
“Roma” qishki transferlar vaqtida bir necha o‘zgarishlar qilishni rejalashtirmoqda. Asosiy e’tibor, Joze Mourinoga kerak bo‘lmay qolgan o‘yinchilarni boshqa jamoalarga o‘tkazib, portugaliyalik murabbiy tarkibda ko‘rishni istayotgan yangi ijrochilarga joy ochishdan iborat bo‘ladi.
Corriere dello Sport nashrining yozishicha, Rim klubi mutasaddilari yanvarda poytaxtliklar bilan xayrlashadigan dastlabki uch futbolchi nomini aniqlab oldi. Bular niderlandiyalik hujumkor futbolchi Jastin Klyuyvert va uning hamyurti – Mourino bilan kelisha olmay qolgan Rik Karsdorp va yaxshi sport formasiga qaramay, yetarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan forvard Eldor Shomurodovdir.
Jastin Klyuyvert

23 yoshli futbolchi “Ayaks”dan 2018 yili 17,25 million yevroga transfer qilingan. Biroq, poytaxt “bo‘rilari” safiga qo‘shila olmadi. Dastlab, “Leypsig” va “Nitssa”ga ijaraga berildi. Bu mavsum oldidan “Valensiya”ga jo‘natilgan.
Ispaniya chempionatida o‘zini ko‘rsata oldi. “Valensiya”ning italiyalik bosh murabbiyi Jennaro Gattuzo klub rahbariyatidan Jastinni sotib olishni talab qilmoqda. Klyuyvert ham La Ligada qolishga qarshi emas.
“Roma” o‘ziga kerak bo‘lmay qolgan futbolchidan qutilishga harakat qilyapti. Poytaxtliklar o‘z o‘yinisini 12-15 million yevroga baholagan. Yanvarda tomonlar bu masalani oxiriga yetkazib qo‘yishi kutilmoqda.
Rik Karsdorp

Niderlandiyalik himoyachi 2017 yilda “Feyenoord”dan 16 million yevroga transfer qilingan. Shundan so‘ng yana bir mavsum o‘zini tarbiyalagan jamoada to‘p tepganidan keyin faoliyatini to‘liq “Roma”ga bag‘ishladi.
Bugungi kunda Karsdorp rimliklarning eng qanotdagi asosiy futbolchisi. Joze Mourino taklifi bilan yozda olib kelingan Mehmet Zeki Chelik ichki raqobatda niderlandiyalik hamkasbiga raqobat ko‘rsata olmayapti.
Lekin “Sassuolo”ga qarshi o‘yindagi birgina xato Joze Mourinoning g‘azabiga sabab bo‘ldi. Rik ustozining muomalasini ko‘tara olmadi. Joze uni haydadi. Karsdorp ketishi tobora oydinlanib qolmoqda. Xaridorlar bor. “Roma” uni 10 million yevroga butunlay qo‘yib yubormoqchi.
Eldor Shomurodov

“Roma” o‘zbek hujumchisini katta umidlar bilan olib kelgandi. 2021 yilning yozida bu hujumchi uchun poytaxtliklar “Jenoa”ga 18 million yevro to‘lagan. “Bo‘rilar” safiga qo‘shilganidan keyin Shomurodovga Joze Mourino yetarli imkon bermadi.
Yozda salohiyati yuqori bo‘lgan Eldorni Italiya, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni klublari so‘rab, “Roma”ga murojaat qildi. Bir necha klub ishni oxirigacha yetkazish maqsadida muzokara ham olib bordi.
Joze Mourino albatta imkon berishini va’da qilib, hujumchimizni qo‘yib yubormadi. Eldor unga ishonib Rimda qoldi. Lekin chempionat boshlanganidan beri A Seriya va Yevropa ligasida sakkiz marta maydonga tushirib, atigi 151 daqiqa o‘ynatganini Mourino va’da qilgan imkoniyat sifatida qabul qilib bo‘lmaydi.
- Eldor Shomurodovga Italiyadan takliflar ko‘p. Uning yozda amalga oshmagan transferi qishda jamoadan ketishida qo‘shimcha ishtiyoq bag‘ishlashi kerak, - deb yozmoqda “Roma” futbol klubi faoliyatini yoritib borayotgan https://romapress.net sayti.
Darhaqiqat, Shomurodovning o‘zi ham hozirgi vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqargandek, tuyulmoqda. Chunki Italiya matbuoti “Torino”ga o‘tishga moyillik bildirgani haqida yozmoqda. Demak, yanvarda katta ehtimol bilan legionerimiz faoliyatida o‘zgarish bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar