11:40 / 06.02.2023
711

Jaloliddin Masharipov: “Krishtianu Ronaldu kelganidan so‘ng…” (intervyu)

Jaloliddin Masharipov: “Krishtianu Ronaldu kelganidan so‘ng…” (intervyu)
“An Nasr” klubi yarim himoyachisi – Jaloliddin Masharipov SPORTS.ru nashri uchun katta intervyu berdi. Bu suhbatni to‘liq o‘zbek tiliga tarjima qildik. Har doimgidek, Jaloliddin birorta savolning javobidan qochgani yo‘q.

“An-Nasr”dan taklif kelib tushganida, hayolingdan nimalar o‘tdi?
- U paytda menga birgina “An-Nasr”dan emas, boshqa klublardan ham takliflar bo‘lgan edi. To‘g‘risi, barchasini o‘ylab ko‘rib, Saudiya Arabistonini tanladim. O‘sha paytda Rossiya, BAA va boshqa mamlakat klublari meni o‘z jamoasida ko‘rmoqchi ekanligini ma’lum qilgan edi. To‘g‘risi, chempionat saviyasidan kelib chiqib, aynan shu klubni tanlaganman.

Sizni Saudiya Arabistonida nima hayron qoldirdi?
- Bu mamlakat meni hayratda qoldirgani yo‘q, ammo futbol atrofidagi bunday atmosferani kutmagan edim. Muxlislarning stadionga tashrifi, futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashiga qoyil qoldim. Bejizga Saudiya Arabistoni terma jamoasi Jahon chempionatida shov-shuv ko‘targani yo‘q. Bu yerda futbol atrofidagi barcha mayda detallar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Saudiyada futbolni juda ham yaxshi ko‘rishadi.

Saudiya Arabistoni chempionatining darajasi qanday?
- Juda ham yaxshi saviyada deb ayta olaman. Yevropadan kuchli futbolchilarning tashrifi liga saviyasini oshirgani rost, biroq ularga ham oson bo‘lmayotgani aniq. Avvallari bo‘lgani kabi, hozir ham arab mamlakatlarida futbol o‘ynash oson emas, ayniqsa, Saudiya Arabistonida. Xorijdan kelayotgan legionerlarning hammasi ham bu yerda o‘z darajasida futbol o‘ynay olmaydi. Kuchli raqobat va uslublar qarama-qarshiligi har bir to‘qnashuvda 90 daqiqa davomida sezilib turadi.

Krishtianu kelgan kuni stadion to‘ldi. Bundan avval OCHL va chempionat o‘yinlariga ham ishqibozlar arenaga shunday "oqib kelarmidi?"
- Ronaldu kelishidan avval ham aksariyat hollarda stadion liq to‘lgan. Krishtianuning tanishtiruv kechasida arena liq to‘lgani bor gap. Ular dunyo yulduzini sevimli klubi libosida ko‘rish uchun tashrif buyurdi, ammo “An-Nasr” ishqibozlari bu transferdan avval ham deyarli hamma o‘yinda stadiondan turib qo‘llab-quvvatlab kelgan. Bu jamoaning Ar-Riyodda ishqibozlari ko‘p. Ronalduning jamoaga kelishi nafaqat muxlislar, balki butun mamlakat futbolining yutug‘i.

Ronaldu osmono‘par binoda istiqomat qiladi. Siz va jamoadagi boshqa legionerlar-chi?
- Krishtianu hozir eng yaxshi mehmonxonalardan birida istiqomat qilmoqda. Tez orada eng yaxshi villalardan biriga ko‘chib o‘tsa kerak. Jamoaning boshqa futbolchilari uchun ham xuddi shunday imkoniyat taqdim etilgan. Kimdir mehmonxonada turishni afzal bilsa, boshqalar stadion atrofidagi uylardan birini tanlaydi. Klub barcha futbolchilari uchun kerakli sharoitlarni yaratib beradi.

So‘nggi paytlarda sizning jamoadan ketishingiz borasida juda ko‘p ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Aslida, barchasi qanday bo‘lgan edi?
- Ronaldu kelgan paytda ko‘pchilik mening jamoadan ketishim haqida mish-mishlar tarqatishdi, har xil yolg‘on xabarlar chiqdi. Krishtianu kelishidan avval ko‘pchilik mendan "7-raqamni berasanmi?", deb so‘radi. Qanday qilib bermaslik mumkin?! U Krishtianu Ronaldu-ku! Bunday futbolchilarni doim hurmat qilish kerak! Ko‘pchilik raqamimni berishim ortidan mening jamoadan ketishimni taxmin qildi. Hech qanday maummosiz raqamimni berdim. Ketish haqida esa, gap-so‘z bo‘lgani yo‘q. Klub ham, murabbiy ham meni tarkibda ko‘rishni istadi. Jamoa bilan shartnomam bor. Raqamimni faqatgina Ronaldu kelgani uchungina almashtirdim. Bu yigit dunyodagi eng zo‘r ikki futbolchidan biri hisoblanadi. Bu yerda ortiqcha gap-so‘zga hojat yo‘q.

