"Metallurg" ustozi: "Yaqin kunlarda "Navbahor" bosh murabbiyi Ibragimovdan uzr so‘rashini kutib qolaman"
Yangi mavsum qaysi jamoa uchun ayniqsa omadsiz boshlanganini ko‘pchilik yaxshi biladi. Ikkita turdan keyingi natijalarga qarasak, “Metallurg” 1-turda ham, 2-turda ham raqiblariga bir xil 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va muxlislarini ranjitib qo‘ydi.
Ispaniyalik bosh murabbiy Luisma Ernandes ham jamoasining bunday salbiy natija bilan start olishini kutmaganligi rost. Ammo taqvimning dastlabki turlarida bekobodliklar vodiyning ikki yetakchisi – “Neftchi” hamda “Navbahor”ga qarshi maydonga tushishiga to‘g‘ri kelib qoldi.
Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, “Metallurg”da gol yo‘q va o‘z darvozasidan 6 ta to‘p olib chiqdi. Bunday muvaffaqiyatsiz startdan keyin klub ustoziga nisbatan yana savollar ko‘payishi tabiiy. Namangandagi o‘yindan keyin ham Ernandesga quyidagi savollar berildi va javobi quyidagicha:
- “Neftchi” bilan o‘yindan keyin ham mavsumga tayyorgarlik ko‘ngildagidek bo‘lmadi, deyapsiz. Buni qanday izohlash mumkin? Murabbiy sifatida jamoaga o‘zingiz javobgarsiz-ku!
- Albatta, bu bahona yoki sabab bo‘lmaydi. Bosh murabbiy jamoa va natija uchun javobgar shaxs hisoblanadi. Ba’zi-bir faktorlar borki, bu mening mas’uliyatimga kirmaydi. Shuni ham hisobga olishlaring kerak. Klub tomonidan biroz muammolarimiz bor va umid qilamanki, yaqin kunlarda bu muammoni yechamiz. Yana bir sabab shundaki, himoya chizig‘imizdagi ayrim o‘yinchilarimizda jarohatlar bor. Bu narsa ham hozirgi kunda o‘yinimizni yaxshi chiqmayotganiga sabab bo‘lyapti.
- Ibragimov qizil kartochka oldi. Undan oldingi bahsda Kasminin chetlatilgandi. Jamoadagi tartib-intizom qanday?
- Albatta, “Navbahor”ni va uning muxlislarini g‘alaba bilan tabriklayman. Ibrohim Ibragimovni qizil kartochkasiga kelsak, o‘sha holatdagi vaziyat bo‘yicha “Navbahor” bosh murabbiyini yaqin kunlarda Ibragimovdan uzr so‘rashini kutib qolaman. Bu narsa feyr-pleyga kirmaydi. Bu mening shaxsiy fikrim.
Biz faqatgina qattiq mehnat qilishda davom etamiz. Klub oldiga qo‘yilgan maqsad bor. Shunga erishish bo‘yicha harakat qilamiz. O‘tgan yilgi natijadan ko‘ra, yaxshirog‘ini qo‘lga kiritmoqchimiz. Bu narsaga erishish uchun faqatgina mehnat qilamiz.
- Rahbariyat sizdan tezroq natija ko‘rsatishni talab qilayotgandir...
- Faqatgina bu yerda emas, butun dunyoda shunaqa.Rahbariyat faqat natijani talab qiladi.
Bekobodliklar navbatdagi turni 19 mart kuni o‘z maydonida "Qizilqum" jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Ketma-ket ikkita yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan so‘ng endi "Metallurg" oldida g‘alabadan boshqa yo‘li qolmaganligi ko‘rinib turibdi. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring