Xabaringiz bor, 5 mart kuni tongda “UFC 285” turniri tashkil etiladi va uning markaziy jangida og‘ir vazn toifasi vakili Sirill Gan va ushbu divizionda debyutini amalga oshiradigan sobiq yarim og‘ir vazn toifasi chempioni, uzoq tanaffusdan so‘ng yana qaytayotgan Jon Jons oktagonga ko‘tariladi. Biz an’anaga muvofiq ushbu qarama-qarshilik borasida o‘zbek yakkakurash olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.
Hojiakbar Hakimov – Grepling va Pankration assotsiatsiyasi raisi
- Ikkisi ham juda kuchli va o‘z ishining ustalari sanaladi. Imkoniyatlarni 50/50 deya baholagan bo‘lardim. Chunki, Jons og‘ir vazn toifasida ilk jangini o‘tkazadi. Qolaversa, faoliyatida uzoq tanaffus yuzaga keldi. Bu qaysidir ma’noda unga salbiy jihatdan ham ta’sir qilishi mumkin. Gan esa o‘zining divizionida jang qiladi. Umuman olganda, og‘ir vazn toifasida bitta zarba ham barchasini hal qilib qo‘yishi mumkin. Hammasi o‘sha kuni oktagonda hal bo‘ladi.
Farruh Madaminov – murabbiy
- Yaxshi jang bo‘ladi. Ikkisi ham kuchli jangchilar va o‘z o‘rnida anchagina mukammal atletlar, deb aytishimiz mumkin. Biroq, baribir klass borasida Jon Jons ustunroq va u mazkur jangda g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman. Imkoniyatlarni 60/40 deya baholagan bo‘lardim.
Amin Ergashev – MMA jangchisi
- Bu jang haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, Jonsda biroz ustunlik bor deb o‘ylayman. Chunki, u mag‘lubiyatga uchramagan. To‘g‘ri, rekordida taqiqlangan zarba tufayli, diskvilifikatsiya bor. Ammo, uni shu kunga qadar xech kim mag‘lub etishni uddalay olmadi. Biroq, boshqa tarafi u og‘ir vaznga o‘tdi va faoliyatida 2-3 yillik tanaffus yuzaga kelgan. Bu uning foydasi va zarariga ishlashi ham mumkin. Foyda tomoni, u jangni juda sog‘ingan va katta ishtiyoq bilan harakat qiladi. Zarar tomoni esa oktagonni xis qilish qobiliyati sustlashgan bo‘lishi mumkin. Sirill Gan ham yaxshi jangchi u Ngannuga mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, Tay Tuyvasani yutdi va bu bahsga jiddiy hozirlik ko‘rgani aniq. Ammo, baribir Jonsda yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, biroz ustunlik bor. Imkoniyatlarni 55/45 deya baholagan bo‘lardim. Albatta, Jons foydasiga!
Hasan Baratov – kikboksing va MMA jangchisi
- Menimcha bir-biriga munosib raqiblar, deb o‘ylayman. Jang haqida gapiradigan bo‘lsak, Jons biroz kuchliroq, deb o‘ylayman. Chunki, u juda tez va ayyor jangchi. Ammo, har qanday jangda kim qanday tayyorgarlik jarayonini boshdan kechirgan bo‘lsa, kim yaxshi jismoniy holatga ega bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi.
Husan Baratov – kikboksing va MMA jangchisi
- To‘g‘risi, juda qiziqarli jang bo‘ladi, deb o‘ylayman. Gan ham yaxshi jangchi! Lekin bu to‘qnashuvda baribir Jon Jonsning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim. U bekorga mag‘lubiyatsiz seriyaga ega emas!
Asror Anvarjonov - MMA jangchisi (Havaskorlar o‘rtasida jahon chempioni)
- Zo‘r jang bo‘ladi. Jon Jons qanday jangchi ekanligini hozirga qadar isbotlab kelmoqda. To‘g‘ri, uzoq tanaffus qildi. Biroq, bu tanaffus uning mahoratini pasaytirib qo‘ydi, deb o‘ylamayman. Gan ham oson taslim bo‘ladiganlar toifasidan emas. U jiddiy qarshilik ko‘rsatishga qodir. Shunday bo‘lsa-da, baribir Jonsda ustunlik bo‘ladi, degan fikrdaman. Imkoniyatlarni 55/45 degan bo‘lardim.
Humoyuddin Muxtorov – MMA jangchisi
- Menimcha bu jang to‘liq davom etadi. Sirill Ganni kardiosi va jismoniy holati juda yaxshi. Jonsda anchagina tanaffus bo‘ldi, bu unga qanday ta’sir qilganiga bog‘liq. U o‘sha Tyago Santos, Dominik Reyesga qarshi so‘ngi janglarida u qadar yaxshi ko‘rinmagandi. Qolaversa, og‘ir vaznda debyut qiladi. Shuning uchun qiyinchiliklar bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, imkoniyatlarni 50/50 deya baholagan bo‘lardim.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring