1 073
"So‘g‘diyona"ning yangi bosh murabbiyi klubga kelishi, jamoaning yangi rejalari va tarkib haqida gapirdi
Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubidagi o‘zgarishdan endi barchaning xabari bor. Bir necha mavsum bosh murabbiy sifatida ishlab hurmat va e’tibor qozongan Ulug‘bek Baqoyev chempionat tugashiga ikki tur qolganida iste’foga chiqdi. O‘rniga Yorqin Nazarov bosh murabbiy sifatida tayinlandi va ushbu mutaxassis ishni boshlab yuborgan.
Aytish lozimki, so‘nggi ikki turda “So‘g‘diyona” jamoasi Nazarov boshchiligida maydonga tushdi. Shu sababli Sports.uz jurnalisti Yorqin Nazarov bilan bog‘landi va jamoaning keyingi rejalari borasida suhbatlashdi.
- Yorqin aka, “Surxon”da ishlab yurganingizni bilardik. Lekin to‘satdan “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi sifatida ishga kirishib ketdingiz. Bu kutilmagan yangilik bo‘ldi. O‘zingiz ham voqealar rivoji shu taxlit o‘zgarishini o‘ylamagan bo‘lsangiz kerak-a?
- Bir inson menga qo‘ng‘iroq qilib, “So‘g‘diyona”dagilar siz to‘g‘ringizda qiziqishyapti, u yerda ishlash niyatingiz bormi, deb so‘radi. Bosh murabbiylikka nomzod bo‘lgan 3-4 ta murabbiylar orasiga sizni ham nomzodingizni qo‘yishmoqchi ekan, deganida mayli dedim. To‘g‘risini aytsam, men kelasi yil uchun aytilyapti deb o‘ylagandim. Ikkita tur qolganida murabbiylar ketishyapti, Jizzaxga keling deyishdi. Nega bunday bo‘ldi, kelasi mavsum uchun gaplashmoqchi edik-ku, desam ular Ulug‘bek Baqoyev bilan kelishib bo‘lgan ekan. U kelasi yil ishlamasligini rahbariyatga aytgan. Ikkita tur qolganida meni chaqirishganini sababi, o‘sha ikkita o‘yin mobaynida jamoaning ichida futbolchilarni o‘zingiz ko‘rib, bilib oling dedi.
Ya’ni, kim kerak, kim kerak emasligini aniqlashtirib olish maqsadida chaqirishgan. Lekin klub rahbariyati Ulug‘bek Baqoyevning qilgan barcha ishidan to‘la-to‘kis rozi va minnatdorlar. Ular murabbiy bilan juda iliq xayrlashishibdi. Meni ikkita tur qolganida chaqirishgani ham to‘g‘ri bo‘lgan ekan. Boisi, bungacha “So‘g‘diyona” futbolchilarini televizor orqali ko‘rganimda ayrimlari yoqqan yoki qaysi birlari yoqmagandi deylik, jamoaga kelib ularni bir necha kun mashg‘ulot qildirib, o‘yinga tayyorlaganimdan keyin ayrim futbolchilar borasida fikrim o‘zgardi. O‘sha televizorda ko‘rib, o‘yini yoqmagan o‘yinchi aksincha yaxshi ekan.
Men bilan 2023 yilning dekabr oyigacha shartnoma imzolashdi. Xudo xohlasa, jamoani yangi mavsumga tayyorlaymiz. Kelasi haftada menga yordam beradigan murabbiylar bilan shartnomalar imzolanadi. O‘yinchilar bo‘yicha ham muzokaralarni boshlab yuborganmiz.
- Ko‘pchilik sizni vaqtinchalikka keldi, deb o‘ylashgandi. Demak, jamoani to‘liq o‘zingiz boshqarasiz ekan-da?!
- Ha, bu aniq bo‘lib ulgurgan. Rahbariyat nomzodlar orasida meni tanlagan. Men bosh murabbiyman, ishni boshlab yuborganmiz.
- Jamoa bilan oldingizga qanday vazifa qo‘yildi?
- Oldin maqsad qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha qoladi, o‘zgarmaydi. Nimadir yutish. O‘zbekiston Kubogi yoki sovrindorlar qatoridan joy olish.
- Murabbiylar shtabida aynan kimlar sizga ko‘maklashadi?
- Keyingi hafta shartnomalar tuzilganidan keyin hammasi oydinlashadi. Yonimdagi yordamchi murabbiyim doim men bilan birga. “Andijon”da, “Surxon”da, kerak bo‘lsa “Bunyodkor”da ham birga ishlagan Timur Boboxonov ishni boshlagan. U ikkita turda “So‘g‘diyona”da menga yordam berdi. Qolganiga darvozabonlar murabbiyi, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy, analitik bo‘yicha kimlar ishlashi kelayotgan hafta aniq bo‘ladi.
- “So‘g‘diyona” uchta frontda kurashib, maqsadiga erisha olmadi. Xo‘sh, klubda ichki muhit qanday ekan? Sizga bu yerga kelgach, yana qanday qo‘shimcha ish tug‘ildi?
- Ichki muhit yaxshi. Ulug‘bek Baqoyev juda zo‘r jamoa tuzib ketgan. Sharoitlari ham ko‘ngildagidek. Futbolchilarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun hamma narsa bor. Shuning uchun bu yerda sharoitlar har tomonlama a’lo darajada. Muhit bo‘yicha hech qanaqa gap-so‘z yo‘q. Balki bir-ikkita futbolchilarga javob berarmiz va ayrim yangi o‘yinchilarni olamiz. Bu oddiy hol, hamma klubda shunaqa o‘zgarishlar bo‘ladi. Tarkibda tajribali futbolchilar bor va hammasi tezda tushunib olishadi.
“Lokomotiv” bilan 2:2 o‘ynagan bo‘lsak o‘yin jihatdan menga unchalik yoqmagandi. “Qizilqum”ga qarshi yigitlar yaxshi o‘ynashdi. Ikki taym mobaynida o‘yin bizning nazoratimizda o‘tdi. Ko‘rinib turibdiki, futbolchilar aytilgan vazifani tez qabul qilishi ajoyib. Faqat ikki marta burchakdan to‘p uzatilishidan so‘ng gollar o‘tkazib yubordik. Sababi, standartlar bo‘yicha hali to‘liq ishlamagandik. “Lokomotiv” bilan bahsda ham bitta golni burchakdan uzatilgan to‘pdan keyin o‘tkazdik. “Qizilqum” bilan uchrashuv shuni ko‘rsatdiki, endi kelasi mavsumda men talab qilayotgan va xohlayotgan uslubni futbolchilar bajara oladilar.
- Jamoada “qariya” futbolchi Jasur Hasanov bor. U bu mavsumni yuqori darajada o‘tkazdi. Kelasi yili ham u klubda qoladimi yoki faoliyatini yakunlaydimi?
- Jasur Hasanov juda tajribali o‘yinchi. O‘zi bilan gaplashdim. Xudo xohlasa, Hasanov jamoada qoladi. Agarda nimadir o‘zgarib qolmasa, men unga ishonch bildiraman. O‘zi ham Jizzaxda tug‘ilib o‘sgan. Jasurni qoldiramiz, yana bemalol o‘ynay oladi.
- Vitaliy Denisovning yozda klubga kelishi ham shov-shuvli bo‘lgandi. Bilamizki, shartnomasi mavsum oxirigacha edi. Uning masalasi nima bo‘ladi?
- Vitaliy Denisov bilan ham birga-bir gaplashib oldik. Meni ham xabarim yo‘q edi, u jamoaga kelganida yig‘in o‘tmagan. Jarohati bo‘lgani uchunmi yoki boshqa sabab tufaylimi, balki “So‘g‘diyona”ga unchalik ko‘p yordami tegmagandir. Lekin ko‘rinib turibdiki, Denisov professional. Oxirgi o‘yinda ham o‘zini ko‘rsatdi. Baribir tajribasi bor, turli klublarda o‘ynagan. Hozircha u to‘g‘risida aniq gap-so‘z yo‘q. Hali rahbariyat bilan futbolchilar bo‘yicha ham gaplashib olamiz.
- Jamoada legionerlar ham bor. “So‘g‘diyona”dagi xorijlik futbolchilar borasida fikringiz qanday?
- Darvozabonimizni hali shartnomasi bor. Shu sababli Mitrovichni klubda qolishi aniq. Qolgan legionerlarni ko‘rib chiqamiz. Albatta, boshqalarni ham darajasi yaxshi. Lekin rahbariyat bilan maslahatlashamiz. Bu yerda legionerlar asosan himoyani kuchaytirish uchun jalb qilingan. Ammo oldingi chizig‘imizga ham bitta legioner olishni mo‘ljallab turibmiz. Shuning uchun qolgan legionerlarning o‘yinlarini tahlil qilib chiqyapmiz. Faqat darvozabonimizni amalda yana shartnomasi borligi uchun qoladi. Boshqalarni ko‘rib chiqamiz.
- Yuqorida ayrim futbolchilarga javob beramiz dedingiz. Aynan kimlar klubdan ketadi?
- Hozir ularni nomlarini ayta olmayman. Ammo Bahodir Nasimov bilan gaplashdik. U bunday darajada o‘ynamayman, balki faoliyatimni Samarqandda davom ettirishim mumkin dedi. Shunga o‘xshagan yana boshqalarni ham ko‘rib chiqamiz. Oldimizda hali vaqtimiz bor. Hozir qaysi o‘yinchilar ketishi bo‘yicha aniq javob yo‘q.
- Umuman olganda, tarkibda necha foizga o‘zgarish ko‘ramiz?
- O‘zi Reglament bo‘yicha faqat 10 ta o‘yinchi olish mumkin. Baribir jamoa o‘zagi qoladi. Faqat ularni yoniga torta oladigan futbolchilarni yig‘a olsak, maqsadimizga erisha olamiz.
- Ulug‘bek Baqoyev boshchiligida “So‘g‘diyona” ko‘proq chaqilmas yong‘oq sifatida shakllangan. Uning uslubi himoyaga e’tibor qaratilgan holda standartlar orqali o‘yin tashkil qilinadi. Sizni uslubingiz hujumkorroq. Aytmoqchimanki, endi “So‘g‘diyona”da boshqacha o‘yin uslubini ko‘ramizmi?
- Rejalarga kelsak, Baqoyev rahbarimiz aytganidek, o‘z ishini a’lo darajada bajarib ketdi. Uni jamoadan hech kim haydagani yo‘q. Shunchaki murabbiy bu klubdagi oxirgi yilim deya ketdi. Baqoyev jamoada poydevor o‘rnata oldi. Bu yog‘iga o‘sha poydevor ustiga o‘zimiznikini o‘rnatamiz. Uslubimizni “So‘g‘diyona”ga moslashtirib, yanada qiziqarli va kuchliroq jamoa tuzishga harakat qilamiz. Bu yil uchtalikda bo‘lgan “Paxtakor”, “Nasaf” va “Navbahor”ga kelasi yili raqobatbardosh jamoa tuzamiz, Xudo xohlasa.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi