09:30 / 11.12.2022
2 747

Shomurodov pul olib kelishi kerak!

Shomurodov pul olib kelishi kerak!
“Roma” rahbariyati bosh murabbiy Joze Mourino ishonch bildirmaydigan o‘yinchilarni sotib yuborish orqali klub budjetini mustahkamlash, yangi futbolchilarni olish uchun mablag‘ to‘plash, yetakchilar bilan maoshi oshirilgan yangi shartnomalar tuzishga e’tibor qaratmoqda.

Klub sport direktori Tyagu Pinto qishki va yozgi transfer oynalari davomida o‘nga yaqin futbolchini boshqa jamoalarga to‘liq transfer qilishni rejalashtirgan. Ro‘yxatga mavsumni “Roma” safida o‘tkazayotgan ijrochilar ham, yozda boshqa klublarga ijaraga berib yuborilgan charm to‘p ustalari ham kiritildi.

Tyagu Pinto murabbiylar shtabi rejasiga kiritilmagan o‘yinchilar transferidan 30 million yevrodan oshiqroq mablag‘ ishlab olishni ko‘zlayapti.

Ular orasida yanvarda klubni tark etadiganlar nomi ma’lum bo‘lib ulgurgan. Portugaliyalik birinchilardan bo‘lib, Eldor Shomurodovga xaridor topishga harakat qilmoqda. Chunki legionerimiz rimliklarning eng xaridori ko‘p futbolchisiga aylanib ulgurgan. Italiyaning o‘zidan “Spetsiya”, “Monsa”, “Kremoneze”, “Sampdoriya”, “Boloniya”, “Torino” kabi klublar o‘zbek futbolchiga asosiy tarkibdan joy berishga tayyor.

“Roma” rahbariyati Eldor Shomurodovning transferi klub g‘aznasiga kamida 11 million yevro keltirishini kutmoqda. Hujumchimiz ham Joze Mourino unga yetarli darajada o‘yin amaliyoti bermayotgani bois, Rimni tark etishni rejalashtirayotgan bo‘lsa kerak.

Yana bir qadr topmagan hujumkor futbolchi Jastin Klyuyvert hisoblanadi. Tyagu Pinto yozda 23 yoshli o‘yinchini “Valensiya”ga yuborgan edi. Ispan klubi o‘nta o‘yinda ikkita gol urgan futbolchini to‘liq transfer qilmoqchi. Agar tomonlar bu ishni yanvarda amalga oshira olmasa, mavsum yakunlanganidan keyin kelishuvni yakunlab qo‘yish mumkin. Klyuyvert ham 12 million yevro atrofida baholangan.

“Roma”ga daromad keltiradigan transferlardan biri Rik Karsdorpdir. Aslida niderlandiyalik o‘ng qanot himoyachisi jamoada o‘z ampluasida eng zo‘ri. Lekin u birgina xatosi Joze Mourino tomonidan qattiq tanqid qilinganini ko‘tara olmadi.

Rik jamoadan ketib qoldi, Yaponiyadagi yig‘inga bormadi. Ortiq Mourino qo‘l ostida o‘ynamoqchi emas. Tyagu Pinto bu himoyachi bo‘yicha katta klublarning ijara taklifini qabul qilmadi. Rimliklarning maqsadi o‘yinchini to‘liq sotib yubormoqchi.

Karsdorpni oladigan klub rimliklar g‘aznasiga 10-12 million yevro atrofida mablag‘ qo‘shishi talab etiladi.

Ancha tajribali hisoblangan Eldor Shomurodov, Jastin Klyuyvert va Rik Karsdorp “Roma” ko‘zlayotgan summaning asosiy qismini olib kelishi kutilmoqda.

Shuningdek, “Roma” mutasaddilari Asosiy tarkibga kira olmayotgan yosh yarim himoyachi Edoardo Bove, jamoa Mourino qo‘liga o‘tganidan keyin tarkibdagi joyini yo‘qotib, mavsumni ijarada o‘tkazayotgan amerikalik Brayan Reynolds, ispan futbolchilari – Gonsalo Vilyar va Karles Peresdan ham tezroq qutilmoqchi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov pul olib kelishi kerak!