252
"Navbahor"ga Oston O‘runovning qaytishi shubhasiz jamoa o‘yinini kuchaytiradi" - Samvel Babayan
Chempionatimizda yetakchi maqomini o‘ziga qaytarish yo‘lida astoydil kurashayotgan “Navbahor” joriy mavsumga ham o‘zgacha ishtiyoq bilan tayyorlanyapti. O‘tgan yili ilk bor 2-o‘rin qo‘lga kiritilib, uzoq kutilgan OCHL eshigi ochilishi ham namanganlik muxlislar uchun shodiyonaga aylandi. Bu yil esa ular yanada maksimal natijalarni kutishyapti.
Samvel Babayan jamoasi bunday talab va istakni yaxshi his qilib turishibdi. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, ular yanvar oyining boshlarida Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘in boshlashdi va 17 fevralda qaytishdi. Salkam bir yarim oy davomida xorijda tayyorgarlik ko‘rgan “Navbahor” kuni kecha Toshkentga qaytdi.
Antaliyadan bira to‘la to‘rtta klub – “Navbahor”, AGMK, “Andijon” va “Qizilqum” jamoalari birga qaytishdi. Antaliya aeroportida Sports.uz jurnalisti bir qator ko‘zga ko‘ringan futbol kishilari bilan muloqot qilishga ulgurib qoldi.
Nihoyat, o‘sha yerda Babayanni "qo‘lga tushirdik". “Navbahor” bosh murabbiyi vaqt biroz tig‘iz bo‘lishiga qaramasdan savollarimizga javob qaytardi.
- “Navbahor” adashmasam, 6 yanvardan Antaliyadagi yig‘inga kirishgandi. 43 kun mobaynida Turkiyada mavsumga tayyorgarlik ko‘rdinglar. Xo‘sh, barchasi siz uchun qoniqarli o‘tdimi?
- Yig‘indan ko‘nglimiz to‘ldi. Ishlash uchun shart-sharoitlar yetarli darajada bo‘lganini aytishim kerak. Bir qancha yaxshi raqiblarga qarshi to‘p surdik. Tarkibni shakllantirish yo‘lida ishladik. Chunki tarkibga ko‘plab futbolchilar jalb qilingan. Asosiy tarkibdan joy olish uchun endi yaxshi raqobat paydo bo‘lganini aytishim joiz. Bir so‘z bilan aytganda, yig‘in chog‘ida amalga oshirgan ishlarimizdan to‘la qoniqish hosil qildik.
- Ha, tarkibda bir muncha o‘zgarishlar bo‘ldi. Transfer oynasi yopildi. “Navbahor” ham bu borada faol bo‘ldi. Shu xususida o‘zingiz to‘liq ma’lumot berib o‘tsangiz.
- Jamoaga ancha tajribali futbolchilar kelishdi. Barcha chiziqlar uchun bizga raqobat kerak edi. O‘ylaymanki, mana shunday holatga erishdik. Asosiy e’tibor himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun futbolchilarni taklif qilish kerak edi. Bilasiz, yetakchilarimizdan Rustam Ashurmatov klubni tark etdi. Undan tashqari yana bir muhim o‘yinchilardan biri Boyan Siger ham ketgan. Bizga ularning o‘rnini to‘la egallay oladigan ijrochilar juda zarur edi. O‘ylaymanki, biz klubdan ketgan yigitlar o‘rnini munosib ravishda to‘ldira oladigan ijrochilarni tarkibga jalb qila oldik. Kimdir sharoit taqozosi tufayli ketdi, yana kimdir shartnomasidagi qulay takliflarni yaxshilash maqsadida boshqa klublardan joy olishni ma’qul ko‘rdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham biz transfer bozorida ancha faol ishtirok etdik.
- Eshitishimcha, Vladimir Kozak, Doniyor Abdumannopov kabi o‘yinchilarga limitdan ortib qolgani sababli tarkibdan joy yetmay qolibdi-a?
- Bu legioner limiti bilan bog‘liq masala emas. Bu yerda boshqa masalalar turibdi. Hamma qarorlar dolzarb edi va shundan kelib chiqqan holda qabul qildik. Bizda barcha qarorlar yigitlar bilan kelishilgan holda qabul qilinadi. Jamoamizda me’yorida yaxshi ijrochilar to‘planib ulgurdi, deb hisoblayman.
- Oston O‘runovning qaytishi chempionatimiz jozibasini ko‘tarishi kutilmoqda. Sizningcha, bu futbolchining Rossiyadagi faoliyati nima uchun ko‘ngildagidek chiqmadi? O‘runovni “Navbahor”ga ko‘ndirish siz uchun murakkab kechmadimi?
- Oston O‘runov bilan bog‘liq masala ijobiy hal etilganidan xursandman. U Rossiyada o‘ynab yurgan kezlarida yuqori mahoratga ega ekanligini isbotlay oldi. “Spartak” safiga jalb etilishi xazilakam ish emasdi. Bugungi “Navbahor”ga shunday ijrochining kelishi shak-shubhasiz jamoa o‘yinini kuchaytira olishi tayin. Ilgari u hali to‘liq tajriba to‘plamagan yosh ijrochi bo‘lgan bo‘lsa, endi u klubga ancha shakllangan ijrochi sifatida qaytdi. Bundan tashqari, O‘runov milliy terma jamoaning yetakchilaridan biri hisoblanadi. Men uni o‘zbek futbolidagi eng iqtidorli o‘yinchilardan biri deb bilaman. Tabiiyki, men undan maqomiga yarasha o‘yinni kutib qolaman.
- “Navbahor” “Mavsum-2022”ning kumush medali egasi sifatida Osiyo Chempionlar ligasida qatnashadi. Bu yil ham sizning boshchiligingizdagi klubning niyatlari juda jiddiy. OCHLdagi va chempionatdagi real maqsadlar haqida gapirsangiz.
- O‘z-o‘zidan klub oldiga qo‘yilgan vazifa avvalgidek bo‘lib qolaveradi. Ya’ni, “Navbahor” yangi mavsumda yaxshi natija ko‘rsatish uchun o‘ynaydi. Osiyo Chempionlar ligasiga kelsak, unda minimum vazifa guruhdan keyingi bosqichga chiqishdan iborat. Umuman aytganda, “Navbahor” o‘zi ishtirok etadigan barcha frontlarda maksimal natija ko‘rsatish uchun o‘ynaydi.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»