“Spetsiya”ga yangi bosh murabbiy tayinlangani rasman e’lon qilindi. Endi jamoani A Seriyada olib qolish vazifasi Leonardo Semplichiga yuklatildi. Agar bu mutaxassis oldiga qo‘yilgan talabni bajara olsa, ikki yil davomida “Spetsiya”ni boshqarish imkoniga ega bo‘ladi.
Yangi bosh murabbiy klubga o‘zining yordamchi murabbiylari bilan keldi. Mavsumni oxirigacha Andrea Konsumi, Yuriy Fabbritssi, Rossano Kazoni va Alessio Rubichini italiyalik mutaxassisga jamoani muhim o‘yinlarga tayyorlashda yordam beradi.
Italiya futboli ekspertlari “Spetsiya” o‘yin uslubida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi va murabbiylar shtabi qaysi futbolchilarga ko‘proq suyanishi haqida tahlillarni bera boshladi.
Shu o‘rinda, Eldor Shomurodov muxlislarini legionerimizga munosabat qanday bo‘lishi qiziqtirmoqda. Chunki hujumchimizni “Spetsiya”ga bosh murabbiylikdan olingan Luka Gotti taklif qilgan edi.
Italiya futbolini yoritayotgan https://www.calcionews24.com sayti mutaxassislari yangi bosh murabbiy tarkib tanlashda Eldor Shomurodovni ilk daqiqalardan o‘ynatmaydi, degan taxminni ilgari suryapti.
Mazkur sayt Leonardo Semplichi 26 fevral kuni safarda “Udineze”ga qarshi bahs uchun 4-2-3-1 sxemasini tanlashini ta’kidlayapti. Yangi bosh murabbiy debyut uchrashuvida hujumda jamoa to‘purari Mbala Nzoladan foydalanmoqchi ekan. Oldingi chiziqda unga Danieele Verde, Kevin Agudelo va Emmanuel Gyassi yordam berishi kutilyapti.
Umuman olganda, https://www.calcionews24.com bo‘lajak o‘yinga quyidagicha tarkibni kutyapti:
“Spetsiya” (4-2-3-1): Dragovski; Amyan, Ampadu, Nikolau, Retsa; Burabiya, Ekdal; Gyasi, Agudelo, Grin; Nzola.
Taniqli jurnalist Janluka di Marsioga tegishli https://gianlucadimarzio.com saytida faoliyat yuritayotgan ekspertlar tahlilga chuqurroq yondashdi. Ular Semplichi avvalgi jamoalari, xususan SPAL va “Kalyari”da qo‘llagan o‘yin sxemalarini o‘rganib chiqdi.
Unga ko‘ra, Leonardo Sempilichi katta ehtimol bilan “Spetsiya” futbolchilari ko‘nikkan 3-5-2 sxemasidan foydalanadi. Luka Gotti ham mavsum davomida shogirdlarini shu uslubda o‘ynatib keldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Semplichi vaziyatga qarab, 3-5-1-1 taktik sxemasidan ham keng foydalanadi. Har ikki sxemada ham asosiy og‘irlik maydon markaziga, xususan, har ikki qanot yarim himoyachilariga tushadi. Bundan tashqari, pleymeyker hujumchilarni qulay vaziyatga chiqarish uchun ancha ter to‘kishi talab etiladi.
Biz uchun qiziq bo‘lgan jihati hujum chizig‘idagi vaziyat. Hozir “Spetsiya”da asosiy ampluasi markazi hujumchi bo‘lgan uch nafar futbolchi – Mbala Nzola, Eldor Shomurodov va Raymonds Krollis bor. Ular orasida 21 yoshli Krollis hali ancha tajribasiz. Mbala va Shomurodovning kuchli beshlik chempionatlarida “suyagi qotib” bo‘ldi.
Jamoa to‘purari Nzola hujum markazidan tashqari faqat o‘ng qanotda o‘ynay oladi. Shomurodovning ustunligi shundaki, legionerimiz har ikki qanot hujumchisi vazifasini ham to‘liq uddalay olishini “Roma”dagi o‘yinlarida ko‘rsatgan.
Semplichi qo‘llaydigan har ikki taktikada ham Shomurodov va Nzoladan bir vaqtning o‘zida foydalanish mumkin.
Yana ikki hujumkor futbolchidan biri Daniele Verde o‘ng qanotda va Emmanuel Gyasi esa chap tomondan hujum tashkil qilishda yetakchi hisoblanadi.
Mutaxassislar Eldor Shomurodovga xos bo‘lgan mehnatkashlik, kurashuvchanlik, tezkorlik, yaxshi texnika va dribling egasi ekani legionerimizga yangi murabbiylar shtabi ishonchini qozonishida qo‘l keladi. Qolaversa, “Spetsiya” bir necha oy uchun katta summa – 1,5 million yevro to‘langan futbolchini zaxiraga o‘tqazib qo‘ymaydi.
“Spetsiya” yangi murabbiydar qo‘l ostidagi ilk uchrashuvini 26 fevral kuni safarda “Udineze”ga qarshi o‘tkazadi. Bu bahs Toshkent vaqti bilan 22:00 da start oladi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring