Bugun Superligada 3-tur bahslari boshlanadi. Hali g‘alaba qozonmagan va mag‘lub bo‘lmagan klublar bor. Ayniqsa, amaldagi chempion – “Paxtakor”ning dastlabki ikkita turda raqiblariga yutqazib qo‘ygani va startni bu kabi omadsiz boshlashi kutilmagan holat.
3-turda “Paxtakor” uyida turnir jadvalida favorit bo‘lib turgan “Navbahor”ni qabul qiladi. Bu Samvel Babayan jamoasining ilk safar uchrashuvidir. Ular ikkita turni Namanganda o‘tkazib raqiblarini 3:0 hisoblarida yutdi. Qolaversa, yana boshqa qiziqarli juftliklar ham bor.
Taniqli mutaxassislardan biri Ja’far Irismetov 3-tur oldidan jamoalarning imkoniyatlarini baholadi.
17 mart
“Olimpik” – OKMK
- “Olimpik” – OKMK ishtirokida juda qiziqarli o‘yinni kutyapman. O‘tgan turda OKMK kutilmaganda yutqazib qo‘ydi. “Bunyodkor”ni bo‘sh demoqchi emasman. Bu uchrashuvda OKMK jamoasida motivatsiya kuchli bo‘ladi. Agar yana ochko yo‘qotiladigan bo‘lsa, yetakchilardan qolib ketish xavfi bor. Chunki bu mavsumda olmaliqliklar ham chempionlik uchun kurashsa kerak. “Olimpik” ijrosida ham qiziq o‘yin ko‘ryapmiz. “Paxtakor”ni yutdi. 2-turda “So‘g‘diyona”ga qarshi 10 kishi bo‘lib qolganida ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi, g‘alabaga mos o‘ynadi. Fikrimcha, “Olimpik” – OKMK o‘rtasidagi imkoniyat 50\50. Superligada “Olimpik” futbolchilari ancha o‘sdi. OKMKda tajribali o‘yinchilarning va ijrochilarining borligi ularga tashabbusni taqdim qilishi mumkin.
“Buxoro – “Nasaf”
- Shaxsan “Nasaf”ni ikkita, “Buxoro”ning bitta o‘yinini ko‘rdim. “Buxoro” birinchi uchrashuvda yaxshi taassurot qoldirgandi. O‘shanda murabbiyning xohlagan uslubi, o‘yindagi chizmasi ko‘rinib turgandi. Ikkinchi uchrashuvini ko‘ra olmadim. “Nasaf” o‘zining uslubida ko‘p hujumlar qilyapti. Ammo bu natija berishi qiyin bo‘lyapti. Menimcha, hujumchilar yetishmasligidan shunday bo‘lsa kerak. Nazarimda, ushbu bahsda “Nasaf”ning qo‘li baland keladi. Chunki ularga orqaga yo‘l yo‘q. Imkoniyatlarni taxminan 40\60 degan bo‘lardim. Mavsum boshi ekanini hisobga olsak shunday baholayman. “Nasaf” baribir tarkib bo‘yicha kuchliroq.
“Paxtakor” – “Navbahor”
- Ikkala jamoaning ikkitadan o‘yinlarini kuzatdim. Hozircha “Paxtakor” iliq taassurot qoldirmayapti. O‘yinning o‘zi yo‘q, futbolchilarning mahorati hisobiga kurashishyapti. Lekin bu kamlik qilyapti. Maksim Shatskix va uning murabbiylar shtabi bo‘lajak uchrashuvdan ko‘p narsa kutilayotganini tushunib turishibdi. Ammo rahbariyat bu o‘yin ham yutqazilsa kechirmasligi mumkin. “Paxtakor”da bunday start hech qachon bo‘lmagan. O‘yinchilarning o‘zida ham motivatsiya kuchli. Oxirgi 4-5 yil ichida “Navbahor” “Paxtakor” bilan juda jiddiy raqobat hosil qilib kelmoqda. Hali “Navbahor”da ham o‘yin bo‘yicha nimadir deyishim qiyin. Ammo ikkita uchrashuvda futbolchilarning mahorati natija berdi. Raqiblarini 3:0 dan yutishdi. Himoyada muammo bo‘lmayapti. Hali gol o‘tkazib yuborishgani yo‘q. Imkoniyatlar 50\50. Balki “Navbahor”da biroz tashabbus bo‘lishi mumkin. Namangandan ko‘plab muxlislar kelsa kerak. Shuning hisobiga “Navbahor”da ozgina ustunlik sezilishi mumkin. Lekin “Paxtakor”ning hozirgi ahvolidan kelib chiqib, biror-bir klubga ustunlik berishim qiyin. Bu yerda ham ko‘p narsa o‘yinchilarning “nastroy”iga bog‘liq bo‘ladi. Qolaversa, bunday uchrashuvlarda ko‘p narsa xarakterga ham bog‘liq.