“An-Nasr”ning Instagramdagi kuzatuvchilari soni 800 mingdan, 12 milliongacha ortdi. Videodan so‘ng sizda ham shunday o‘sish bo‘ldimi?
- Meni kuzatishni boshlaganlar asosan o‘zbekistonlik insonlar. Nima bo‘lganda ham, meni vatandoshlarim ko‘proq kuzatadi. Men Ronaldu bilan birga o‘ynayotgan birinchi o‘zbekman. Ijtioiy tarmoqlardagi kuzatuvchilarim soni ham oshdi. Bu normal holat.

Ronaldu kelgach stadion maysasi almashtirildi. Avvalgisining holati yomon edimi?
- Yo‘q, Ronaldu kelishidan ham avval doimiy ravishda maydon chimini almashtirib turishardi. Aslida, Saudiya Arabistonida chim masalasiga jiddiy qaraladi. Bu uning kelishi bilan bog‘liq emas. Bu yerda stadionning holati har doim birinchi o‘rinda bo‘lgan. Futbol rahbarlari shu yo‘sinda o‘yinchilarga maydonda o‘zini yaxshi his qilishi uchun imkoniyat yaratadi.

Junino Ronaldu kelgach, Rudi Garsiya unga har kuni nonushta olib boradi, degan edi. Murabbiyning xarakteri qanday?
- Yo‘q, bo‘lmagan gap. Unday deb o‘ylamayman. Rudi Garsiyaning harakteri yaxshi. Ikkisi ham mayda-chuyda narsalarga e’tibor qaratmaydi. Ikkisi ham professional. Murabbiy barchaga birdek muomala qiladi. Klubdagi istalgan futbolchi u bilan soatlab suhbatlashishi mumkin. Shu paytga qadar, u biz futbolchilar bilan janjallashmagan. Ronaldu kelishidan avval ham, kelganidan keyin ham hech narsa o‘zgargani yo‘q.

U birinchi bo‘lib senga nima dedi? Tanishuvingiz qanday bo‘ldi?
- Ikkinchi mashg‘ulotimiz paytida mendan "O‘zbekiston qanday?", deb so‘radi. Men barchasi yaxshi ekanligini aytdim.

Birga o‘tkazgan mashg‘ulotni nechanchi daqiqasidayoq Ronalduning top futbolchi ekanligini his qildingiz?
- Men avvaldan uning top darajadagi futbolchi ekanligini bilar edim. Buning uchun Ronaldu bilan bir jamoada to‘p surish, birga o‘ynash shart emas. Uning uchun karerasi davomida yutgan sovrinlari va erishgan yutuqlari gapiradi. O‘ylashimcha, Krishtianuning futbol olamiga isbotlashi kerak bo‘lgan narsasi qolmagan. U “An-Nasr”ga kelguniga qadar barchasini isbotlab bo‘lgan.

Mashg‘ulotlarda Krishtianuga nisbatan to‘liq kuch bilan o‘ynayapsizlarmi?
- To‘g‘risi, Ronaldi kelishidan avval, jamoadoshlarim unga mashg‘ulotlar paytida keskin harakat qilmasa kerak, deb taxmin qilgan edim, biroq amalda unday bo‘lib chiqmadi. Barcha maksimal darajada professional bo‘lishga intilmoqda, lekin qayerlardadir uni hurmat qilishimiz seziladi. Oyoqni keskin ko‘tarmasligimiz, "podkat" tashlamasligimiz mumkin. Bu shunchaki, uni hurmat qilishimiz sababli. Bizdan hech kim buni talab qilgani yo‘q. Uni jarohat olishdan ehtiyot qilyapmiz. Bu normal holat. Biz istalgan jamoadoshimizni shunday ehtiyot qilamiz.

Ronaldu jamoa bilan chiqishib ketdimi? O‘zini kiyinish xonasida qanday tutmoqda?
- Kelgan kunidan boshlab barcha bilan til topishib ketdi. Barchaga bir oila bo‘lishimiz kerak dedi va sovrin yutgani kelganini bir necha bor takidladi. Mashg‘ulotlar chog‘ida ham barchani birdek ko‘radi. Shu bois, uning hurmati kundan kun oshib bormoqda. Insoniylik borasida ham barchaga a’lo darajada na’muna bo‘lmoqda.

2015 yilda Ronaldu Xavining Qatarga yo‘l olgani borasida hazillashgan edi. Uning bu so‘zlari borasida hech kim javob qilmadimi? Messining “Al-Hilol”ga o‘tishi borasida gap-so‘zlar bo‘lyaptimi?
- Xavi haqida aytilgan fikrni o‘qimagan ekanman. Messining “Al-Hilol”ga kelishi borasida ham ma’lumotim yo‘q. Agar uning o‘zi istasa, Saudiya Arabistoni buni tashkil etishi mumkin. Pul borasida hech qanday muammo bo‘lmaydi. Krishtianu kelishni istadi, transfer amalga oshdi. Barchasi Leoning o‘ziga bog‘liq. Menimcha, bugunga kelib Ronaldu kelgan chempionatda to‘p surish hech bir yulduzning e’tiboridan chetda qolmasa kerak.

Ronaldu kelgach, jamoada nimalar o‘zgardi? Kun tartibi, mashg‘ulotlar, ovqatlanish, murabbiy ko‘rsatmasi?
- Hech narsa o‘zgarmadi. Shunchaki, Instagramda obunachi ko‘paydi. Shu bilan birgalikda, endi Saudiya Arabistoni chempionatini tomosha qilishni istovchilar soni oshdi. Mashg‘ulot borasida hammasi avvalgidek.

Murabbiy Ronalduni qaysi pozitsiyad ko‘rmoqda? Kim o‘z o‘rnini yo‘qotishi mumkin?
- Uning pozitsiyasi aniq - markaziy hujumchi. O‘sha nuqtada harakat qilgan Vensan Abubakar ketdi. Endi Ronaldu jamoamizning asosiy forvardiga aylanadi.

Ronaldu mahalliy va legioner futbolchilar bilan qaysi tilda suhbatlashmoqda?
- Mahalliy futbolchilar bilan inglizchada. Saudiyalik jamoadoshlarim ingliz tilida muammosiz so‘zlashadi. Legionerlar bilan esa ispanchada gaplashyapti. Til borasida hech qanday muammo yo‘q. U deyarli barcha bilan bemalol muloqot o‘rnatdi.

Ronaldu bilan necha kishi doim birga yuradi? Ular kimlar?
- Uning yonida tarjimon va qo‘riqchilari bor. Darhaqiqat, u taniqli shaxs va yetarlicha ehtiyotkorlik choralarini ko‘rib qo‘ygan. Shunga qaramay, atrofidagi insonlar haqida ortiqcha ma’lumot bermoqchi emasman. Sababi, bu Ronalduning shaxsiy ishi. Buni ommaga aytish to‘g‘ri emas deb hisoblayman.

“At-Tani”ga qarshi o‘yindan oldin kiyinish xonasidagi atmosfera qanday edi?
- Bellashuvdan avval holat o‘sha-o‘sha edi, ammo biz bilan kiyinish xonasida dunyoning eng kuchli ikki futbolchisidan biri o‘tirganini his qildik. Bu faqat jamoa foydasiga ishlaydi. Uni ko‘rib, boshqalar ham yanada professional bo‘lishga intiladi.

Ronalduning juda katta maosh olishiga jamoadoshlaringiz qanday munosabat bildirdi? Uning oyligi siznikidan necha barobar ko‘proq?
- Ronalduning qancha daromad topishi borasida jamoadoshlarim hatto so‘z ham ochmadi. Sababi, qolgan futbolchilar ham yaxshi saviyada, biroq u futbol tarixidagi eng katta nomlardan biri. Bunday ijrochiga katta pul to‘lanishi tabiiy. Barchaning o‘z shartnomasi bor. O‘sha summani oladi, tamom. Barchaning puli o‘ziga yetadi.

Abubakar Ronaldu sababli jamoani tark etishini qanday qabul qildi?
- Agar Vensan qolishni istaganida, aniq qolgan bo‘lar edi. U shunchaki zaxirada o‘tirib qolmaslik uchun ketdi. Menimcha, u buni normal qabul qildi. Krishtianu kelgach, ikkinchi planga tushib qolishini o‘zi ham sezdi. Shu sababli, yaxshi taklif kelishi bilan “An-Nasr”ni tark etdi. Menimcha, hech qanday janjalli vaziyat sodir bo‘lgani yo‘q.

Jamoadoshlaringiz Eden Azar, Keylor Navas, Serxio Buskets, Marko Roys, Pepe va Serxio Ramoslar kabi yulduzlarning klubga kelishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarga qanday munosabat bildirmqoda?
- Bu futbolchilarning kelish ehtimoli yuqori. CR7 kelgach, qolganlarni olib kelish qiyin emas. Menimcha, “An-Nasr”ning istalgan yulduzga shartnoma taklif qilishga qurbi yetadi. Shunchaki, ular buni istasa bo‘ldi. Qolganini klub tashkillashtiradi. Saudiya Arabistoni chempionatining mavqeyi bu transferdan so‘ng sezilarli darajada o‘sgani aniq.

Ronaldu jamoa sardoriga aylanishi ehtimoli qay darajada yuqori?
- Aniq! Qolgan futbolchilarning Ronalduga sardor bo‘lishi biroz g‘alati. Biz buni kutgandik. Avvalgi sardorimiz o‘zi istab, hech qanday muammosiz bog‘ichni topshirdi. Menimcha, bu eng to‘g‘ri yechim. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jaloliddin Masharipov: “Krishtianu Ronaldu kelganidan so‘ng…” (intervyu)