Bugun tunda “Spetsiya” jamoasi “Inter”ga qarshi o‘yin bilan A Seriyaning 26-tur uchrashuvlarini ochib beradi.
Bo‘lajak bahs Liguriya jamoasini qabul qilib olgan Leonardo Semplichi uchun haqiqiy yangi sinov bo‘ladi. Chunki avvalgi ikki uchrashuvdagi raqiblar – “Udineze” va “Verona”ning darajasi top-klubga tortmasligi kundek ravshan.
“Inter” umuman boshqa saviyadagi klub. Avvalgi raqiblardan farqli ravishda milanliklar faqat yuqori maqsadlar uchun kurashadigan jamoa hisoblanadi.
O‘yin boshlanishi oldidan har ikki jamoa murabbiylari tarkib va taktika masalasida g‘oyibona raqobatlashadi. Futbol ekspertlari esa, ularning harakatlarini tahlil va taxmin qilish bilan shug‘ullanadi.
“Spetsiya” faoliyatini yoritib kelayotgan https://www.cittadellaspezia.com sayti eksperti Nikolo Pasta Leonardo Sempilichi va Simone Indzagi qo‘llaydigan taktikalarni tahlil qilib chiqdi. Ekspertning yozishicha, Semplichi o‘zi ko‘nikkan va yoqtirgan 4-3-3 sxemasidan foydalandi. Lekin tarkibda muayyan o‘zgarishlarni amalga oshiradi.
Xususan, ikkita durangdan keyin g‘alabani ko‘zlab turgan murabbiy “Inter”ga qarshi o‘yinga ilk daqiqalardan Eldor Shomurodovni tushirishni mo‘ljallayotgani aytilmoqda. Har holda bu hamyurtimiz uchun yaxshi xabar. Chunki Semplichi kelganidan keyin Eldorni zaxiraga o‘tqazib qo‘ygandi.
Shomurodov boshlang‘ich tarkibdan joy olgan taqdirda chap qanotda joylashadi va markaziy hujumchi sifatida to‘p tepadigan Mbala Nzolani qo‘llab-qavvatlab turadi. O‘ng qanotda bu vazifani Emmanuel Gyasi bajaradi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, Leonardo Semplichi vaziyatga qarab, oldinda ikki hujumchi o‘ynaydigan 3-5-2 sxemasidan ham foydalanishi mumkin. Bu vaziyatda Eldor Shomurodov asosiy to‘purar Nzola bilan birga markaziy hujumchi sifatida to‘p tepadi.
Shu o‘rinda, legionerimizda “Inter”ga qarshi o‘ynash tajribasi borligini ta’kidlash lozim. Eldor A Seriya doirasida “Jenoa” va “Roma” safida milanliklarga qarshi to‘rt marotaba maydonga tushgan. Shu uchrashuvlarning bittasini boshlang‘ich tarkibda boshlagan va uch bor zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan.
“Inter” bilan bo‘ladigan o‘yinda “Spetsiya” tarkibida jiddiy yo‘qotishlar bor. Asosiy himoyachilardan Arkadiush Retsa diskvalifikatsiya tufayli jamoasiga yordam bera olmaydi. Mudofaa vakillaridan Emil Xolm, Joau Moutino, yarim himoyachi Simone Bastoni jarohatdan to‘liq qutilgani va sport formasini yetarli darajada tiklab olgani yo‘q.
O‘z navbatida, “Inter” bosh murabbiyi Simone Indzagi ham taktika va tarkibda o‘zgarishlar qilishga majburligi aytilmoqda. Chunki 14 mart kuni milanliklarni Chempionlar ligasi nimchorak final javob uchrashuvi doirasida Portugaliyada “Portu”ga qarshi o‘ta murakkab to‘qnashuv kutib turibdi. Ayni paytda milanliklar uchun nufuzli xalqaro turnir birlamchi ahamiyatga ega.
Shu bois, Indzagi Liguriyadagi bahsda zaxira kuchlarini sinovdan o‘tkazib olishi kutilyapti. Xususan, darvozani Samir Xandanovich egallaydi. Shuningdek, Matteo Darmian, Franchesko Acherbi, Marselo Brozovich, Romelu Lukaku kabi futbolchilarga ham ilk daqiqadan imkoniyat beriladi.
Nikolo Pasta taxminiy tarkiblarni quyidagi tuzdi:
“Spetsiya” (4-3-3): Dragovski; Amyan, Ampadu, Kaldara, Nikolau; Espozito, Ekdal, Agudelo; Gyasi, Nzola, Shomurodov.
Bosh murabbiy: Leonardo Semplichi.
“Inter” (3-5-2): Xandanovich; Darmian, Acherbi, Bastoni; Damfris, Barella, Brozovich, Mxitaryan, Dimarko; Lautaro, Lukaku.
Bosh murabbiy: Simone Indzagi.
“Spetsiya” va “Inter” o‘rtasidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan bugun tunda, soat 00:45da boshlanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring