1 352
"Olimpik"ning natijalari tasodif emasligi, Osiyo kubogi finalidagi mag‘lubiyat haqida Ruslan Jiyanov bilan intervyu
Ayni paytda Qatarda Jahon chempionati tobora o‘zining avj pallasiga chiqib bormoqda. Mundialga bo‘lgan qiziqish o‘ta yuqori darajada bo‘lib turibdi.
O‘zbekistonda esa mavsum yakuniga yetdi va jamoalar yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, ayrim klublarni yetakchi futbolchilar tark etmoqda.
Bu mavsum Superligada debyut mavsumini o‘tkazgan "Olimpik" grandlar uchun yaxshigina boshog‘riq bo‘la oldi. Jamoa safidagi yoshlar yetakchilar jamoalarning e’tiboriga tushgani shubhasiz. Biz shu fursatdan foydalanib, "olimpiyachilar" vakili Ruslanbek Jiyanovni suhbatga tortdik.
U o‘tgan mavsumda qayd etilgan natijalardan qoniqqani, "Paxtakor", boshqa Superliga klublarilaridan taklif bo‘layotgani va albatta, mundialda qaysi jamoaga muxlislik qilishi hamda favorit terma borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Superliga yakunlangan mavsum haqida qanday fikrdasiz? "Olimpik" jamoasi debyutida jadvalning 6-pog‘onasidan joy oldi. Klub ko‘zlagan maqsadiga qay darajada yeta oldi?
- Bu yilgi Superliga har doimgidan-da qiziq bo‘ldi. Uchta jamoa oxirgi turgacha chempionlik uchun kurash olib borishdi va yana chempionatda jon saqlash borasida ham xuddi shu hol kuzatildi.
Bizga ikkinchi davra oldidan "kuchli uchlik"ka kirish ma"qsadi qo‘yilgandi. Lekin umuman olganda, ilk mavsumning o‘zidayoq 6-o‘rinni egallash yaxshi natija, deb o‘ylayman.
- Jamoa yetakchilarga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatdi va har biridan ochko tortib oldi. Buning qanaqadir alohida siri bormidi yoki tasodifmi?
- Alohida siri yo‘q. Xohish bilan har o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Bu jarayonni tasodif, demagan bo‘lardim. Agar shunday bo‘lganda, bitta yoki uzog‘i bilan ikkita bahsda shunday natija qayd etilardi. Ammo biz har bir grand klubdan ochko tortib olishga muvaffaq bo‘ldik.
- Siz uchun eng qiyin va eng oson o‘yin qaysi bo‘ldi?
- Alohida bitta uchrashuvni ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardim. Barcha bellashuvlar og‘ir o‘tdi. Oson bo‘lmasligini bilardik.
- Bilishimizcha, siz "Olimpik" safiga "Paxtakor"dan kelib qo‘shilgansiz. "Sherlar" tarkibini tark etishingizga aynan nima sabab bo‘lgandi?
- Biz o‘shanda yoshlar tarkibida o‘ynar edik, U-21 chempionatida. Keyinchalik o‘sha yili "Paxtakor" U-21 safida biz tengilar harakat qilmasligini aytishdi. So‘ng "Olimpik" loyihasi ochildi va biz ko‘pchilik bilan shu jamoaga, qolganlar boshqa klublarga yo‘l oldi. "Paxtakor"da asosiy jamoaga ham jalb qilishmagan.
- Bu yil yurtimizda Osiyo kubogi doirasida Olimpiya terma jamoamiz munosib ishtirok etdi va kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Shu musobaqa va undagi natija borasida nima deya olasiz?
- Osiyo kubogi yaxshi tashkil etildi. Natija borasida boshidan chempionlikni maqsad qilgandik. Bunga ko‘pchilik ishonmagandi. Ammo bizda kuchli xohish bor edi va finalgacha bordik. Afsuski, hal qiluvchi o‘yinda mag‘lubiyatga uchradik. Shunga qaramay, muxlislarimiz shundan ham xursand bo‘ldi. Xudo xohlasa, keyingi musobaqada g‘olib bo‘lib, Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritamiz.
- Finalda Saudiya Arabistoni rostan kuchli o‘yin namoyish etdimi yoki bizning rejalarimiz o‘xshamadimi?
- Ular ham yaxshi o‘ynadi, albatta. Biz ko‘p vaziyatlarda noto‘g‘ri qaror qabul qildik.
Saudiya Arabistonida o‘sha yoshdagi futbolchilarining ko‘pi ayni damda milliy jamoasida ham to‘p tepmoqda. Ular mundialda harakat qilishga muvaffaq bo‘lgani bunga dalil bo‘la oladi.
- Mavsum oxirida milliy terma jamoada debyut qildingiz. Taassurotlar qanday bo‘ldi?
- Taassurotlar ajoyib. Milliy terma jamoadan chaqiruv olish har bir futbolchining orzusi. Taklif olganimdan so‘ng o‘ynash imkoniyatini bergan Srechko Katanetsga minnatdorchiligimni izhor etaman.
Bunga asosiy sababchi bo‘lgan barcha murabbiylarimga rahmat aytaman. Shu o‘rinda, Timur aka Kapadzega ham katta imkoniyatlar yaratib bergani uchun tashakkur aytaman!!!
- Debyut o‘yiningizda zaxiradan maydonga tushirildingiz va yana zaxiraga olindingiz. Bu jarohat bilan bog‘liqmi yoki murabbiy qarori?
- Murabbiy qarori. Bahs yakuniga yetgach, u yoniga chaqirib vaziyatni batafsil tushuntirdi.
- Hozir qulay taklif kelib tushadigan bo‘lsa, "Olimpik"ni tark etgan bo‘larmidingiz?
- Ayni paytda grand klublardan takliflar bor. Ammo birinchi navbatda, Timur aka bilan maslahatlashaman. Hali boshqa jamoalar borasida hech nima aniq emas.
- Ustozingiz Timur Kapadze yilning eng yaxshi murabbiyi, deya e’tirof etildi. Bunga munosabatingiz qanday?
- Juda ham xursandman, albatta! Murabbiyimiz bunga loyiq edi. Osiyo kubogida natija ko‘rsatdik, "Olimpik" bilan debyut mavsumda 6-o‘rinni egalladik.
- Ayni vaqtda Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionati avj pallasiga chiqib bormoqda. Siz qaysi terma jamoaga muxlislik qilyapsiz va yakunda kim chempion bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?
- Portugaliyaga. Ronalduning Jahon chempioni bo‘lishni istayapman.
- Tushunarli. Javoblar uchun katta rahmat! Kelgusi faoliyatingizda ulkan zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz!!!
- Sizga ham mazmunli suhbat uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman!!!
Shohrux Zoirov suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi