanday yakunlanganishini bilmayman. Bu intervyudan keyin Krishtianu Ronaldu qanday qilib «Manchester Yunayted»ga qaytishini tasavvur qilolmayman», deb yozdi Morgan.
Ammo hozircha u bor e’tiborini jahon chempionatiga qaratib, «Portugaliya uchun g‘alaba qozonish»ni istaydi, so‘ngra, qaytib kelib, «Yunayted» bilan muammolarini hal qilmoqchi.
Nima bo‘lishidan qat’i nazar, u har doim klub va ayniqsa uning muxlislari bilan birga bo‘lishini tushuntirdi.
«Chunki bu futboldagi eng muhim narsalar. Men ular uchun o‘ynayman. Ular doim men tomonda. Har safar ko‘chaga chiqqanimda, ko‘chada yurganimda muxlislar yonimga kelishini va futbol uchun qilgan ishlarimni qadrlashini his qilaman.
Muxlislar men uchun hamma narsadir. Shuning uchun bu intervyuni beryapman, chunki men o‘z fikrimni aytish uchun qulay vaqt kelganini his qilyapman», dedi Ronaldu.
Manchester Yunayted1, Ronaldu1, Shov-shuvli intervyu1 “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
AQSH raketalari yordamida yo‘llangan birinchi zarbalardan keyin Rossiya aksiyalari 2 mlrd dollarga quladi
Tramp Amerika razvedkasi ma’lumotlariga kirish huquqiga ega bo‘ldi
Bitkoin qiymati 99 ming dollardan oshdi