18 mart
“So‘g‘diyona” – “Neftchi”
- Nima desam bo‘ladi? “Neftchi”ning ikkala uchrashuvini ko‘rdim. Levchenko yaxshi jamoa tuza oldi, deb hisoblayman. Ko‘rganlarim orasida eng jamoaviy va tartibli o‘yin ko‘rsatayotgani “Neftchi” bo‘lsa kerak. Murabbiyni to‘liq ko‘rsatmalarini bajarishyapti. U yerda yaqqol ajralib turgan o‘yinchini hozircha ko‘rmadim. Lutfulla To‘rayev va Anvar G‘ofurov jarohat olgan. Liderlar yo‘qligini bildirishmasdan ikkita o‘yinda ham yutishdi. “Neftchi” ko‘tarilyapti va yutsa kerak, deb o‘ylashlari mumkin. Lekin “So‘g‘diyona”ning ikkita uchrashuvdagi muvaffaqiyatsizligi murabbiyga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ayniqsa, yana yutqazib qo‘ysa. Yorqin Nazarov bor mahoratini ishga solib yutishga harakat qiladi. Menimcha, durang bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu juftlikda kimgadir g‘alabani berish juda qiyin.
“Andijon” – “Bunyodkor”
- “Andijon” garchi o‘z maydonida o‘ynamasa ham Andijondan muxlislari kelib qo‘llab-quvvatlaydi, deb o‘ylayman. “Surxon” bilan ham yomon o‘yin ko‘rsatmadi. “Nasaf”ni yutib kelgan uchrashuvini ko‘rgandim. Ammo hali o‘yini bor deb o‘ylamayman. “Surxon”ga qarshi bellashuvini ko‘ra olmadim. Ancha gap-so‘zlar bo‘lganini eshitdim. “Bunyodkor”ni ham kuzatdim. Tarkibi yosh bo‘lishiga qaramasdan murabbiylar - Murod Otajonov va Hikmat Hoshimov yaxshi tandemda ish olib borishyapti. Nazarimda, bu yerda durang bo‘lsa kerak. Ikkalasi ham bir-biriga mos jamoa.
19 mart
“Metallurg” – “Qizilqum”
- To‘g‘risini aytsam, ikkita bir-biriga mos jamoa. O‘ylashimcha, “Metallurg”ning qo‘li baland keladi. Minimal hisobda yutsa kerak. “Qizilqum”ning o‘yinini kuzatmadim. Bekobodliklarning esa ikkala uchrashuvini ko‘rdim, juda bo‘sh. Ammo bo‘lajak bahsga murabbiy jamoani tayyorlay olsa kerak va kichik hisobda “Metallurg” yutadi, deb o‘ylayman. Ular dastlabki ikkita turni bir xil 3:0 hisobida yutqazishdi. Murabbiy himoyaga yanada e’tibor qaratadi va gol urishga harakat qilishadi. Balki 1:0 hisobi kuzatilishi mumkin.
“Turon” – “Surxon”
- “Turon” ketma-ket ikkita uchrashuvda mag‘lub bo‘ldi. O‘ylashimcha, “Buxoro” bilan uchrashuvda futbolchilar bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatovning ko‘rsatmalarini bajarishmadi. Natijada birinchi turda o‘z uyida “Buxoro”ga yutqazib qo‘yishdi. Ikkinchi uchrashuvda “Nasaf”ga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatishdi. Himoyaviy o‘ynab, xavfli qarshi hujumlarga o‘tishdi. Faqat omad kelmadi. U yerdan bir ochko bilan qaytishi kerak edi. Fikrimcha, ushbu bahsda “Turon”ning qo‘li baland keladi. Chunki “Turon”ning potensiali bor. “Surxon”ni hali ko‘rmadim. Shu bois ular haqida biror narsa deyishim qiyin. Ammo o‘tgan turda “Andijon”ni yutdi. Baribir “Turon” ustun kelsa kerak.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring