23:20 / 12.12.2022
3 819

Shomurodov o‘ziga yangi jamoa tanladi!

Shomurodov o‘ziga yangi jamoa tanladi!
Eldor Shomurodov “Roma”ni yanvarda tark etishga birinchi nomzod bo‘lib turibdi. Aslida Rim klubi rahbariyati sport direktori Tyagu Pintodan bosh murabbiy Joze Mourino foydalanmayotgan o‘nga yaqin futbolchini boshqa jamoalarga sotib yuborish topshirig‘ini olgan.

O‘zbekistonlik hujumchi esa, xaridorlari naqd o‘yinchi sifatida “bo‘rilar”ning yangi yildagi birinchi transferi bo‘lishi ehtimoli katta.

Italiya futboliga ixtisoslashgan https://footballnews24.it sayti eksperti Mattio Silvestrining yozishicha, “Roma”ga Eldor Shomurodovni so‘rab, “Sampdoriya”, “Spetsiya”, “Kremoneze”, “Bolonya” kabi A Seriya jamoalari murojaat qilgan.

Bu jamoalar orasida “Sampdoriya”ning maqsadi ancha jiddiy. Bu jamoa hujum chizig‘ida juda katta muammolar bor. Genuyaliklar mavsum boshidan beri Italiya chempionatida atigi oltita to‘p kiritgan. Qulay vaziyatlardan unumli foydalana olmaslik oqibatida jamoa xavfli hududga tushib qoldi.

Bosh murabbiy Deyan Stankovich qo‘l ostida beshta italiyalik hujumchi bor. Ular orasida eng tajribalisi Fabio Kvalyarella A Seriyaning qator mashhur klublarida to‘p tepgan. Italiya terma jamoasida ham bir necha bor to‘purarlik mahoratini namoyish qilgan. Shunga qaramay, bu forvard “Sampdoriya”da hali gollari hisobini ochgani yo‘q.

Umuman olganda, genuyaliklar hujumidagi besh nafar o‘yinchidan faqatgina ikki nafari – o‘z davrida Italiya terma jamoasi hujumchisi bo‘lgan Franchesko Kaputo va Manolo Gabbyadini bittadan to‘p kiritishni uddalagan xolos.

Shu bois, “Sampdoriya” yanvarda “Roma” asosiy tarkibiga kiritilmayotgan Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olib, legionerimiz yordamida A Seriyadagi joyini saqlab qolish uchun kurashni davom ettirmoqchi.

Yana bir nufuzli nashr - https://www.calciomercato.com saytining yozishicha, o‘zbek hujumchisini olish uchun “Sampdoriya”ning imkoniyatlari ancha cheklangan. Rimliklar Shomurodovni 11 million yevroga baholamoqda. Bu summa Genuya klubiga og‘irlik qilishi aytilyapti. Qolaversa, Eldorning o‘zi quyi ligaga tushib ketish xavfi bo‘lgan jamoaga o‘tmaydi. Yaqinda hamyurtimiz ligada jon saqlash uchun kurashayotgan “Kremoneze” taklifini rad etgani haqida xabarlar tarqatildi.

Yana bir katta manba – Corriere dello Sport nashri Eldor Shomurodovning faoliyatiga doim muhim ma’lumotni tarqatdi. Unga ko‘ra, Eldor Shomurodov “Roma” rahbariyatini “Torino”dan boshqa o‘ziga og‘iz solayotgan klublar bilan muzokara o‘tkazmaslikni so‘ragan.

27 yoshli forvard faoliyatini Turinda davom ettirishni istayapti. “Torino” ham yozda Andrea Belottini boy berganidan keyin to‘purar hujumchi qidirmoqda. Yozda bu klub Shomurodov masalasida rimliklar bilan muzokara qilgandi. Turinliklar qishki transferlar vaqtida yana Eldor nomzodiga qaytishi katta ehtimol sifatida baholanyapti.

Shomurodov joriy mavsumda A Seriya va Yevropa ligasida sakkizta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov o‘ziga yangi jamoa tanladi!