08:58 / 10.03.2023
377

Agar "Nasaf" ikkinchi o‘yinda ham o‘xshamasa... yoxud "Turon"ning osmonida qora bulutlar to‘planyaptimi?

Agar "Nasaf" ikkinchi o‘yinda ham o‘xshamasa... yoxud "Turon"ning osmonida qora bulutlar to‘planyaptimi?

1-turda yaralangan ikki jamoa 2-turda o‘zaro kuch sinashishadi. Gap “Nasaf” bilan “Turon” klublari haqida ketmoqda.

Yaxshi bilasiz, “Nasaf” o‘z uyida “Andijon”ni qabul qilib 0:1 hisobida yutqazib qo‘ydi. “Turon” esa o‘z maydonida o‘z bilan birga pro ligadan talashib chiqqan “Buxoro”ni qabul qilib 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ahamiyatlisi, “Turon” ikkinchi bo‘lim boshlangach, ko‘p o‘tmay maydonda son jihatdan ustunlik qila boshladi. “Buxoro” futbolchisi maydondan chetlatilgandi. Shunda ham “Turon” ikkinchi golni o‘tkazib yuborib, juda alamli va muxlislarini ranjitadigan darajadagi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. O‘sha uchrashuvdan so‘ng “Turon” ustozi Baxtiyor Ashurmatov ham bu mag‘lubiyatni uyatli deb hisobladi va og‘ir qabul qildi. O‘z navbatida “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev Qarshidagi mag‘lubiyatni izohlar ekan, o‘yin raqib jamoaning rejasi asosida o‘tganini alohida ta’kidladi.

Xullas, ikkala jamoa o‘z ishqibozlari qarshisida yoqimsiz holatga tushib qoldilar. Taqvimga ko‘ra, “Nasaf” ketma-ket ikkita uchrashuvni o‘z maydonida o‘tkazadi. Bu safar ham Qarshiga vodiydan jamoa kelyapti. Garchi Berdiyev shogirdlari ilk turda o‘z uyida yutqazganiga qaramay, jamoaning salohiyatidan kelib chiqib navbatdagi bahsda ham “Nasaf”ning imkoniyati “Turon”nikiga qaraganda yuqori baholanmoqda. Boz ustiga ular yana mezbon.

Ushbu juftlikda ayniqsa, “Turon” yana qiyinchiliklarga ro‘baro kelishi taxmin qilinyapti. Go‘yoki, ularning osmonida qora bulutlar to‘planayotgandek. To‘g‘ri, Ashurmatov jamoasi o‘tgan turda juda uyatli mag‘lubiyatini yuvish uchun “Nasaf” maydonida ijobiy natijaga erishishini muxlislari istamoqdalar. Ammo bu o‘ta mushkul vazifa ekanini ular juda yaxshi bilishyapti. Bir tomondan, “Andijon” uddalagan ishni “Turon” uddalay olmaydimi, deya o‘ylayotganlar bor. Ammo farqi shundaki, “Nasaf” o‘z uyidagi ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyatga rozi bo‘larmikin? Hamma gap mana shunda. Agarda 2-turda ham qarshiliklar yana ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, u holda chindan “Nasaf”da inqiroz boshlangan deb hisoblasak bo‘laveradi.

Berdiyev boshchiligidagi klub oxirgi marta rasmiy uchrashuvda qachon g‘alaba qozonganini bilasizmi? 2022 yilning 3 noyabr kuni Qarshida “Dinamo”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. Shundan so‘ng o‘z uyida “Neftchi”ga, Toshkentda esa “Olimpik” jamoasiga yengildi. 19 fevral kuni bo‘lsa Osiyo Chempionlar ligasi 1\8 finalida Qatarda Saudiya Arabistonining “Ash-Shabab” klubiga mag‘lub bo‘ldi, undan keyin esa “Andijon”ga. Ko‘rib turibsizki, “Nasaf”ning o‘yinida qandaydir muammolar bordek. Biroq yangi mavsum endi boshlanganini ham unutmaylik. Yana bir gap: Ro‘ziqul Berdiyev o‘sha “Andijon”ga boy berilgan bahsdan keyingi matbuot anjumanida yaxshi hamki bu chempionatning boshi deb aytib o‘tdi. Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, qarshiliklar ilk turdagi mag‘lubiyat alamini “Turon”ga qarshi o‘yinda olmoqchi.

Aslida “Turon” Qarshiga yaxshi kayfiyatda kelishi kutilgandi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, rejasi chippakka chiqdi. Ashurmatov mavsum boshidanoq qiyin vaziyatga tushib qolishini kim o‘ylabdi deysiz?!

O‘zaro o‘yinlarda ham ustunlik “Nasaf”da. 2021 yili chempionatda ilk bor to‘qnashishgan. O‘sha mavsumda ikki bor bellashishgan va tabiiyki, “Nasaf” yaqqol ustunlik qilgan. Qarshida 4:0 hisobida “Turon” tor-mor keltirilgan. Yaypanda esa “Nasaf” javobsiz 2 ta gol urgan. O‘zaro o‘yinlar tarixi olislarga borib taqalmasa-da, hozircha Berdiyev jamoasi yaqqol ustunlikka ega. “Turon” hali “Nasaf” darvozasini ishg‘ol ham qila olmagan.

"Nasaf" - "Turon" uchrashuvi 12 mart kuni, Qarshidagi "Markaziy" stadionda soat 18:30 da boshlanadi.

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Agar "Nasaf" ikkinchi o‘yinda ham o‘xshamasa... yoxud "Turon"ning osmonida qora bulutlar to‘planyaptimi?