21:21 / 31.01.2023
614

Italiyada o‘ynagan sobiq legioner oldinda Shomurodovni nimalar kutayotganini aytdi

Italiyada o‘ynagan sobiq legioner oldinda Shomurodovni nimalar kutayotganini aytdi
Rossiya futbolining yorqin yulduzlaridan biri, o‘z davrida Italiyaning “Fodja” hamda “Bolonya” kabi jamoalarida o‘ynagan hujumchi Igor Kolivanov “Match TV” jurnalistlariga bergan intervyusida “Rostov”ning sobiq futbolchisi Eldor Shomurodovning “Roma”dan “Spetsiya”ga ijaraga o‘tganiga ham munosabat bildirdi.

Rim klubida o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan legionerimiz mavsumni “Spetsiya” klubida yakunlaydigan bo‘ldi. Bu klub hamyurtimiz bilan 2023 yilning 30 iyunigacha shartnoma imzoladi. Ijaraga Shomurodovni to‘liq transfer qilish huquqi kiritilmadi. Ko‘rsatilgan muddatdagi hamkorlik uchun “Spetsiya” rimliklarga 1,5 million yevro miqdorida ijara haqi to‘laydi.

Eldor yangi jamoasida ham – o‘zi yoqtirgan 14-raqam ostida to‘p tepadi. “Spetsiya” 27 yoshli hujumchini rasman ro‘yxatdan o‘tkazdi.

- “Roma”da Shomurodovda o‘yin amaliyoti kam bo‘ldi. Bundan buyog‘iga u ko‘proq o‘ynashiga umid qilamiz, - dedi Igor Kolivanov.

- Shomurodovning “Spetsiya”ga ijaraga o‘tgani ortga tashlangan qadammi?
- Futbolchi o‘ynamagan davrda uning darajasi biroz pasayishi bor gap. Lekin Eldor yetarli darajada yaxshi hujumchi. Lekin unga ko‘proq o‘yin vaqti zarur. Mana endi u “Spetsiya”ga yordam bera oladi.

Tabiiyki, musobaqa jadvalida so‘nggi pog‘onalardan birida borayotgan jamoa bilan ijobiy natijalar qayd etish ancha qiyin. Har qanday holatda ham, zaxirada o‘tirgandan shu variant ma’qul.

- “Spetsiya”dagi ijaradan keyin Shomurodov “Roma”da yuqori darajada o‘ynay oladimi?
- O‘ylashimcha, buning uchun imkoniyat yetarli. Shomurodov hali yosh. Italiya chempionatida yanada o‘sishi uchun unda hamma narsa bor. Hozir Eldor maydonda nimalar qila olishi va gol urishini esga olish kerak.

Agar Shomurodov diqqatini bir joyga jamlab, yuqori saviyali hujumchi ekanini ko‘rsatib, gollar ura boshlasa, o‘sha “Roma”da o‘ynashi yoki boshqa qudratli klublardan taklif olishi mumkin.

Umuman olganda, Eldor ijaraga ketib to‘g‘ri yo‘lni tanladi. Hujumchi har doim maydonda bo‘lishi, o‘ynashi kerak.

Eslatib o‘tamiz, “Spetsiya” 2020 yilning oktabridan beri kuchli beshlik chempionatlarida to‘p tepib kelayotgan Eldor Shomurodovning Italiyadagi uchinchi jamoasiga aylandi. Hamyurtimiz bungacha “Jenoa” safida 32 ta uchrashuvda qatnashib, sakkizta gol va ikkita assist, “Roma”da 48 ta bahsda oltitadan gol va golli pas muallifi bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Italiyada o‘ynagan sobiq legioner oldinda Shomurodovni nimalar kutayotganini aytdi