18:30 / 08.12.2022
2 248

O‘zbekiston terma jamoasini yengishga majbur emasmiz!

O‘zbekiston terma jamoasini yengishga majbur emasmiz!
Noyabr oyida Rossiya milliy terma jamoasi Markaziy Osiyoga tur uyushtirib, Tojikiston va O‘zbekiston milliy terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi. Har ikki bahsda ham hisob ochilmadi va o‘yinlar durang bilan tugadi.

Bungacha, Rossiya milliy terma jamoasi Qirg‘iziston bilan ham o‘rtoqlik o‘yinda qatnashib, 2:1 hisobida zafar quchgan. Valeriy Karpin shogirdlarining Markaziy Osiyo jamoalariga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvidagi durang natijasi ayrim ekspertlar, murabbiylar, muxlislar tomonidan muvaffaqiyatsizlik sifatida baholandi.

Rossiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Valeriy Karpinga yaqindan ko‘maklashib kelayotgan yordamchi murabbiy Viktor Onopko https://sport24.ru saytiga bergan intervyusida Dushanbe va Toshkentdagi o‘rtoqlik uchrashuvlari haqidagi savollarga ham javob berdi.

- Rossiya terma jamoasi o‘yinchisi Dmitriy Barinov O‘zbekiston bilan o‘yindan keyin mavsum oxiriga borib, hamma futbolchilarda toliqish sezilganini aytdi...
- Bu mavsumda o‘yinlar soni u qadar ko‘p bo‘lgani yo‘q va yigitlardagi toliqish ko‘proq psixologik tomondan bo‘lganini ta’kidlash lozim. Avval kovid bo‘yicha cheklovlar bo‘ldi. Hozir vaziyat boshqa. Rossiya va jahonda bo‘layotgan voqealar ham sportchilarga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.

Bundan tashqari, Dmitriy Barinovning klubdagi faoliyati ham bir tekis emasligini inobatga olishingiz kerak. O‘zgarishlar, bosimlar, mag‘lubiyatlar ko‘p.

Agar biz Qatardagi jahon chempionatida ishtirok etganimizda bularning hammasi unutilib ketgan bo‘lardi.

- O‘zbekiston va Tojikiston bilan bo‘lgan o‘yinlar bizga nima beradi?
- Butun mamlakat terma jamoa va futbol hali tirik ekanini ko‘radi. Hamma futbol bo‘lishini va u yashash uchun yordam berishini istaydi. Bundan tashqari, futbolchilarning o‘zi uchun ham maydonda to‘p tepish muhim. Terma jamoa yosh o‘yinchilarga qo‘shimcha ishtiyoq bag‘ishlaydi.

Biz hozir futbolchilardagi bosimni bartaraf etishni va ularning qobiliyatlari ochilishini istaymiz. Bizda O‘zbekiston yoki Tojikiston terma jamoalarini yengishga majburmiz, degan tushunchaning o‘zi yo‘q.

Ekspertlar, hatto siz bilan birga o‘ynagan sobiq futbolchilar ham bu borada yutishga majburmiz, deb hisoblamoqda...

Unutmang, o‘z vaqtida terma jamoamiz Andorra va Lixtenshteynni ham zo‘rg‘a yutgan edi. Sobiq murabbiylar, futbolchilar studiyalarda o‘tirib, o‘zlari bilmagan narsalarni muhokama qilmoqda.

Ular terma jamoa ichkarisida emas. Ular futbolchilarning “ko‘zi yonmayapti”, deydi. Lekin buni televizor orqali qanday ko‘ra olishdi?

Ular talablarni, topshiriqlarni, umuman terma jamoada kechayotgan jarayonlar haqida hech narsa bilmaydi. Bunday holatda qanday qilib, biron nima deyish mumkin?, - dedi Viktor Onopko.

Darhaqiqat, Rossiya terma jamoasi Ukraina bilan bog‘liq siyosiy voqealar ortidan xalqaro maydondagi rasmiy musobaqalardan chetlatilgan. Ayni paytda Rossiya futbol ittifoqi Osiyo futbol konfederatsiyaga ko‘chib o‘tish borasida bosh qotirmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasini yengishga majbur emasmiz!