Timur Kapadze: "Paxtakor"ga qaraganda yaxshiroq o‘yin namoyish etdik va haqli g‘alabaga erishdik"
Coca-Cola Superligasining 1-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" — "Olimpik" uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze uchrashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘yin haqida
- Avvalambor, yangi mavsum boshlangani bilan barchani tabriklayman! O‘ylaymanki, mavsum har taraflama yaxshi o‘tadi. "Paxtakor"ga qaraganda yaxshiroq o‘yin namoyish etdik va haqli g‘alabaga erishdik. Uch ochko bilan yigitlarimizni tabriklayman. Bu bizga kelgusida o‘yinlarda kuch bag‘ishlaydi.
- "Paxtakor"ga ustunlikni saqlab qolish qiyin bo‘ldi, ayniqsa, 2-bo‘limda...
- "Paxtakor" kuchli jamoa. Albatta, qayerdadir xato qildik va ulgurmagan vaziyatlarimiz bo‘ldi. Bizda ham, raqibda ham qulay imkoniyatlar yuzaga keldi. Shunga qaramasdan, oxirigacha bardosh bera oldik va g‘alaba qozondik.
- Birinchi bo‘lim yakunlangach, Mirsaidov va Turg‘unboyevga nima dedingiz?
- Maydon ichidagi narsa maydon tashqarisiga chiqmasligi kerak. Bir-biridan xafa bo‘lmasligi uchun ularni yarashtirib qo‘ydim.
- "Olimpik" ko‘pincha uzoq masofadan gol o‘tkazib yuboradi. Bu muammo qachon hal bo‘ladi deb o‘ylaysiz?
- Yigitlar hali yosh. Bu bo‘yicha ish olib borilyapti. Albatta, bunday holatlar uchrab turadi. Standartga kelsak, o‘yinlarda uchrab turadigan holat sanaladi. Ikkinchi gol sodir bo‘lgan vaziyatni esa qayta ko‘rib chiqamiz va darvozabonlar murabbiyining fikrini ham tinglaymiz.
- Rahbariyat jamoaga alohida maqsad qo‘yganmi?
- Biz har doim yuqori maqsadlarni ko‘zlaymiz. Shunga yarasha ish olib boramiz, yakunda natija qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
- Jasur Jaloliddinov pressinglarda unchalik qatnashmasligini inobatga olsak, "Olimpik" unga moslashadimi yoki u "Olimpik"gami?
- Jasurni hammamiz yaxshi bilamiz. U o‘z o‘yinini ko‘rsatsa, jamoaga foyda keltiradi. U ham jamoaga, jamoa ham unga moslashishi lozim. Jasur jismoniy tarafdan kuchayib boradi degan umiddaman. 2-3 turdan keyin umuman boshqa Jasurni ko‘ramiz deb o‘ylayman.
- Jaloliddinovni yangi pozitsiyada o‘ynatdingizmi?
- U o‘z vazifasini to‘liq bajara oldi. Jasurning o‘ziga xos xislatlari bor. Biz bundan foydalanishimiz joiz. Jaloliddinov terma jamoaning ham yetakchilaridan biri sanaladi. U maydonda ma’lum vazifalarni bajardi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring